Respublikamizda oʻqituvchiga oʻrnatilgan yagona haykalga sabab boʻlgan sheʼr
Biz ustozlarni, ayniqsa, oʻqituvchilarni qanchalar madh etmaylik, ularning shaʼniga ashʼorlar bitmaylik, baribir kamlik qiladi. Ular shu qadar fidoyi, Vatanparvar, oʻz kasbini sevuvchi insonlarki, hatto respublikamiz Mustaqilligining ilk yillarida hukm surgan bozor iqtisodiyoti davrida ham, garchi, oylik maoshlari kam boʻlsa-da, maktabni tark etmadilar. Esimda, tushlikkacha oʻquvchilarga saboq bergan ayrim ustozlarimiz, tushdan soʻng bozorda kartoshka, piyoz sotib kun koʻrardilar. Ayol oʻqituvchilarimiz orasida pirojki, salat sotishni oʻrgangan, shu tariqa oiladagi kam-koʻstni butlagan, roʻzgʻordagi kamchiliklarni yengib oʻtganlar koʻp boʻlgan. Shunda ham nolimadilar. Ustozlik shaʼnini saqlab qoldilar.
Vaqtlar keldi, uning yuziga tik qarashni oʻrgandilar, tanbeh bersa tasvirga olib, ijtimoiy tarmoqqa joyladilar. Bolasini koyisa otasi kelib uzr soʻrashga majbur qildi. Boshiga ne sinoat kelmasin u oʻqituvchiligicha qoldi. Kasbiga xiyonat qilmadi. Egilgan boshini ilm dargohida tik tutgancha, bolalarga dars oʻtishda davom etdi. Biz esa buyoqda har qancha qilgʻiliqni qilsak-da, el koʻziga madhiga qoʻshiq kuylashda davom etdik. Nomini sharafladik, ulugʻladik, otamizdek ulugʻ zotga aylantirdik. Faqat nomini...
Tilimizda aytganlarimiz dilimizda ham boʻlganida edi har bir shaharda, har bir xiyobonda, har bir maktabda unga haykal qoʻygan boʻlardik. Darvoqe, respublikamiz boʻylab oʻqituvchiga atigi bir dona haykal oʻrnatilganidan xabaringiz bormi? Bu haykal ham unga boʻlgan cheksiz ehtirom emas, balki, shaʼniga atab bitilgan sheʼr taʼsirida yuzaga kelganidan-chi? Mayli, ustozlar shaʼni haqida boshqa safar fikr yuritsak-da, keling, ayni damda oʻsha haykal haqida bilganlarimizni yetkazaylik.
Xullas, Qoraqalpogʻiston Respublikasining Ellikqalʼa tumanida oʻzbek xalqining atoqli hofizi Otajon Xudoyshukurovning xotirasiga bagʻishlangan tadbir boʻlayotgan dam ekan. Xorazmlik shoir Matnazar Abdulhakimga soʻz beriladi. Hamma undan hofizga atab yozilgan sheʼrni kutadi. Biroq, u “Darsdan soʻng” nomli sheʼrni oʻqiydi. U oʻqituvchi haqida boʻlib, ishdan uyiga kech qolgan muallima qir osha qishlogʻiga ketish chogʻida qashqirga duch kelgani, uni qoʻrqitish uchun daftarlarni bir-bir yoqib tugatgani, qishloqqa bir baxya qolganda qashqirga yem boʻlgani bayon etilgan.
Sheʼrni qunt bilan tinglagan tuman hokimi koʻziga yosh oladi. Shu zahoti tumanda oʻqituvchiga haykal oʻrnatishga buyruq beradi.
Soʻzim soʻnggida Matnazar Abdulhakimning inson qalbini larzaga solgan oʻsha sheʼrni havola etsam.
Darsdan soʻng
Kimnidir koyidi chekkani uchun,
Tortib olib qoʻydi gugurtini ham.
Mashq daftarlarini yigʻdi-da, soʻngra
Bir-bir sanab koʻrdi. Yetti daftar kam.
“Har gal shunday ahvol. Uyalmaysizmi?
Kelasiz oʻqishmas, qilish uchun sayr.
Bu safar ham “Ikki” qoʻymay turaman,
Ertaga qolganlar topshirsin. Xayr”
Qish kuni – bir tutam. Qoraygandi qosh,
Ikkilandi. Oʻtmak kerak, axir, qirdan.
Eri ham kelmadi olib ketishga
“Koʻngli sovidimi...”-vahm etdi birdan.
Hamkasb dugonasi qistovga tutib,
“Tunab keting,-dedi.-Kech boʻlib qoldi”.
Koʻnmadi. Qoʻltiqlab mashq daftarlarni
Uyga yolgʻiz oʻzi yayov yoʻl oldi.
Ovul tugab, endi qirga chiqqanda
Oqshom quyuq edi, atrof sim-siyoh.
Yoʻldan qaytmoqchi ham boʻldi bir oʻyi,
“Oʻgʻlim xastalanib qoldimikin yo?..”
Yuragini battar vahima bosdi,
Qamradi tundan ham battar bir qoʻrquv.
Oʻnqirmi, choʻnqirmi, oʻrmi, qir demay
Yana ketaverdi, ketaverdi u.
Mudhish bir sharpani ilgʻadi nogoh,
Razm solsa qashqir. Qilardi taʼqib,
Esladi yirtqichning qoʻrqishin oʻtdan,
Iziga bir daftar tashladi yoqib.
Qashqir toʻxtab qoldi. Soʻng – yana, yana,
Muallima omon topgan bu olov
Yirtqichga berardi ilojsiz sabr.
Yoʻlovchi –yoqardi, qashqir-toʻxtardi,
Tin olardi ikkov har daftarda bir.
Yoʻl uzoq, tun qaro, qashqir esa och,
Och yirtqich bilarmi nadir sadoqat.
Uyga yaqin qolgan vaqtda tugadi
Muallimda daftar, qashqirda – toqat.
Uvvos figʻon tutdi qishloqni tongda,
Zamin aza ochdi, zamon yigʻladi.
Daftar topshirmagan yetti oʻquvchi
Hammadan ham yomon yigʻladi.
Noʻnoq nazmim uchun avf et, xalqim,
Na olim, na fozil, na soʻz piriman.
Oʻz vaqtida daftar topshira olmay
Qolgan bolalarning biriman.
Men yaxshi bilaman, tumor qilmaydi
Yozgan sheʼrlarimni oshiqlar.
Men yaxshi bilaman, qoʻshiqlarim joʻn,
Bilaman, bular bir oddiy mashqlar.
Lekin... ketmakdasan kelajak sari
Tap tortmay qismatning dasht, qirlaridan.
Oʻzimcha asragim keladi seni
Yovuzlik, xiyonat qashqirlaridan.
Men mashq bajaraman, yozaman har kun
Daraklar, soʻroqlar, xitoblarimni.
...Sen yoʻl boʻyi yoqib ketaver
Qashqirlar qoʻrquvchi kitoblarimni.
Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring