Respublika boʻyicha metan “zapravka”larga tabiiy gaz belgilangan talabga asosan yetkazib berilmoqda. Metan gazning narxi ham oshgani yoʻq — Energetika vazirligi

16:28 24 Avgust 2023 Jamiyat
538 0

Soʻnggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda metan “zapravka”larda navbatning uzayib borayotgani, bunga bir qator metan “zapravka”larning yopiqligi sabab boʻlayotgani, mazkur vaziyat metan narxining oshishidan darak boʻlishi mumkinligi haqida turli xabarlar tarqalyapti.

Energetika vazirligi Axborot xizmati shuni taʼkidlaydiki, barcha metan “zapravka”larga avgust oyi uchun ham ularning talablariga asosan belgilangan limitga koʻra, tabiiy gaz toʻliq yetkazib berilgan. Hech qanday cheklov kiritilmagan.

Qaysidir metan “zapravka” oʻz faoliyatini vaqtincha toʻxtatib turgan boʻlsa, demak, bu qandaydir texnik sabablar yoki boshqa bir omil tufayli boʻlishi mumkin.

Shuningdek, avval taʼkidlaganimizdek, metan “zapravka”larda sotiladigan bir kub gaz uchun belgilangan narx oshgani yoʻq.

Eslatib oʻtamiz, aholi va boshqa toifadagi isteʼmolchilar qonunchilikda oʻrnatilgan tartibda belgilangan muddatlarda tabiiy gaz narxining oshirilishi haqida avvaldan ogohlantiriladi.

“Agar “zapravka”larda gaz narxining asossiz oshirilishi holatlariga guvoh boʻlsangiz, Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasining 1159 raqamli “Ishonch telefoni”ga qoʻngʻiroq qiling” deyiladi rasmiy munosabatda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?