Rixiati Salih NAJIB: “Buxoroning 2020-yilda islom madaniyati poytaxti, deb eʼlon qilingani barchamiz uchun muhim voqeadir”

Maʼlumki, dunyodagi sanoqli sharif shaharlardan biri sanalgan Buxoro 2020-yilda “Islom madaniyati poytaxti” deb eʼlon qilingan. Shu munosabat bilan 13 — 17-aprel kunlari yurtimizda xalqaro miqyosda nufuzli anjuman boʻlib oʻtishi kutilmoqda. Unda Islom hamkorlik tashkiloti, YUNESKO mutasaddilari, jahonning taniqli tarixchilari, sharqshunoslari, din ulamolari ishtirok etadi.
Mazkur anjumanga koʻrilayotgan tayyorgarlik ishlari bilan tanishish maqsadida mamlakatimizga tashrif buyurgan Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha Islom tashkiloti (ISESCO) rahbarining birinchi oʻrinbosari Rixiati Salih Najib boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari Buxoroda boʻlishdi. Nufuzli mehmondan taassurotlari haqida eksklyuziv intervyu oldik.
— Buxoro shahrining “Islom madaniyati poytaxti” degan nufuzli maqomga ega boʻlgani nafaqat Oʻzbekiston, oʻzbek -xalqi, balki biz uchun ham muhim voqeadir, — deydi janob Rixiati Salih Najib. — Negaki, Buxoro azal-azaldan ilm-maʼrifat, maʼnaviyat beshigi boʻlib kelgan. Bu oʻrinda birgina Imom Buxoriy hazratlarini, u kishidan qolgan boy maʼnaviy merosni eslashning oʻzi kifoya. Bu muhtaram zot qatorida yurtingizdan koʻplab aziz avliyolar, tasavvuf ilmi donishmandlari yetishib chiqqan. Bu zaminga shu boisdan ham butun dunyo musulmonlarining qiziqishi katta.
2020-yilda Buxoroning “Islom madaniyati poytaxti” deb eʼlon qilingani munosabati bilan yurtingizda tashkil etilishi rejalashtirilayotgan tadbirlarga koʻtarinki ruhda tayyorgarlik koʻrilayotganidan mamnun boʻldik.
Jumladan, “Islom dunyosi madaniy merosida Oʻzbekistonning oʻrni” mavzuidagi xalqaro konferensiya va koʻrgazma, “Oʻzbekiston — Islom sivilizatsiyasi markazi” deb nomlangan ilmiy forum, Imom Buxoriyning hadis ilmi ravnaqiga qoʻshgan hissasiga, shuningdek, tasavvuf olamining taniqli namoyandalari Abduxoliq Gʻijduvoniy tavalludining 915, Bahouddin Naqshband tavalludining 700-yilligiga bagʻishlangan madaniy-maʼrifiy tadbirlar ajdodlaringiz qoldirgan boy merosdan dunyo ahlini bahramand etishi nuqtayi nazaridan gʻoyatda ahamiyatlidir.
Biz tashrif asnosida poytaxtingizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari, xususan, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi binosini ham koʻzdan kechirib, oʻtmishi buyuk xalqning buguni farahli, kelajagi esa yana-da porloq boʻlishiga ishonch hosil qildik. Buxorodagi qadimiy masjidu madrasalar, muqaddas qadamjolarda ham boʻlib, yurtingizda tarixiy yodgorliklar, milliy va diniy qadriyatlar koʻz qorachigʻidek asrab-avaylab kelinayotganiga amin boʻldik. Xususan, Prezidentingiz tashabbusi bilan Yetti pir qadamjolarida amalga oshirilgan obodonchilik, qurilish-taʼmirlash ishlari barchamizda iliq taassurot qoldirdi. Bu xalqingizning insoniyat tamadduni ravnaqiga juda katta hissa qoʻshgan ajdodlarga boʻlgan chuqur hurmat-ehtiromidan darak ¬beradi.
Istam IBROHIMOV
(“Xalq soʻzi”) yozib oldi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- “100 milliondan ortiq gullar, modalar haftaligi hamda turfa taomlar taqdimoti”: Namanganda oʻtkazilayotgan 64-Xalqaro gullar festivalidan video va fotoreportaj
- Oʻzbekiston tarixida ilk bor mundial yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan milliy terma jamoamiz Toshkentga qaytib keldi — Fotoreportaj
- Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Isroil–Eron mojarosi yuzasidan bayonot berdi
- “Air India” fojiasidagi tirik qolgan yagona yoʻlovchi hikoyasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring