Quyosh panellari oʻrnatganlik uchun imtiyozlar beriladi

15:19 18 Sentyabr 2024 Jamiyat
282 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Samarqand viloyatida yirik quvvatli qayta tiklanuvchi manbalarni koʻpaytirish choralari koʻrilmoqda. Jumladan, Bulungʻur, Jomboy va Payariq tumanlarida jami quvvati 500 MVt boʻlgan shamol elektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan. Buning uchun yer maydoni tanlab olinib, 7 ta meteorologik machtalar oʻrnatilgan. Machtalar orqali hududdagi shamol kuchi, yoʻnalishi va boshqa maʼlumotlar yigʻilmoqda. Mazkur obyektlarda qurilish ishlari dekabrda boshlanadi.

— Bugun suvni isitish, hattoki, elektr ishlab chiqarishda eng faol qoʻllaniladigan muqobil energiya quyosh energiyasi hisoblanadi, — deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Samarqand filiali rahbari Umid Nazarov. — Shu bois Nurobod tumanida “ACWA POWER” korxonasi tomonidan 1000 MVT quvvatga ega fotoelektr stansiya quriladi. Toyloq tumanida ularning soni 2 ta va har biri 10 MVT quvvatga ega boʻladi. Xuddi shunday foto elektr stansiyalar Samarqand shahri, Toyloq, Payariq, Paxtachi va Urgut tumanlarida ham qurilishi rejalashtirilgan. Jomboy, Nurobod va Pastdargʻom tumanlaridagi foto elektr stansiyalar 5 MVT quvvatga ega boʻladi.

Bunday qurilma yordamida xonadonini elektr energiyasi bilan taʼminlagan (oʻrnatilgan yer maydoni uchun) jismoniy shaxslar 3-yil, tadbirkorlik subyektlari 10-yil davomida yer va mulk soligʻidan ozod etiladi. Oʻz navbatida jismoniy shaxslar quyosh panellarini 3-yil muddatga foizsiz, boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotib olishi, tijorat banklari tomonidan ajratiladigan kreditlardan foydalanishi mumkin.

Hozirgi kunga qadar mingga yaqin ijtimoiy soha obyektlari va davlat idoralariga quvvati 16,18 MVt boʻlgan quyosh panellari oʻrnatilgan. Tadbirkorlar oʻrtasida olib borilayotgan tushuntirish va targʻibot ishlari natijasida 882 ta tadbirkorlik subyektlariga 17,48 MVt quvvatli panellar oʻrnatilib, ishlab chiqarilgan elektr tokini tarmoqqa sotish hisobiga oylik daromad topayotgan tadbirkorlar soni ham ortmoqda.

Tadbirkorlik obyektlarining bojxona omborlarida saqlanayotgan qiymati 409,79 million dollarlik quyosh panellari va ularning ehtiyot qismlari soddalashtirilgan tarzda yakuniy bojxona rejimiga rasmiylashtirib, obyektlarga oʻrnatilishi taʼminlanmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?