Repetitor sabogʻi – chinakam ehtiyojmi yoki olovga qalov?
Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. Maktab taʼlimi, ayniqsa, dunyoviy fanlarni egallash hamisha va har qaysi davrda katta maʼnaviy ehtiyoj, inson kelajagini yaratishning ustuvor omili sanalib kelgan. Shiddatli taraqqiyot kuzatilayotgan hozirgi davrimizda esa masala yanada dolzarblashdi, chuqur bilimga ega boʻlish, xususan, oliy maʼlumot olish hayotiy talablardan biriga aylandi. Lekin oliygohga kirish oson ish emas. Buning uchun boshlangʻich sinfdan boshlab qunt bilan oʻqish, eng muhimi, uqib oʻqish kerak. Amalda ushbu haqiqatni mahkam tutib, oliy taʼlim muassasasiga mustahkam bilimi bilan emin-erkin kirayotgan bitiruvchilar soni qanchani tashkil etadi, degan savol tugʻiladi. Zamona zayli bilan vujudga kelgan repetitorlik va tayyorlov kurslari oʻquvchini maktab darslaridan tortib olmayaptimi?
Tortib olyapti, bu eng avvalo, davomatda yaqqol koʻzga tashlanadi, joylarda hatto maktabni bir chetga surib qoʻyib, tayyorlov kurslarida yotib oʻqiyotganlar bor. Nima bu, repetitordan dars olmasang, OTMga kira olmaysan, deganimi?!
Maʼlumotlarga qaraganda, bugungi kunda birgina Namangan viloyatining oʻzida oʻndan ortiq nodavlat taʼlim muassasalari, bolalarga alohida fanlar boʻyicha yakka tartibda (albatta pulli) saboq berayotgan repetitor oʻqituvchilar faoliyat olib bormoqda. Ular tayyorlagan bitiruvchilarning 80-90 foizi davlat granti yoki toʻlov kontrakt shartnomasi asosida talabalar roʻyxatidan oʻrin olmoqda.
Sirtdan qaraganda, yoshlarni test sinovlariga bu tartibda tayyorlash usuli oʻzini oqlayotganday koʻrinadi. Biroq tanganing ikkinchi tomoni ham borda. U birinchi oʻrinda maktabdagi taʼlim jarayoniga taʼsirini oʻtkazib, oʻquvchilarni umumiy fanlarni chetlagan holda oʻzi tanlagan darslarni oʻrganish bilan cheklanib qolishiga olib kelayotir. Bunda eng aʼlochi oʻquvchilari yakka tartibdagi taʼlimni afzal koʻrgan oʻqituvchining dars oʻtishga, oʻz ustida ishlashga ishtiyoqi soʻnib borishi tabiiy hol. Qolaversa, istaymizmi-yoʻqmi bu bilan bilim berishda tabaqalanish holati yuzaga kelishi ikki karra ikkiday gap. Masalaning moddiy tomoni ham mavjud. Tayyorlov kursi toʻlovi yaxshigina pul turadi, vaholanki, hamma ota-ona bunga qodir emas.
— Oliy taʼlim muassasalariga bu yilgi qabul natijalari bilan qiziqdim, — deydi Namanganda nashr etiladigan “Ertakchi repetitor” gazetasining muharriri Muhammad Mamatvaliyev. — Respublika boʻyicha abituriyentlarning 43 foizi test savollarini 50 foizgacha ham yecholmadi. Bu “ikki baho” degani emasmi?! Yetarli ball toʻplay olmagan yigit-qizlar oʻzlari xohlab-xohlamagan tarzda past ball talab qilinayotgan oliygohlarni tanlashyapti. Masalan, eng yuqori oʻtish koʻrsatkichi 189 ball boʻlgan holatda OʻzMUning kimyo fakultetiga daʼvogarlar 77 ball bilan qabul qilindi. Ayni ball bilan oʻqishga kirgan talaba haqiqatan ham kimyoni yaxshi koʻradi, deb oʻylaysizmi?! Bunday sharoitda kasbni yurak-yurakdan tanlagan, shu yoʻnalish boʻyicha puxta bilim va koʻnikma orttirgan mutaxassis shakllanishi qiyin kechadi, albatta. Masalaning yana bir tashvishli tomoni, tayyorlov kurslarida faqat tanlangan fanlar zoʻr berib oʻqitilayotganida. Ularni tamomlayotganlar koʻpi bilan toʻrt-beshta fanni chuqur biladi, xalos. Masalan, matematika, kimyo va fizika yoki ingliz tilini suv qilib ichib yuborgan abituriyent milodiy va hijriy sanani farqlay olmaydigan holatlar uchraydi. Galaktikalar haqida soʻrang, tili tortiladi, sababi astronomiyadan xabari yoʻq, uni fan sifatida tan olmagan. Nima, muhandis, kimyogar, AKT, boshqa bir yoʻnalish diplomini qoʻlga kiritayotgan mutaxassisga hayotda va kasbiy faoliyatida adabiyot, moziyni bilish, mantiqiy fikrlash ham kerak boʻlmaydimi?
Shu oʻrinda maxsus kurslarda test sinovlariga zoʻr berib tayyorlangan va talabalik baxtiga erishgan yoshlarning oliygohdagi tahsili qanday kechyapti, barchasi oʻqishni kutilgan darajada tortib ketayotgani ham qiziqtiradi, kishini.
— Repetitorlik sabogʻi asosan xotirani sayqallashtirishga yoʻnaltirilgan, — deydi Namangan davlat universiteti dotsenti Baxtiyor Isʼhoqov. — Abituriyentlik arafasida turgan inson koʻproq testga kiritilgan savollarning javobini olishga intiladi. Tez-tez oʻtkaziladigan nazorat darslarida toʻgʻri javob qaytarishga erishadi ham. Toʻgʻrisini aytganda, bu fanni chuqur egalladi, degani emas. Oʻqish jarayonida achinarli bir holatdan taajjubga tushaman: kechagina yuqori ball bilan kirgan ayrim talabalarga biror mavzu boʻyicha insho yozishni topshiring, qoʻli qaltiraydi. Ogʻzaki nutqi ham bundan ziyoda emas.
— Yakunlangan oʻquv yilida 85 nafar bitiruvchimizning 82 tasi institut va universitetlar talabasi boʻldi, — deydi Chortoq tumanidagi 53-umumtaʼlim maktabi direktori Vazira Usmonova. — Imtihon testlarini muvaffaqiyatli topshirishda deyarli barchasiga maktabda olgan bilim va koʻnikmalari kifoya qildi. Demoqchimanki, bizning oʻquvchilarimizda tayyorlov kursi yoki alohida repetitorga talab yoʻq. Ularning oʻrnini muallimlarimizning oʻzlari bemalol toʻldirishadi. Chunki 78 nafar oʻqituvchimizning 60 nafari oliy va birinchi toifaga ega, tajribasi ham, oʻqitish salohiyati ham yetarli. Aytmoqchimanki, maktabda yetarlicha orttirilgan bilim hamisha oʻz soʻzini aytadi.
Tabiiyki, ushbu mavzuga qoʻl urish jarayonida keltirilgan fikrlarning aksariyati shaxsiy mulohazalarga asoslangan. Ularni aytish bilan repetitorlik va maktab sabogʻi oʻrtasida jar yaratish maqsadidan yiroqmiz. Binobarin, oʻqishga kirishda adolat yanada mahkam tutilib, OTMlarga maktabda sabot bilan oʻqigan oqil yoshlar koʻproq qabul qilinsa, iqtidorlar chetda qolib ketmasa, deymiz. Toki, testga tayyorgarlikning har qanday koʻrinishi olovga qalov yoki imtihondan oʻtishning mexanik vositasiga aylanib qolmasin.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring