Quva tumanida Turkiya investitsiyasi ishtirokida maxsus sanoat zonasi barpo etishga kirishildi

11:32 22 Dekabr 2025 Jamiyat
135 0

Quva tumanida Turkiyaning “Heyal Holding” kompaniyasi tomonidan umumiy qiymati 350 million dollarlik loyiha doirasida 26 gektar yerda maxsus sanoat zonasi qurilishi boshlandi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda Turkiya Buyuk millat majlisi deputatlari, turk kompaniyalari rahbarlari va investorlari, mahalliy tadbirkorlar hamda keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.

Taʼkidlab oʻtilganidek, keyingi yillarda Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi strategik sheriklik quvonarli darajada faollashdi. Ayni jarayonda hududlararo hamkorlik koʻlami ham tobora kengayib borayotgani natijasida bugungi kunda Fargʻona viloyatida turk investitsiyasi ishtirokida faoliyat yuritayotgan korxonalar soni 101 taga yetdi.

Bu borada doimiy ravishda oʻzaro delegatsiyalar almashinuvi, biznes forumlar oʻtkazib borish yoʻlga qoʻyilgani gʻoyatda muhim ahamiyatga ega. Xususan, Fargʻona viloyati delegatsiyasining yaqinda Turkiyaga amalga oshirgan tashrifi davomida ham bir qator kelishuvlarga erishilgan edi. Bu istiqbolli loyiha ham ana shu kelishuvlarning amaliy samarasidir.

—“Turon turk” maxsus sanoat zonasida meva-sabzavotlarni qayta ishlash, elektrotexnika, oziq-ovqat va toʻqimachilik sohalarida yangi ishlab chiqarish loyihalarini joylashtirish rejalashtirilgan,—deydi Quva tumani hokimi Halimjon Umarov.—Jahon andozalari darajasida faoliyat koʻrsatuvchi sanoat zonasida eng zamonaviy texnologiyalar qoʻllanishi koʻzda tutilmoqda.

Yangicha yondashuvlar natijasida sanoat zonasida ish boshlaydigan korxonalarda 4 mingdan ortiq yuqori daromadli ish oʻrinlari yaratilishi maqsad qilingan.

Tadbirda ramziy lenta qirqilib, ushbu yirik loyihaga start berildi hamda qurilishga tamal toshi qoʻyildi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер