Rishton tumanida yaponiyalik hamkorlar bilan birga monomarkaz tashkil etiladi

18:37 04 Noyabr 2022 Jamiyat
519 0

Foto: Xalq so‘zi

Maʼlumki, 2019-yili Fargʻona viloyatining Rishton tumani va Yaponiyaning Kioto prefekturasi Maydzuru shahri oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolangan edi.

Oʻtgan vaqt mobaynida Rishton-Yapon hamkorligi sifat jihatdan yangi bosqichga chiqib, bir necha marotaba oʻzaro delegatsiyalar almashildi. Milliy hunarmandchilik, tadbirkorlik, iqtisod, madaniyat va yoshlar siyosati sohasida faol hamkorlik yoʻlga qoʻyildi.

Shu kunlarda Rishton va Maydzuru shahri oʻrtasida imzolangan memorandum doirasida ikki birodarlashgan hudud oʻrtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida kunchiqar yurtdagi ushbu shahar hokimligi vakillari - Xiroshi Kodzima, Sunouti Yoshinori, Kuba Marino Rishton tumaniga tashrif buyurdi.

Maydzuru shahri bilan imzolangan memorandumga koʻra, 2023-yili yana bir guruh oʻquvchilar Yaponiya granti asosida mazkur davlat taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilinadi. Buning uchun joriy yilning dekabr oyida maxsus imtihonlar oʻtkaziladi. Unda eng yuqori koʻrsatkichlarga ega boʻlgan oʻquvchilar grantga ega boʻladi.

Oʻz navbatida Rishton tumanida monomarkaz tashkil etish, unda tahsil olganlarni Yaponiyada ishlash huquqiga ega boʻlishi borasida ham muzokara oʻtkazildi. Tibbiyot texnikumini bitirgan va yapon tilini mukammal oʻrgangan rishtonlik hamshiralarga Maydzuruda ishlash imkoniyatini yaratish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

Yuzma-yuz muloqotlarda yaponiyalik tibbiyot xodimlarining Rishton tumaniga kelib, mahorat darslari oʻtkazishi borasida Maydzuru shahar hokimligi vakillari amaliy yordam berishga tayyor ekanliklarini maʼlum qilishdi.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?