Qurbon hayiti – shukronalik va mehr-muruvvat bayrami

20:33 16 Iyun 2024 Jamiyat
828 0

Mehr-muruvvat, ezgulik va saxovat ramzi – muborak Qurbon hayiti yurtimizda keng nishonlanmoqda. Har bir mahalla, shahar va qishloqlarda yanada fayzli va mazmunli oʻtayotgani koʻngillarni shukuhga toʻldiradi. Ushbu muqaddas bayram mohiyatida tinchlik, doʻstlik, hamkorlik, insonparvarlik va bagʻrikenglik mujassam. Buning isboti sifatida uzoq-yaqin hududlarimizga chinakam bayram kayfiyatini ulashayotgan, inson qadrini ulugʻlashdek ezgu ishlarga munosib hissa qoʻshayotgan aziz yurtdoshlarimizga yuzlanamiz.

* * *

Qoraqalpogʻiston Respublikasida Qurbon hayiti katta shod-u xurramlik bilan kutib olindi. Nukus shahridagi Imom eshon ­Muhammad jome masjidida hayit namozi oʻqildi.

Bundan tashqari, shahar va tumanlardagi yirik ziyoratgohlar va 50 dan ortiq jome masjidlarida ham Qurbon hayiti namozi ado etildi. Ularda jami, 20 mingdan ortiq kishi ishtirok etdi.

— Xoʻjayli tumanidagi “Pirim Iyshan bobo” jome masjidi Qurbon hayiti namoziga kelganlar bilan yanada fayzli boʻldi, — deydi nuroniy Tavakkal Abduxaliqov. — Bu ulugʻ ayyomning ruhi va shukuhi chuqur his etilib, el-yurtimiz bilan birgalikda shunday yorugʻ kunlarga yetkazgani uchun Yaratganga cheksiz shukronalar aytildi.

Bayram tadbirlarida din vakillari, hokimiyat va mutasaddi tashkilotlar rahbarlari soʻzga chiqib, Prezidentimiz rahbarligida muqaddas dinimizni ulugʻlash, uning oliy fazilatlarini targʻib qilish, xalqimizning diniy bilimlarini oshirish, masjid va madrasalar, diniy taʼlim muassasalarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirishga qaratilgan alohida eʼtibor va gʻamxoʻrliklar xususida gapirib oʻtdi. Kam taʼminlangan hamda boquvchisini yoʻqotgan oilalar, yolgʻiz keksalar, mehnat faxriylari holidan xabar olinib, hayit hadyalari tarqatildi.

* * *

Keyingi yillarda Andijon viloyatida milliy va diniy qadriyatlarimizni rivojlantirish, vijdon va eʼtiqod erkinligi taʼminlash borasida katta ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, mavjud dam olish maskanlari, madaniyat va istirohat bogʻlari tartibga keltirilib, ziyoratgohlarda obodonlashtirish ishlari yoʻlga qoʻyildi. Qurbon hayiti namozi viloyatdagi 179 ta jome masjidi hamda “Sayid Muhyiddin mahdum” oʻrta maxsus islom bilim yurtida oʻqildi.

Nuroniylar muqaddas qadamjolarni ziyorat qilishdi. Moʻtabar ota-onalar, qarindosh-urugʻlar, yoru birodarlar bir-birlarini yoʻqlashdi. Koʻmak va yordamga muhtojlardan xabar olish saxovatpesha insonlarning ham ezgu amaliga aylandi.

— Jamoamiz bilan birgalikda Andijon tumanidagi “Mehribonlik uyi”ga bordik, — deydi sartarosh Mashhurbek Karimov. — Bolajonlarga bepul xizmat koʻrsatdik. Koʻngilochar dasturlar uyushtirdik. Hayit ayyomi chinakam mehr-oqibat, shodlik bayramiga aylandi.

Ayni paytda viloyatning barcha dam olish joylarida bayram shukuhi davom etmoqda.

* * *

Muhammad Narshaxiyning yozib qoldirishicha, Buxoro mashhur alloma Abu Hafz Kabir tufayli IX asr boshlarida “Qubbatul Islom” – “Islom dinining gumbazi” nomiga musharraf boʻlgan. Bu goʻshada diniy ayyomlarni nishonlash, hayit namozini oʻqish har bir moʻmin-musulmon uchun sharafdir.

— Buxoroda yuzlab musulmonlar hayit namozini oʻqib, el-yurtimiz bilan birga Qurbon hayitiga tinch-omon yetkazgani uchun Yaratgan cheksiz shukronalar aytdi, — deydi Bahouddin Naqshband majmuasidagi jome masjid imom-xatibi Gʻofurjon hoji Razzoq. — Mamlakatimizda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli 700-yillik tarixga ega Bahouddin Naqshband meʼmoriy majmuasi oʻzining asl koʻrinishiga qaytmoqda. Yaqingacha qarovsiz holatda turgan Toqi miyona darvozasi, qadimiy yoʻlak qayta tiklandi. Xayriya maqsadida qurilib, vaqf qilingan Doniyolbiy madrasasi oʻz oʻrnida qad rostladi. Meʼmoriy majmuada muqaddas islom dini buyurgan ibodatlarni bajarish uchun barcha sharoitlar yetarli.

Bugun viloyatdagi 105 ta jome masjidda hayit namozi oʻqildi. Qurbon hayiti munosabati bilan mehnat faxriylari, imom-xatiblar, mahalla faollari tomonidan madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilmoqda.

* * *

Jizzax viloyatining “Qoʻshchinor” jome masjidida oʻqilgan Qurbon hayit namozida viloyat bosh imom xatibi Prezidentimizning Qurbon hayiti munosabati bilan mamlakatimizning barcha musulmonlari va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan bayram tabrigi xususida toʻxtalib oʻtdi. Hayit namozi 42 mingdan ortiq jizzaxlik namozxonlar bilan viloyatdagi 169 ta jome masjidida bir vaqtda ado etildi.

Diqqatga sazovor jihati, Davlatimiz rahbari topshirigʻi bilan bugun sahar soat 3:00 dan soat 10:00 gacha barcha jamoat transportlari fuqarolarga bepul xizmat koʻrsatdi. Yoʻllardagi tirbandliklarning oldini olish, fuqarolarning xavfsizligini taʼminlash, namozxonlarning salomatligini nazorat qilish uchun viloyat ichki ishlar boshqarmasi yoʻl harakati xavfsizligi, sogʻliqni saqlash boshqarmalari xodimlari va boshqa mutasaddilar beminnat xizmat koʻrsatishdi. Bu xayrli ishlar samarasida Qurbon hayiti namozini jizzaxliklar jamoat boʻlib, osoyishtalikda oʻqish baxtiga muyassar boʻlishdi.

* * *

Bir siniq koʻngilni koʻtarish Kaʼbani obod qilishga tenglashtirilgani haqida barchamiz Alisher Navoiyning bebaho misralari, yaʼni: “Kimki bir koʻngli buzuqning xotirin shod aylagay, Oncha borkim Kaʼba vayron boʻlsa, obod aylagay” deganlarini yaxshi bilamiz. Bugun millionlab navoiyliklar qalbi ham shunday quvonchga toʻldi.

Xususan, viloyatdagi Qosim shayx, Mavlono orif Deggaroniy, Qilich ota, Toshmaschit, Oqmaschit, Qanarboy ota, ziyoratgohlari, Nurota chashmasi majmualarida hayit sayli oʻtkazildi. Kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan oilalar hamda yolgʻiz keksalarning holidan xabar olinib, ularga mehr-muruvvat koʻrsatildi.

Karmanadagi Qosim shayx va Navoiy shahridagi Alisher Navoiy nomidagi jami, 70 ga yaqin jome masjidlarida saodatli kunlar ibodati ado etilib, el-yurtga tinchlik, osoyishtalik soʻraldi.

* * *

Namangan viloyatidagi shahar va qishloqlarda nishonlanayotgan Qurbon hayiti bayramida yurtimizdagi tinchlik, osoyishtalik, har bir sohada amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlarining shukuhi ufurib turibdi. Yaxshilikka, savob ishlarga chorlaydigan muqaddas ayyomda viloyatdagi 188 ta jome masjidida hayit namozi oʻqildi.

— Iydi Qurbon chinakam xayr-saxovat ayyomi. Buni namanganliklar ezgu amallar bilan kutib olishdi, — deydi Oʻzbekiston Faxriylarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi Chust tuman boʻlimi rahbari Joʻraxon Mirahmedov. — Bayram arafasida hokimiyat, korxona va tashkilotlar, jamoatchilik vakillari bilan nogiron, yakka yolgʻiz qariyalar, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar istiqomat qilayotgan 174 ta xonadonga 10 turdagi oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat tuhfalar bilan kirib borildi. Bundan tashqari, xalq deputatlari tuman kengashining qarori bilan hududlardagi 380 nafar fuqaroga dori-darmon va oziq-ovqat mahsulotlari sotib olish uchun bir martalik moddiy yordam mablagʻlari ajratildi. Ayyom joylarda oʻtkazilgan boshqa koʻngilochar tadbirlar bilan yanada mazmunli kechmoqda.

* * *

Azaldan Qurbon hayitidagi bayramlarning eng ulugʻvori Samarqanddagi masjidlarda oʻtkazilgan. Qurbon hayitida musulmonlar oʻzlari xohlab, navbatma-navbat uylarida bayram ziyofatlari uyushtirgan. Unga barchani taklif qilgan. Qayerdan taklif boʻlsa, ziyofatlarga borgan. Anʼanaga muvofiq, bugun ham Samarqand viloyatidagi 285 ta jome masjidida Qurbon hayiti namozi ado etildi.

Hayit namozida ushbu muqaddas ayyom tarixi, yurtimizda maʼnaviy qadriyatlarimizni yuksalishi yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlar xususida soʻz yuritildi. Namozdan soʻng yurtimizga tinchlik-xotirjamlik, xalqimiz dasturxoniga toʻkinlik, dehqonlarimiz dalalariga baraka soʻrab duolar qilindi.

Ayniqsa, Samarqand shahridagi “Namozgoh” jome masjidida oʻqilgan Qurbon hayiti namozi koʻngillarga oʻzgacha shukuh bagʻishladi. Unda viloyat hokimi ishtirok etib, jamoatni va ular orqali butun viloyat ahlini Qurbon hayiti ayyomi bilan qutladi.

* * *

Sirdaryo viloyatida ham Qurbon hayiti tinch, tartibli, namunali va koʻtarinki kayfiyatda oʻtdi. Erta tongdanoq hokimlik bilan bir guruh nuroniylar Sirdaryo tumanidagi “Muruvvat” uyida davolanayotgan eʼtiborga muhtoj xotin-qizlardan xabar olishdi.

Qurbon hayiti – xayr-ehson, saxovat, mehr-muruvvat bayrami, deydi Shirin shahar xotin-qizlar faoli Mavluda Sobirova. Arafa va hayit kunlari bemorlar yoʻqlagani qancha koʻngillarni xushnud qildi. Ijtimoiy himoya va mehrga muhtoj kishilarga ulashilgan xayr-ehsonlarning hisobiga yetib boʻlmaydi.

Hayit namozi viloyatning turli hududlaridagi 75 ta jome masjidida ado etildi. Namozxonlarning ushbu muborak ibodatni bajarishlari uchun barcha sharoitlar yaratildi.

* * *

Qurbon hayiti Surxondaryo viloyatida shod-u xurramlik va shukronalik kayfiyatida boshlandi. Viloyatdagi 130 ta jome masjidida hayit namozi oʻqildi. Unda minglab vohaliklar saodatli kun ibodatini ado etdi.

Xususan, Termiz shahridagi Hakim Termiziy jome masjidi erta tongdan yurtdoshlarimiz bilan gavjum boʻldi. Hayit namozida Surxondaryo viloyati hokimi va boshqa mutasaddilar ishtirok etib, xalqimizni Qurbon hayiti bilan tabrikladi.

Ayni paytda surxondaryolik 768 nafar yurtdoshimiz Saudiya Arabistonida muborak Haj ziyoratini amalga oshirmoqda. Din masʼullari tomonidan ayyom arafasida homiylarni jalb etgan holda joylarda nogironlar, yolgʻiz keksalar, boquvchisini yoʻqotgan fuqarolar hamda kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordam koʻrsatildi. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, mehnat faxriylaridan xabar olindi. “Mehribonlik”, “Muruvvat” va “Saxovat” uylariga ziyoratlar va xayriya tadbirlari uyushtirildi.

* * *

Muborak Qurbon hayiti namozi Toshkent viloyatidagi 200 dan ortiq jome masjidlarga tashrif buyurgan 500 mingga yaqin fuqarolar tomonidan ado etildi. Ushbu ayyomga yuksak tayyorgarlik koʻrilgani shahar va qishloq koʻchalarining obodligi va ozodaligidan ham koʻrinib turibdi. Viloyat hokimligi tashabbusi bilan joylarda bir qator xayriya tadbirlari oʻtkazildi.

Toshkent viloyatidagi aziz avliyolar maqbaralari ziyorat etildi. Aslida Hayit bayramidan bir necha kun oldin boshlangan bu ezgu amallar “Mehribonlik”, “Muruvvat” va “Saxovat” uylariga borish bilan yanada qizgʻin tus oldi. Homiylar, saxovatpeshalar bilan hamkorlikda yolgʻiz yashovchi keksalar, bemorlar, nogironlar, ijtimoiy himoya muhtoj oilalardan xabar olindi. Bir soʻz bilan aytganda, kimning nimaga ehtiyoji boʻlsa, imkon qadar koʻmaklashildi. Bayram tadbirlari mahallalarni obodonlashtirish, kambagʻallik darajasini kamaytirish masalalari bilan uygʻunlashib ketdi.

* * *

Fargʻona viloyatida ezgulik tadbirlar doirasida 100 ming nafarga yaqin kam taʼminlangan oilalar holidan xabar olindi. Ularga bayram sovgʻalari ulashildi. Oʻz navbatida, viloyatdagi 4 ta “Saxovat” uyiga 17 million soʻmlik kiyim-kechak hamda oziq–ovqat mahsulotlari tarqatildi. Shuningdek, 60 nafar Ikkinchi jahon urushi, mehnat fronti faxriylari, oʻzgalar parvarishiga muhtoj nuroniylarga kundalik zaruriy mahsulotlar yetkazib berildi.

193 ta masjidda Qurbon hayiti namozi oʻqilishi uchun qulaylik yaratish maqsadida viloyat transport boshqarmasi bilan hamkorlikda jamoat transporti qatnovi yoʻlga qoʻyildi, deydi Oʻzbekiston Respublikasi din ishlari boʻyicha qoʻmitaning Fargʻona viloyati hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi Zokirjon Hakimov. Bu 400 ming nafar hamyurtlarimizga hayit namozini uylariga yaqin va qulay masjidda oʻqish imkonini berdi.

Tashrif buyuruvchilar xavfsizligini taʼminlash, ehtiyoj tugʻilganda koʻmaklashish uchun viloyat IIB, Milliy gvardiya xizmatchilari hamda Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi faollari xizmatga jalb etildi.

* * *

Xorazm viloyatida bayram arafasida katta obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Ayniqsa, muqaddas qadamjolar, tarixiy obidalar, qabristonlarda taʼmirlash ishlari olib borildi. Mahallalar, koʻcha va xiyobonlar yanada obod va koʻrkam qiyofa kasb etdi.

Qurbon hayiti qalblarni poklaydigan bayram, deydi Bogʻot tumanida yashovchi mehnat faxriysi Istat Nurullayeva. Mamlakatimizda vijdon va diniy eʼtiqod erkinligining huquqiy jihatdan kafolatlanganligi tufayli yurtdoshlarimiz ibodatlarni emin-erkin ado etib, hayit bayramlarini keng nishonlash baxtiga musharraf boʻlmoqda. Bu yil bir guruh yurtdoshlarimiz safida muborak Umra ziyoratini ado etib qaytdim. Ayni kunlarda yurtdoshlarimizning katta bir guruhi muborak Haj ziyoratida boʻlib turishibdi. Xalqimizga ana shunday imkoniyatlarni yaratib bergan muhtaram Prezidentimizdan, davlatimizdan minnatdormiz!

Erta tongda viloyatdagi jome masjidlarida hayit namozi oʻqildi. Ehtiyojmand oilalar, yolgʻiz keksalar va nogironlar holidan xabar olindi. Qurbonlik goʻshtlari tarqatilib, homiylar tomonidan moddiy yordam koʻrsatildi. Hayit quvonchi har bir xonadonga kirib bordi.

* * *

Qashqadaryo viloyatidagi 190 dan ortiq jome masjidlarida hayit namozi oʻqildi. Viloyat ahli Hayit bayramini tinch osuda, farovon kunlarga shukrona keltirib, emin-erkinlikda nishonladi.

Viloyatimizning barcha hududlarida Qurbon hayiti munosabati bilan oʻtkazilayotgan tadbirlar koʻpmillatli xalqimiz oʻrtasida mehr-muruvvat, oqibat, birdamlik, ahillik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qildi, deydi Oʻzbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyatdagi vakili, viloyat bosh imom xatibi Rahmatillo Usmonov. Dinimizning muhim amallaridan biri Haj ibodatini ado etishga keng yoʻl ochilgani yurtdoshlarimizning bu boradagi orzu-umidlarini roʻyobga chiqardi. Davlatimiz tomonidan ularning emin-erkin ibodatni toʻliq ado etib, Vatanimizga sogʻ-salomat qaytib kelishi uchun barcha sharoit yaratib berilmoqda. Bugungi fazilatli kunlarda butun dunyo musulmonlari qatori viloyatimizdan ham 801 nafar ziyoratchi Haj amallarini ado etish maqsadida Makka shahrida boʻlib turibdi. Ular Haj ibodatini ado qilish bilan birga, yurtimiz tinchligi, xalqimizning farovon, mamlakatimiz yana rivoj topishi haqida duo qilmoqda.

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер