Qutayba ibn Muslim kim: fotihmi yoki islom himoyachisi?

Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Oʻzbekistonda ichki sayyohlik imkoniyatlari juda katta. Ayniqsa, diniy eʼtiqodimizdan kelib chiqqan holda ziyoratgohlarga boʻlgan eʼtibor oʻzgacha. Ana shunday muqaddas qadamjolar biri — Qutayba ibn Muslim ziyoratgohi Jalaquduq tumanida joylashgan.
Tarixchi Muhammad Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarida “Qutaybaning qabri Fargʻonada mashhur boʻlib, “Raboti sarohang” degan joyda “Kox” deb ataladigan bir qishloqda. Odamlar ziyorat uchun hamisha u yerga borib turadilar” deb yozilgan. “Kox” qishlogʻi bugungi kunga kelib “Qilichmozor” deb ataladi.
Bir paytlar islom dini sarkardasi sifatida qadr topgan Qutayba ibn Muslimning qabrini ziyorat qilguvchilar juda koʻp boʻlgan. Biroq maqbara oʻtgan asrning 30-yillarida ateistlar tomonidan buzib tashlangan. 1975 — 1978-yillarda Andijon viloyati birinchi rahbari boʻlib ishlagan Bektosh Rahimov tashabbusi bilan xaroba oʻrnida maqbara qayta qurilgan. Qutayba ibn Muslim ziyoratgohi 2006-yilda tarixiy va madaniy meros obyekti, ziyoratgoh sifatida davlat muhofazasiga olingan.
Bugungi kunga kelib ushbu ziyoratgohi respublikamizning eng koʻp sayyohlar keladigan hududlaridan biriga aylangan. Ayniqsa, Qirgʻiziston, Tojikiston, Afgʻoniston, Indoneziya, Hindiston, Pokiston, Xitoy davlatlaridan ziyoratchilar safi arimaydi.
— Men Qirgʻiz Respublikasining Jalolobod shahridan keldim, — deydi Abdurahmon Choʻtboyev. — Har yili Umra safariga chiqishdan avval Jalaquduq tumaniga kelib, Qutayba ibn Muslim qabrini ziyorat qilaman. Bu yerda amalga oshirilayotgan qurilish ishlari uning tez orada eng yirik ziyoratgohlardan biriga aylanishidan darak beradi.
Darhaqiqat, 2020-yilda ziyoratgohda qayta qurish va obodonlashtirish boshlandi. Buning uchun qiymati 25 milliard soʻmlik loyiha ishlariga kirishildi. Andijon, Qoʻqon, Samarqand va Buxorodan kelgan ustalar tomonidan majmua oʻrtasida joylashgan qabr ustiga balandligi 20 metr boʻlgan gumbaz, gumbazning toʻrt tomonida ayvonlar barpo etildi. Hozirda qurilish ishlari soʻnggi bosqichda boʻlib, pardozlash olib borilyapti. Loyiha boʻyicha ikki qavatli besh ming namozxonga moʻljallangan masjid, muzey, kutubxona va ziyoratchilar uchun alohida xonalar foydalanishga topshiriladi.
— Ziyoratgohda tashrif buyuruvchilar uchun barcha sharoit yaratilmoqda, — deydi tuman hokimi Hikmatillo Latipov. — Jumladan, “Xonobod — Andijon” magistral yoʻlidan ziyoratgohgacha boʻlgan salkam 1 km.dan iborat yoʻl barpo etildi. Yoʻl boshida qad rostlagan ark nafaqat, ziyoratgohga, balki tumanimiz husniga ham koʻrk bagʻishlab turibdi. Uning ikki chetiga manzarali daraxtlar va gul koʻchatlari ekildi. Bir nechta savdo shoxobchalari, ovqatlanish maskanlari va boshqa sharoitlarni oʻzida mujassam etgan qurilish ishlari olib borildi.
Bugungi kunda xalq orasida: “Qutayba ibn Muslim yurtimizga bostirib kirgan bosqinchi” degan fikrlar bilan bir qatorda: “U nafaqat, hududimizga, balki qalbimizga ham islom dinini olib kirgan buyuk insondir”, degan bahs-munozaralar mavjud. Uning aslida kim boʻlganligini ziyoratgohga kelgan odamlarning yuz-koʻzlaridagi eʼtiqod va iymon nuridan anglash qiyin emas…
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring