“Qutqaruv xizmati va qutqaruvchi maqomi toʻgʻrisida”gi Qonunning Qashqadaryo viloyatida ijro etilishi oʻrganildi
Foto: Davronbek Ernazarov/“Xalq soʻzi”
Joriy yilning 29-oktyabr kuni Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi majlisida “Qutqaruv xizmati va qutqaruvchi maqomi toʻgʻrisida”gi Qonunning qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarini favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga jalb qilishga oid qismi Qashqadaryo viloyatida ijro etilishini oʻrganish natijalari muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, viloyatda umumiy yoʻnalishda 17 ta qutqaruv tuzilmasi, 284 ta obyektda shtatdan tashqari tuzilmalar, 5 ta qutqaruv xizmati tuzilmasi va favqulodda vaziyatlar davlat quyi tizimi xizmatining 18 ta tuzilmasi tashkil etilgan.
Bundan tashqari, viloyatda “Oʻzbekneftgaz” AJga qarashli ochiq neft va gaz favvoralarining oldini olish va bartaraf etish boʻyicha harbiylashtirilgan qismda 10 ta qutqaruv guruhidan iborat boʻlgan maxsus qutqaruv otryadlarida 711 nafar professional qutqaruvchi faoliyat yuritmoqda. Ular tomonidan 2024-yil va 2025-yilning 9 oyida 199 ta maxsus-taktik oʻquv mashqi oʻtkazilgan.
Viloyatdagi korxona va muassasalarda favqulodda vaziyatlarning oldini olish, oqibatlarini bartaraf etishga, aholining qutqaruv ishlari boʻyicha bilim hamda koʻnikmalarini oshirishga qaratilgan keng koʻlamli targʻibot ishlari olib borilgan.
Biroq aholi bilan muloqotlar, joylardagi oʻrganishlar, tarmoqqa oid qonun hujjatlari va huquqni qoʻllash amaliyotining tahlili qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarining faoliyatini tashkil etishda qator tizimli muammo hamda kamchiliklar mavjudligini koʻrsatdi.
Xususan, viloyatda qutqaruv yoʻnalishidagi profilaktik tadbirlar samarali tashkil etilmagani oqibatida 2024-yil va 2025-yilning 9 oyi davomida sodir boʻlgan birgina yongʻinlar oqibatida (1 813 ta) 11 nafar fuqaro halok boʻlgan, 58 nafari kuyish bilan bogʻliq tan jarohati olgan. Bunday fojiali koʻrsatkich 2025-yilning 9 oyida 2024-yilning mos davriga nisbatan 11 foizga ortgan.
Bundan tashqari, birgina 2024-yilda yogʻingarchiliklar natijasida yuzaga kelgan sel toshqinlari oqibatida 2 nafar fuqaro halok boʻlgan va 24 ta holatda fuqarolarning uy-joylari, mol-mulki va dehqon xoʻjaliklariga zarar yetgan.
Yogʻingarchilik mavsumida yuzaga kelgan holatlarni tezkorlik bilan bartaraf etishda yoki mavsum oldidan amalga oshiriladigan muhandislik muhofaza ishlarida tuman yigʻma jamoalarini samarali jalb etishda ham bir qator muammolar aniqlandi.
Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasining shtat birliklari ozligi ham koʻplab kamchiliklarni yuzaga keltirmoqda.
Xususan, tezkor chaqiruv, qidirish va qutqarish, yoʻl-transport hodisalarini, suvda choʻkish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalarni, radioaktiv va boshqa moddalar toʻkilishini bartaraf etish, aholini xavfli joylardan koʻchirish imkoniyatlari cheklangan.
Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan belgilangan bu boradagi meʼyorlar esa mazkur tuzilmalar faoliyatini, moddiy-texnik bazasini kengaytirish imkonini bermaydi.
Ishchi guruh ishtirokida “Oʻzbekneftgaz” AJga qarashli Qarshi neft bazasida oʻtkazilgan amaliy mashgʻulotda ham mazkur korxona rahbarlari va mutaxassislarining shartli yongʻin vaqtidagi harakatlari “qoniqarsiz” deb baholandi.
Viloyatdagi xavfli ishlab chiqarish obyektlari yaqinida joylashgan mahalla fuqarolar yigʻinlarining favqulodda holatlarda aholini muhofaza qilish borasidagi mazkur obyektlar bilan hamkorligi yoʻlga qoʻyilmagan.
Qonun hujjatlaridagi ayrim kamchiliklar ham nafaqat Qashqadaryo viloyatida, balki butun mamlakatda qutqaruv ishlarining yanada samarali yoʻlga qoʻyilishiga toʻsiq boʻlmoqda.
Jumladan, amaldagi Qonun 2008-yilda qabul qilingan boʻlib, unda qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarining favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etishdagi ishtirokiga oid tushunchalar toʻliq aks ettirilmagan, qutqaruv ishlarining turlari toʻliq tasniflanmagan. Bundan tashqari, qutqaruvchilarni ijtimoiy himoya qilish bilan bogʻliq Qonun normalarini takomillashtirish zarurati ham yuzaga kelgan.
Bu kabi kamchiliklar ham qutqaruv ishlarining samaradorligiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgani qayd etildi.
Qoʻmita majlisi yakuni boʻyicha tegishli qaror qabul qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Doʻstlik va hamkorlikni kengaytirgan forum (+fotoreportaj)
- «Yevroosiyo Banki» Aksiyadorlik jamiyatining tugatish komissiyasi xabari
- Namangan – yangilanish va goʻzallik shahri
- Oʻzbekiston yoki Misr. Qaysi terma jamoa kuchli?
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining OAV erkinligi boʻyicha vakili Yan Bratu bilan uchrashuv oʻtkazdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring