Rieltorlik faoliyatini takomillashtirish hamda tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan qonunlar dastlabki tarzda koʻrib chiqildi

10:11 11 Sentyabr 2025 Siyosat
53 0

Oliy Majlis Senati Byudjet va iqtisodiy masalalar qoʻmitasining bugungi majlisida rieltorlik faoliyatini takomillashtirish hamda tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan qonunlar dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Senatorlar tomonidan keyingi yillarda mamlakatimizda soliq yukini izchil ravishda pasaytirish, soliq solish tizimini soddalashtirish, shuningdek soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish orqali iqtisodiyotni jadal rivojlantirishga, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish hamda rieltorlik faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotganligi qayd etildi.

Shu bilan birga, tadbirkorlikni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, bozorda teng sharoitlar va adolatli raqobat muhitini taʼminlash, shuningdek yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish chora-tadbirlari doirasida qonun hujjatlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritish hamda rieltorlik sohasida huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish orqali rieltorlik xizmatlari sifatini oshirish zarurati yuzaga kelayotganligi taʼkidlandi.

Qonunning qabul qilinishi davlat organlarining rieltorlik faoliyati sohasidagi professional jamoat tashkilotlari bilan oʻzaro munosabatlarini kengaytirib, rieltorlik xizmatlari sifati va raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.

“Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash orqali aholi bandligini taʼminlashga hamda qoʻshilgan qiymati yuqori boʻlgan tovarlar ishlab chiqarishni kengaytirishga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun bilan Fuqarolik kodeksi hamda “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunga moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan tadbirkorlik subyektlarini tugatish tartibini soddalashtirishga doir qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

Endilikda mazkur Qonun bilan harakatsiz rejimda boʻlgan faoliyat koʻrsatmayotgan tadbirkorlarni roʻyxatdan oʻtkazuvchi organning qaroriga koʻra tugatish muddati uch yildan bir yilga oʻzgartirilmoqda hamda ushbu qoidani YTTlarga ham qoʻllashni nazarda tutuvchi norma Fuqarolik kodeksida oʻz aksini topadi.

Bundan tashqari, xizmatlar sohasida taqdim etilgan imtiyozlarni qoʻllashda yoshlarni ish bilan taʼminlash va ularning ish haqi miqdoriga ham eʼtibor qaratilmoqda.

Senatorlar ushbu qonunlar tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash orqali aholi bandligi va daromadlari oʻsishini taʼminlashga hamda yuqori qoʻshilgan qiymatli tovarlar ishlab chiqarilishini kengaytirishga, shuningdek, rieltorlik xizmatlari sifatini oshirishga xizmat qilishini taʼkidladi.

Muhokama yakunida Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер