Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida ham buyrak ko’chirib o’tkazish operatsiyasi o’tkazish yo’lga qo’yildi
O’tgan yildan e’tiboran Akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida buyrak ko’chirib o’tkazish bo’yicha operatsiyalar muvaffaqiyatli bajarib kelinayotgan bo’lsa, joriy yildan ushbu markazda mamlakatimiz tibbiyoti tarixida birinchi marta jigarni ko’chirib o’tkazish operatsiyasi yuqori natija bilan o’tkazildi.
Eng e’tiborli jihati, mazkur markazda buyrak ko’chirib o’tkazish operatsiyalari kundalik amaliyotlar qatoridan joy olgan. O’tgan qisqa vaqt ichida qirq nafardan ortiq bemorga uning yaqinlaridan buyrak ko’chirib o’tkazildi. Bundan tashqari, markaz olimlari tomonidan salomatlik bilan bog’liq o’ta murakkab vaziyatlarda ham to’g’ri qaror qabul qilinib, inson hayoti saqlab qolinayotgani quvonarli. Yaqinda buyrak etishmovchiligi bilan birga, qandli diabet xastaligidan ham aziyat chekayotgan bemorda xuddi shunday amaliyot bajarildi. Ushbu jarayon shifokorlardan nihoyatda katta mas’uliyat va tajriba talab qilishi bilan ajralib turdi.
Shunday murakkab amaliyotlardan biri Respublika Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish institutida ham o’tkazib kelinmoqda. Institut olimlari jahon tibbiyotining ilg’or yo’nalishi — o’zak hujayra transplantatsiyasini o’zlashtirib, hozirda uni muvaffaqiyatli yo’lga qo’ydi.
Bugun Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida Turkiyaning Bashkent tibbiyot universiteti bilan hamkorlikda yangiyo’llik 14 yoshli bemor Umidjon Abdumadjidovga 35 yoshli otasi Ilg’or Abduqayumov donorligida buyrak ko’chirib o’tkazish operatsiyasi bajarildi, deyiladi Sog’liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati tomonidan taqdim etilgan xabarda.
— Transplantatsiya jarrohligi zamonaviy tibbiyotning istiqbolli yo’nalishlaridan biri. Bunday yuqori texnologik operatsiyalar AQSh, Rossiya, Germaniya, Norvegiya, Shveytsariya, Turkiya kabi tibbiyoti rivojlangan davlatlardagina bajarilardi, xolos, — deydi Sog’liqni saqlash vaziri o’rinbosari, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori Abduhakim Xadjibaev. — Mana, bugun yurtimiz tibbiyoti ham ana shu ilg’or mamlakatlar qatoridan joy oldi. Markazimizda birinchi marta buyrak ko’chirib o’tkazish amaliyotini bajardik. Bu operatsiya o’ta murakkab va noyob usul hisoblanadi. Shu bois markazda katta tayyorgarlik ko’rildi. Xorij tajribasini o’rgandik. Shundan so’ng, Turkiyaning Bashkent tibbiyot universiteti bilan hamkorlikda markazimiz tarixida ilk bor buyrak transplantatsiyasi bajarildi. Amaliyot Bashkent tibbiyot universiteti rektori, Jahon trnasplantologlari jamiyati prezidenti Mexmet Xaberal bilan hamkorlikda o’tkazildi. Operatsiya jarayonida turkiyalik va o’zbekistonlik mutaxassislar qatnashdi.
Ma’lumot uchun, Mexmet Xaberal Turkiya va Evropaning bir qator davlatlarida transplantologiya yo’nalishiga asos solgan professordir. M. Xaberal buyrak ko’chirib o’tkazish bo’ycha 1832 ta, jigar ko’chirib o’tkazish bo’yicha 344 ta operatsiyaga bevosita rahbarlik qilgan. Bashkent tibbiyot universitetida jigar va buyrak transplantatsiyasidan tashqari, suyak ko’migi, yurak transplantatsiyasi ham o’tkazib kelinmoqda.
— Yana bir murakkab amaliyotni muvaffaqiyatli yakunladik, — deydi professor Mexmet Xaberal. — O’zbekistondagi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida buyrak transplantatsiyasini bajarishga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko’rilgan ekan. Guvohi bo’ldikki, mutaxassislar malakasi, texnik imkoniyatlar va markaz sharoitlari yuqori darajada. Bemor U. Abdumajidov surunkali buyrak etishmovchiligining terminal bosqichida edi. Buyrak o’z ishini to’liq bajara olmayotgani bois, qoni gamodializ apparati orqali tozalanib kelgan. Amaliyot yaxshi o’tdi, deb ayta olaman. Hozirgacha bo’lgan natijalarning barchasi ijobiy. Tez kunlarda bemor va donor sog’lom hayotga qaytadi. Eng muhimi, endi markaz mutaxassislari bu kabi operatsiyalarni bemalol bajara oladi.
Ta’kidlab o’tish lozim, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ushbu soha rivojiga davlat darajasida e’tibor qaratib kelayotgani ham uning naqadar muhimligini isbotlaydi. Hozirda taransplantatsiya amaliyotlarini o’tkazish uchun yurtimiz klinikalarida etarli tajriba va texnik imkoniyatlar mavjud. Ushbu sa’y-harakatlarning barchasi, avvalo inson manfaatlari va uning hayotiy ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring