Rahbarlar yoshlar ishsizligining salbiy oqibatlaridan ogohlantirildi

Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan muloqoti davomida 2025-yilda Oʻzbekistonda yoshlar ishsizligiga barham berish ishlari yangi bosqichga koʻtarilishi taʼkidlandi.
Rahbarlar yoshlar ishsizligining salbiy oqibatlaridan, oʻz vaqtida band boʻlmagan yoshlar bilib-bilmay nomaqbul ishlarga qoʻl urishi, diniy radikalizm taʼsiriga tushib qolishi, jinoyat koʻchasiga kirishi mumkinligidan ogohlantirildi.
Yunusobod, Asaka, Sharof Rashidov, Chiroqchi, Pastdargʻom tumanlari, Olmaliq va Buxoro shaharlarida bu boradagi ishlar qoniqarsizligi koʻrsatib oʻtildi.
Yoshlarni kasb va tilga oʻqitib, yuqori daromadli ishlarga joylashtirish maqsadida bu yil bandlik boʻyicha katta dastur qabul qilindi. Buning uchun jami 126 trillion soʻm yoʻnaltirilmoqda.
Unga koʻra, mahallalarda 378 mingta mikroloyiha amalga oshiriladi, mahalla bankirlari yangi kredit mahsulotlari hisobiga 250 ming nafar odamni daromadli qiladi.
Servis sohasida ham yoshlar uchun imkoniyatlar kengaytiriladi.
Tadbirkorlar yosh xodimlarni ishga olib, kamida 3 million soʻm oylik toʻlasa, ijtimoiy soliq 1 foiz boʻladi.
Bu imtiyoz 3-yil amal qiladi. Bu orqali tadbirkor ham manfaat koʻradi, yoshlar rasmiy ishlab, daromadi oshadi.
Umuman, “Yoshlar daftari” tizimini ham yangilash, transformatsiya qilish vaqti kelgani taʼkidlandi.
Mutasaddilarga yoshlarga koʻrsatilayotgan barcha turdagi ijtimoiy paketlarni toʻliq xatlovdan oʻtkazib, ularni maqbullashtirish va natijadorligini oshirish boʻyicha taklif kiritish topshirildi.
Yurtimizda kreativ iqtisodiyot jadal rivojlanmoqda. Sohada faoliyat koʻrsayotganlarning 98 foizi yoshlar.
Oʻtgan yili kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha alohida qonun qabul qilinib, huquqiy asoslari belgilandi.
Toshkent shahridagi “Yoshlar ijod saroyi”da namunaviy “Kreativ park” tashkil qilindi.
Endi, kreativ industriya parklari hududlarda ham barpo etiladi. Ular zarur resurs va infratuzilma bilan taʼminlanadi.
Kreativ industriya parki rezidentlariga 2030-yil yakunigacha imtiyozli soliq rejimi joriy etiladi. Bunda ijtimoiy va daromad soliq stavkalari 50 foizga kamaytiriladi, rezidentlar tovarlarni realizatsiya qilish hajmidan qatʼi nazar aylanmadan olinadigan soliq toʻlovchilar boʻladi.
Parklar negizida kreativ soha vakillarini oʻqitadigan biznes maktablari tashkil qilinadi. Ushbu maktablarda yoshlar yangi va zamonaviy biznes yuritish hamda elektron tijorat kabi xizmat koʻrsatishning innovatsion usullarini oʻrganadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring