Quyoshning beminnat marhamati

15:42 22 Avgust 2024 Jamiyat
272 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Davlatimiz rahbari joriy yilning 31-mayida Buxoro viloyatiga tashrifi chogʻida yirik ishlab chiqarish, energetika va transport majmualari qurilishini ramziy boshlab bergan edi. Ana shunday korxonalar qatorida 250 megavattli quyosh elektr stansiyasi ham bor. Olot tumanida barpo etilayotgan mazkur inshoot uchun 649 gektar maydon ajratilgan. Quyosh elektr stansiyasi Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi tomonidan qurilmoqda.

Qirlishon – bir tomoni qoʻshni Qorakoʻl va Jondor tumanlari, bir tomoni Qashqadaryo viloyatiga tutash bepoyon sahro. Unda choʻkkan asriy sukunatni mana, salkam uch oydirki, qudratli yuk mashinalari shovqini, odamlarning qadamlari buzmoqda. Choʻlda inson aql-u zakovati bilan bitmas-tuganmas muqobil manba — quyosh elektr stansiyasi qad rostlayapti.

— Koʻrib turganingizdek, bu yerdagi ishlar pudratchi tashkilot — Hindistonning “Jackon Green” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda, — deydi hamrohimiz, “Nur – Bukhara Solar project” quyosh stansiyasi masʼul xodimi Suhrob Boltayev. — Yaqingacha massivda ijtimoiy va ekologik oʻrganishlar olib borildi. Ofis hamda ishchi-xodimlar uchun binolar qurildi. Ajratilgan yer maydoni panjara bilan oʻrab olindi. Obyektga olib boruvchi yoʻllar barpo etildi. Asosiy nazorat, bogʻlanish inshooti binolari qurilyapti. Boshqaruv punkti qurilishi ham jadal borayapti. Davlatimiz rahbarining 2023-yil 30-noyabrdagi qarori ushbu yirik stansiyaga tamal toshi qoʻyish uchun asos vazifasini oʻtadi.

— Bu kabi inshootlar qurilishida yetarli tajribaga egamiz, — deydi oʻz navbatida “Jackon Green” kompaniyasi menejeri Baskar Medaram. — Birlashgan Arab Amirliklari, Armaniston, Ozarbayjon davlatlarida, shuningdek, Oʻzbekistonning Samarqand, Jizzax, Navoiy viloyatlarida muqobil energiya manbalari asosida ishlovchi stansiyalar qurilishida ishtirok etganmiz. Olotdagi mazkur inshoot tarkibida energiya saqlagich batareyalari ham boʻladi. Bu Oʻzbekistonda ilk bor qoʻllanilayotgan tajriba hisoblanadi.

Darvoqe, quyosh panellarining salmoqli qismi inshootga yetib keldi. Ular asosan Xitoydan, ayrimlari Hindistondan xarid qilinmoqda. Aloqa kabellari, chiroqlar, kamera kabi jihozlarni mahalliy ishlab chiqaruvchilar yetkazib bermoqda.

Eʼtiborlisi, atrof-muhit, choʻl ekotizimiga imkon qadar ziyon yetkazmaslik chora-tadbirlari koʻriladi. Investorlar va mamlakatimiz Energetika vazirligi hamda atrof-muhit muhofazasiga masʼul tashkilotlar talabiga koʻra, bu yumush nazoratiga malakali mutaxassislar jalb etilgan. Loyihaga muvofiq, quyosh panellari oraligʻida ham saksovul, yulgʻun, yantoq kabi oʻsimliklarning oʻsishi uchun imkoniyat yaratiladi.

Biz loyiha qiymati 270 million AQSH dollari boʻlgan ushbu inshootga oid baʼzi raqamlarni ham yondaftarchamizga tushirdik. Quyosh stansiyasini 2025-yilda ishga tushirish moʻljallanmoqda. U yiliga 638 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Natijada qoʻshimcha tarzda 300 ming xonadon elektr energiyasi bilan taʼminlanadi. Yiliga 193 million kub metr gazni tejash imkoni yuzaga keladi. Atrof-muhitga zararli karbonat angidrit chiqindilarini tashlash hajmi yiliga 360 ming tonnaga kamayadi.

Bular Yer kurrasi uchun hayot rishtasi sanalgan oftobning serquyosh yurtimizga, xalqimizga koʻrsatayotgan cheksiz marhamatiday boʻlib tuyulmayaptimi?!.

Aytish joizki, viloyatda Saudiya Arabistonining “ACWA Power”, Xitoyning “Gezhouba” kompaniyalari tomonidan ham muqobil energiya komplekslari barpo etilmoqda. Maʼlumotlarga qaraganda, bu kabi yirik inshootlarning ishga tushishi natijasida 2030-yilga borib “yashil” energiya ishlab chiqarish hajmi yiliga 12,5 milliard kilovattni tashkil etadi. Bu esa nafaqat aholining, balki sanoat tarmoqlarining elektr energiyasiga boʻlgan talab va ehtiyojini qondirish, shu orqali iqtisodiyotni jadal surʼatlarda rivojlantirish imkonini beradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер