Qozogʻiston — Oʻzbekiston: Doʻstlik va qardoshlik rishtalari mustahkamlanaversin

19:10 01 Iyul 2020 Siyosat
4206 0

Qozogʻiston va Oʻzbekiston Markaziy Osiyo mintaqasidagi tabiiy boyliklari koʻp, iqtisodiy quvvat zaxirasi katta, tarixi va madaniyati mushtarak mamlakatlardir. Bu tarixiy vaziyatda davlatlarimiz yana-da ahil, doʻstlik, qardoshlik rishtalari har qachongidan-da mustahkam boʻlishi darkor.

Darhaqiqat, soʻnggi uch-toʻrt yilda Oʻzbekiston dunyoga ochildi, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy islohotlar markaziga aylandi. Uzoq va yaqindagi mamlakatlar bilan milliardlab dollarga teng sarmoyaviy shartnoma hamda kelishuvlar imzoladi. Oʻzbe-kiston hukumati fuqarolarning ijtimoiy muammolariga ham tezkorlik bilan yechim topyapti. Soliq sohasida, ayniqsa, qishloq aholisi uchun katta yengilliklar berilmoqda. Ilm-fan va taʼlim faol qoʻllab-quvvatlanmoqda. Davlat tili munosib oʻrniga ega. Mamlakatning davlat qarzlari yoʻq. Biz qozogʻistonliklar bu va boshqa ijobiy oʻzgarishlarni mamnuniyat bilan kuzatib boryapmiz. Ayniqsa, Oʻzbekiston dunyoda kechayotgan jarayonlarga, BMT Bosh Assambleyasida koʻrilayotgan masalalarga oʻz munosabatini ochiq bayon etayotgani diqqatga sazovordir.

Qozogʻiston ham jadal rivojlanmoqda. Oxirgi yigirma yildan ortiq davr uchun “Avval iqtisod, keyin siyosat” -tamoyili asosidagi izchil taraqqiyot yoʻli belgilab olindi.Bu mahsulotlar ishlab chiqarish sanoatda uch, qishloq xoʻjaligida ikki barobar, transportda tashish hajmlari uchdan ikki qismga qisqarib ketgan 1993-1994-yillarda juda muhim edi.

Shunga yarasha fuqarolarning ham daromadlari sezilarli tushib ketgandi. Inflyatsiya esa 3000 foiz va undan ham oshgandi. Binobarin, ijtimoiy-iqtisodiy xarakterga ega qatʼiy chora-tadbirlar zarur edi.

Bu boradagi oqilona siyosat tufayli oʻtgan asrning 90-yillaridagi tizimli inqirozdan chiqib ketishning uddasidan chiqildi. Bozor iqtisodiyotiga ogʻriqsiz oʻtish hamda xorij investitsiyalarini jalb etish, kichik va oʻrta biznesni ravnaq toptirish yuzasidan choralar qabul qilindi. Bank hamda moliya sohasini isloh etish boʻyicha tadbirlar jadal amalga oshirildi. 1993-yil 15-noyabr kuni esa oʻzimizning milliy valyuta — tenge muomalaga kiritildi. Bu esa mustaqil moliya-kredit va monetar siyosatni yuritish imkonini yaratdi.

Oʻz navbatida, agrar tarmoqlarda mulkka boʻlgan davlat monopoliyasiga barham berildi. Shu asnoda jamoa va shirkat xoʻjaliklari (kolxozlar hamda sovxozlar) fermerlik xoʻjaliklariga aylantirildi. 1997-yildan boshlab yillik Murojaat yoʻllash anʼanasi yoʻlga qoʻyildi. Unda ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni rivojlantirish boʻyicha yangi va aniq vazifalar belgilab beriladi.

2000-yilda Qozogʻiston Respublikasining Milliy fondi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Mamlakatning oltin-valyuta zaxiralari ham oʻsib boryapti. Prezident huzurida esa Xorijlik investorlar kengashi tuzildi. Umuman olganda, mustaqillik yillarida Prezidentimiz iqtisodiy jihatdan kuchli Qozogʻistonni barpo eta oldi. U bugun dunyoning deyarli barcha mamlakatlari bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Bugungi kunda Qozogʻiston ham Oʻzbekiston kabi nafaqat Markaziy Osiyoda, balki sobiq ittifoq hududidagi eng jadal rivojlanayotgan davlatlar qatorida bormoqda. Respublikamiz Yevroosiyodagi qulay geografik va oraliqdagi joylashuvidan sezilarli iqtisodiy foyda koʻryapti, preferensiyalarga ega boʻlmoqda. Mamlakatimizda yalpi ichki mahsulot (YAIM)ning yillik oʻsishi qariyb 3 — 7 foizni tashkil etayotgan boʻlsa, iqtisodiy rivojlanish surʼatlari boʻyicha esa dunyoning yetakchi oʻnta davlati qatoridan joy olgan. 2001 — 2005-yillarda yalpi ichki mahsulotning oʻrtacha oʻsish surʼati 10 foizga yetgan edi. Keyingi 6-7 yilda esa Qozogʻiston YAIM oʻsishi boʻyicha Qatar va Xitoydan keyin, dunyoning eng jadal ravnaq topayotgan uchinchi davlatiga aylandi.

Mamlakatda sanoat-innovatsion taraqqiyotni jadallashtirishga qaratilgan noyob dastur amalga oshirilyapti. Servis-texnologik iqtisodiyotga bosqichma-bosqich oʻtish uchun xom ashyoga yoʻnaltirilgan iqtisodiyotdan voz kechish yoʻli tanlandi. Oʻtgan yillarda uni roʻyobga chiqarish asosida 1 mingdan ziyod yangi korxonalar ochildi. Yangi ish oʻrinlari yaratildi. Zamonaviy dunyoda iqtisodiyotimiz infratuzilmasini mustahkamlashga qaratilgan “Yoʻl xaritasi” ishonchli shakl va yangi yoʻnalishlar kasb etmoqda. Prezidentning “Nurlы jol” dasturi muvaffaqiyatli amalga oshirilyapti. Ilgari tasavvur ham qilib boʻlmaydigan xalqaro toifadagi oʻarbiy Xitoy — oʻarbiy Yevropa avtobani (avtoyoʻli)ni qurish ishlari jadallik bilan davom ettirilyapti. Ushbu yoʻlning sezilarli qismi esa respublikamiz hududidan oʻtgan. Nur-Sultondan boshlab yelpigʻich (yarimdoira) tartibida barcha tomonda ilgʻor qurilish meʼyorlari hamda texnologiyalari asosida superzamonaviy koʻp tasmali avtobanlar bunyod etilyapti. Aviatrassalar va temir yoʻllarning yangi yoʻnalishlari ochilmoqda. Xususan, “Kazax eyr” yangi aviakompaniyasi tashkil etildi. Mashinasozlik jadal ravnaq topayotir. Zamonaviy samolyotlar, mashinalar, lokomotiv va vagonlar qurilmoqda. Amerikaning tinchlik jamgʻarmasi maʼlumotlariga koʻra, 2015-yilda Qozogʻiston MDHga aʼzo davlatlar orasida eng kam xatarga ega barqaror mamlakat deb topildi. Jahon banki reytingida esa investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha qulay sharoitlar yaratilgan eng yaxshi oʻnta davlat qatoridan joy oldi. Qozogʻistonga kiritilgan chet el sarmoyalari hajmi rekord daraja — 300 milliard AQSH dollariga yetdi. Qozogʻiston yuqori sifatli un eksporti boʻyicha dunyoda birinchi oʻringa chiqdi. Shunga yarasha Qozogʻistonning koʻplab mamlakatlar, xususan, Oʻzbekiston bilan ham tovar aylanmasi oʻsib boryapti.

2015-yilda Qozogʻiston JSTga aʼzo boʻldi. Bu boradagi tayyorgarlik ishlari esa qariyb yigirma yil olib borildi. Mamlakatimizda inflyatsiya darajasi 5 foizdan oshmaydi. Mablagʻlarni oqilona sarf qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan siyosat Milliy jamgʻarmani yaratish imkonini berdi. U yerda 100 milliard AQSH dollaridan ziyod mablagʻ yigʻilgan. Ayni chogʻda Qozogʻiston jahonda neft eksport qiluvchi eng yirik oʻnta davlat safidan oʻrin olgan. Mamlakat rahbariyati fuqarolarga dunyoning eng ilgʻor 30 mamlakati qatoridan joy olish vazifasini qoʻygan.

Mintaqa birligi — eng toʻgʻri yoʻl

Sobiq ittifoq qulagach, bu makonda yashagan xalqlarning ziddiyati va tushunmovchiligi metropoliyaga emas, balki tarixiy sarchashmasi bir boʻlsa-da, koʻpincha bir-biriga qarshi qaratildi. Oʻzbek tojikka, qirgʻiz oʻzbekka shubha bilan qaray boshladi, hatto tish qayradi... Mintaqa uchun birdek qadrli boʻlgan olimu ulamolarimizni “sizniki” va “bizniki”ga ajratdik. Bu mintaqada yashovchi xalqlar uchun soxta “tarixlar” yaratildi, ularning etnik kelib chiqishi haqida bir-biriga zid boʻlgan “ilmiy nazariyalar” oʻylab chiqarildi. Natijada Markaziy Osiyo tarixi va madaniyatini notoʻgʻri talqin qilish va etnik ildizlari bir boʻlgan Turkiston qavmlari — oʻzbek, qozoq, qirgʻiz, turkmanlardan oʻzaro dushman obrazini yaratishga qaratilgan yanglish harakat kuzatildi.

Markaziy Osiyo — geostrategik hudud sanaladi. Bu yerda boshqa kuchlar oʻz manfaatini izlaydi. Tariximizga eʼtibor qilsak, bunday bir geosiyosiy davrda davlat qurish va uni iqtisodiy, siyosiy jihatdan saqlab qolish u qadar oson boʻlmagan. Taraqqiyotdan ortda qolmaslikning yagona yoʻli — mintaqa birligidir. Faqat birlik va qardoshlik gʻoyalarini amalga oshirish sharoitidagina iqtisodiyotimiz koʻtariladi, siyosatimiz obroʻ topadi. Ayniqsa, mintaqamiz kelajagi ikki qardosh davlat — Oʻzbekiston va Qozogʻistonning olib boradigan siyosatiga, ular oʻrtasidagi hamjihatlikka koʻp jihatdan bogʻliq.

Yaqin tarixga nazar

XX asrning 90-yillari boshida Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻz mustaqilligini eʼlon qilganida, Oʻzbekiston va Qozogʻiston mintaqaviy birlashish gʻoyasidan manfaatdorligini bildirgani ham bejiz emas. Xususan, 1994-yilning yanvarida Toshkentda Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida Markaziy Osiyo iqtisodiy hamjamiyati tashkil etish toʻgʻrisida tarixiy kelishuv imzolandi. Soʻngra Qirgʻiziston ham bu kelishuvga qoʻshildi. Mamlakatlar Markaziy Osiyoda iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirishga qaratilgan loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishga kirishdi.

Dastlabki yillarda mamlakatlar rahbarlari mintaqaning yagona, aniqrogʻi, Markaziy Osiyo mintaqasi ekanini aniq koʻrsatuvchi qator muhim hujjatlarni imzolagan edi. Markaziy Osiyoning yangi tarixidan oʻrin egallagan tashabbuslarning ezgu maqsadlarga erishmoqchi boʻlganini qayd etish joiz. Markaziy Osiyo ittifoqi huzurida Hukumatlararo kengash, Tashqi ishlar vazirlari kengashi, Mudofaa vazirlari kengashi hamda tinchlik oʻrnatish batalyoni taʼsis etildi. Bundan tashqari, boshlangʻich kapitali 9 million AQSH dollari boʻlgan Markaziy Osiyo hamkorlik va taraqqiyot bankiga ham asos solindi. Tomonlar hatto Markaziy Osiyo parlamentini tashkil etish rejalari borligini ham aytgan edi. 1995-yilning aprel oyida Bishkekda Qozogʻiston, Qirgʻiziston hamda Oʻzbekiston bosh vazirlari iqtisodiy integratsiyaning 5 yillik rejasini imzoladi. 1997-yilning dekabrida Ostona (Nur-Sulton) shahrida mamlakatlar rahbarlari energetika, suv resurslari, oziq-ovqat, mineral va ishlov berilmagan materiallar boʻyicha xalqaro konsorsium tuzish toʻgʻrisidagi protokolga qoʻl qoʻydi. 1998-yilda Oʻzbekiston, Qozogʻiston hamda Qirgʻiziston vazirlari suv taqsimoti, atrof-muhit, migratsiya siyosati va iqtisodiy rivojlanishga doir asosiy masalalarni muhokama qildi. Tojikiston ushbu guruhga 1998-yilda qoʻshildi — shundan soʻng mamlakatlar gidroenergetika konsorsiumini tuzish toʻgʻrisida bitim imzoladi hamda yagona bozorni tashkil etish boʻyicha umumiy prinsiplarni kelishib oldi.

Intilishlar nega toʻxtab qoldi?

Integratsiyaning ijobiy jarayonlari boshlanganiga qaramasdan, soʻnggi yillarda ular erishib boʻlmas maqsadga aylandi. Mamlakatlar oʻrtasidagi kelishmovchiliklar oqibatida Markaziy Osiyo ittifoqi Markaziy Osiyo iqtisodiy hamjamiyati, soʻngra esa (2001-yilning dekabr oyida) Markaziy Osiyo hamkorlik tashkiloti deya qayta nomlandi. Oʻzbekiston tashabbusi bilan 2004-yilning may oyida Rossiya Markaziy Osiyo hamkorlik tashkilotiga taklif etildi. Keyinchalik esa u Yevroosiyo iqtisodiy hamjamiyatiga qoʻshilib ketdi...

Qayd etish kerakki, bir oz vaqtdan soʻng, 2007-yilga kelib, Qozogʻiston Prezidenti Nursulton Nazarboyev mintaqadagi beshta mamlakatni oʻz ichiga oladigan, mamlakatlar oʻrtasida tovar, xizmatlar, kapital va insonlar erkin harakatlanishi lozim boʻlgan Markaziy Osiyo ittifoqi toʻgʻrisidagi gʻoyani jonlantirishga urinib koʻrdi. Ammo u qoʻllab-quvvatlanmagani bois Markaziy Osiyo loyihasi qariyb xomxayolligicha qolib ketdi va uni tiklashga boʻlgan intilishlar toʻxtab qoldi.

Markaziy Osiyo iqtisodiy hamjamiyati davrida terrorizm, siyosiy va diniy ekstremizm, transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi birga kurashish, shuningdek, xavfsizlik masalalari toʻgʻrisidagi kelishuv erishilgan samarali natijalar boʻlgan edi. Shuningdek, bugungi kunda Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli boʻlgan zonaning tashkil etilishini ham mintaqaviy hamkorlik boʻyicha salmoqli yutuqlardan biri, deyish mumkin.

Munosabatlarimiz oddiy kechmagan

Qozogʻiston va Oʻzbekiston munosabatlari mustaqillik yillarida bir tekis rivojlandi, deb ayta olmaymiz. 1991-yildan 2016-yil oxirigacha Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi tarang hamda ishonchsiz munosabatlar bir necha marta oʻzaro umumiy chegaralarning yopilishiga va ikki tomonlama savdo munosabatlarining chigallashuviga olib keldi. Munosabatlarimizni koʻpincha “mintaqadagi yetakchilik uchun kurash”ga yoʻyishdi.

Biroq soʻnggi salkam 30 yildan beri oʻzaro munosabatlarimiz oddiy kechmagan boʻlsa-da, har ikkala mamlakat ham u yoki bu oʻlchovlar boʻyicha yetakchi sanaladi. Garchi ichki va tashqi siyosatda tafovutlar mavjudligiga qaramay, tomonlar turli mintaqaviy hamda xalqaro masalalar boʻyicha faol ikki tomonlama maslahatlashuvlarni olib borishdi. Biz qanchalik yashirmaylik, 2016-yilgacha hamkorlik oʻrnini raqobat egallagandi. Hamkorlik faqat qogʻozlarda va soʻzda mavjud boʻlib keldi. U yoki bu sohada bitim hamda kelishuvlarga erishilgan kunning ertasiga chegaralar yopilar, oddiy odamlarning chegaradan oʻtishi uchun ulkan turnaqator navbatlar sunʼiy tarzda yaratilardi.

Hozir aybdorlarni qidirishning oʻrni emas. Ammo oʻsha paytlar xayolimda shunday fikrlar paydo boʻlib, nahotki, ikki qardoshning munosabatlari sovuqlashib, taranglashib ketaversa... Bu ahvolda mintaqamiz taqdiri qanday kechadi, degan savollar miyamda gʻujgʻon oʻynardi.

Oʻzgarish epkinlari

Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sifatida faoliyatini boshlaganidan keyin mintaqada bahoriy epkinlar esa boshladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonda keng koʻlamli oʻzgarishlarni amalga oshirish va mamlakatni zamonaviy, xalqaro maydonda raqobatbardosh davlatga aylantirishdek tarixiy missiyani oʻz zimmasiga oldi. Uning davlat boshqaruvi tizimini izchil takomillashtirish, iqtisodiyot hamda moliya sektorini liberallashtirish, jamiyatning barcha jabhasini modernizatsiya qilish yoʻlidagi iroda va qatʼiyati chinakam qiziqish hamda cheksiz hurmat uygʻotmoqda.

2017-yilda Qozogʻistonning Birinchi Prezidenti, Elboshimiz Nursulton Nazarboyev shunday degandi:

“Oxirgi vaqtlarda munosabatlarimiz butunlay boshqacha rivojlanish yoʻliga oʻtdi. Faqatgina oxirgi besh oyning oʻzida yoki oʻtgan yilning soʻnggi choragida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 30 foiz oshdi. Toʻrtta yangi savdo uyi ochildi. Oʻtgan yilning shu davridagiga nisbatan don 30, Oʻzbekistondan meva-sabzavot 25 foizga oshdi. Bu Oʻzbekiston savdoning barcha imkoniyatlarini ochgani va toʻsiqlarni olib tashlagani natijasidir”.

Boz ustiga Qozogʻiston hamda Oʻzbekiston oʻrtasida davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari boʻyicha ulkan kelishuvlarga erishildi. Xususan, 2017-yilning noyabr oyida Oʻzbekiston hamda Qozogʻiston tomonidan Davlat chegaralarining tutashgan nuqtasi hududi haqida shartnoma imzolandi. Ushbu shartnomaning imzolanishi Qozogʻiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi davlat chegarasini xalqaro-huquqiy rasmiylashtirishning bosqichlaridan birini toʻla yakunlash imkonini berdi hamda ikki mamlakat oʻrtasida oʻzaro hurmat, suveren tenglik va hududiy yaxlitlikni mustahkamlashda mustahkam asos yaratdi. 2017-yil may oyida Oʻzbekiston tomoni Qozogʻiston Respublikasining Qoʻstanay shahrida “Ravon” rusumli avtomobillarni ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydi. Oʻzbekistonning mintaqada yagona energetika tizimini tiklashga doir saʼy-harakatlari va intilishlari ham eʼtiborga molik. Bu Markaziy Osiyo mamlakatlariga umumiy quvvatlardan foydalanish hamda elektr yetishmovchiligidan qiynalmaslik imkonini beradi. Bugungi kunda Oʻzbekiston va Markaziy Osiyoning energiya tizimi halqa rejimida ishlamoqda, energiya 500 kV hamda 220 kV da uzatilmoqda.

Maʼlumki, Oʻzbekiston Prezidenti 2017-yil 10-noyabr kuni BMT shafeligida Samarqand shahrida oʻtgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yoʻlidagi hamkorlik” mavzuidagi xalqaro konferensiyada Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining maslahat uchrashuvini oʻtkazish taklifini ilgari surgan edi. Oʻshanda bu tashabbusni mintaqadagi barcha davlatlar hamda xalqaro tashkilotlar qoʻllab-quvvatlagan va Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev birinchi uchrashuvni Ostonada oʻtkazishni taklif qilgandi.

2018-yil Ostona shahrida boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining birinchi Maslahat uchrashuvida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti mintaqada ichki turizmni rivojlantirish va qoʻshma sayyohlik mahsulotlarini tashqi bozorlarga olib chiqish tashabbusi bilan chiqdi. Markaziy Osiyo noyob sayyohlik resurslari hamda turizm tarmogʻini rivojlantirishda ulkan salohiyatga egaligiga qaramasdan, mintaqa mamlakatlari YAIMda ushbu soha ulushi 5,5 foizni, oʻrtacha koʻrsatkich boʻyicha 10,4 foiz tashkil etmoqda, xolos. Bu borada shuni taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston va Qozogʻiston Ipak yoʻli mamlakatlarining viza tartibini oʻzaro tan olish haqida shartnoma imzoladi, bu aralash turizm (bitta tur doirasida turli davlatlar va shaharlarga sayohat qilish)ning boshlanishidir. Bu har ikki davlatga sayyohlik sohasidan ulkan daromad olish imkoniyatini yaratadi.

Hamkorlikning yangi ufqlari

Oʻzbekistonning 33 milliondan ziyod aholisi bor. Bu ulkan va keng koʻlamli bozor, mehnat resurslari degani. Shuningdek, mamlakatning qulay iqlim sharoiti yil boʻyi meva va sabzavot yetishtirish imkonini beradi. Shu bilan birga, Oʻzbekiston avtomobilsozlik sohasida katta salohiyatga ega. Nafaqat yengil avtomobillar, balki yuk va yoʻlovchi tashuvchi texnikalar ham ishlab chiqarilmoqda.

Ayni vaqtda Oʻzbekiston oʻz hududini sanoatlashtirish boʻyicha yirik loyihalarni amalga oshirmoqda. Deyarli har bir hududda erkin iqtisodiy zonalar tashkil qilinayotir. Shu oʻrinda Qozogʻiston ham mana shunday imkoniyatlarga ega ekanligini taʼkidlab oʻtishni istardim. Qozogʻistonni industrial-innovatsion rivojlantirish yillarida mingdan ortiq korxonalar tashkil etildi. Yuqorida aytib oʻtganimizdek, poytaxtdan yelpigʻich tartibida barpo etilgan va etilayotgan avtoyoʻllardan Oʻzbekiston avtomobil transporti ham foydalanib kelmoqda.

Mintaqada xavfsizlikni taʼminlash hamda mustahkamlash borasida ham Qozogʻiston va Oʻzbekiston oʻzaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirishi zarur. Aslida bu masalada mamlakatlarimiz bir kemada.

2019-yil aprelida Qozogʻiston hamda Oʻzbekiston hukumatlari vakillari chegara osha savdo-sotiqni maqbullashtirish va Markaziy Osiyodagi eng yirik savdo hamda logistika markazini tashkil etish maqsadida ikki mamlakat chegarasida savdo va iqtisodiy hamkorlik boʻyicha xalqaro markaz barpo etish toʻgʻrisidagi oʻzaro anglash memorandumini imzolagan edi. Yangi inshoot Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari bilan savdo hamkorligini markazlashtirish, savdo oqimlarini bir joyga jamlash hamda tartibga solish, shuningdek, transport logistikasini takomillashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Qozogʻistonning Oʻzbekiston bilan aloqalari mustahkamlanishi, jumladan, ikki mamlakat vakillari oʻrtasida tez-tez oʻtkazilayotgan muzokaralar asta-sekin mintaqadagi hamkorlik jarayonini boshlab berdi. Potensial jihatdan bunday hamkorlik mintaqa davlatlariga suv va energetika muammolari, xavfsizlik hamda narkotiklar aylanmasi muammolariga birgalikda yechim topish; buyuk davlatlar, siyosatiga nisbatan umumiy pozitsiyani shakllantirish, eng muhimi, “global iqtisodiy jarayonlarning xom ashyo yetkazib beruvchi chet hududi”ga aylanib qolmaslik imkonini beradi. Oʻzbekistonning isteʼmol bozori kattaligi va Qozogʻistonning oʻlchami hisobga olinsa, ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlar mintaqadagi oʻsishning uzoq muddatli istiqboli kaliti ekani hamda chindan ham mintaqadagi iqlimni belgilab berishi yaqqol koʻrinadi.

Endi biz Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilishga intilishimiz va ularga nima taklif qilishga tayyor ekanimiz haqida oʻylashimiz lozim (masalan, chegarada qoʻshni mamlakat bilan erkin iqtisodiy hududni yaratish, qishloq xoʻjaligida hamkorlik oʻrnatish mumkin). Hamkorlikni mustahkamlash zarur, chunki tez orada Oʻzbekiston oʻziga tortish markaziga aylanishi, shubhasiz.

Oʻzbekiston jasorati

Bilasizmi, turli sinovlar, ofatlar insoniyatni, xalqlarni oʻzaro yaqinlashtirgan. Avvaliga COVID-19 pandemiyasi va keyin Sardoba suv omboridagi texnogen ofat qozoq hamda oʻzbekni sinovlarda tobladi, ularni yana-da yaqinlashtirdi. Ana shu ogʻir damlarda oʻzbeklar bagʻrikengligini, himmatini, saxovatini yana bir bor namoyish etdi.

1-may kuni tongda Sardoba suv omboridagi toʻgʻon oʻpirilishi natijasida yuzaga kelgan suv toshqinidan Qozogʻistonning Maqtaaral tumanidagi beshta qishloqni suv bosdi, 900 ga yaqin xonadonlar suv ostida qoldi. Oʻzbekistonning oʻzi uchun ham ogʻir damlarda, yaʼni 6-may kuni Oʻzbekiston Prezidentining maslahatchisi Tursinxon Xudaybergenov boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari mamlakatimizdagi Turkiston viloyatining toshqindan zarar koʻrgan hududlarida boʻldi.

Oʻzbekiston tarafidan 209 nafar shaxsiy tarkib, 169 ta qishloq xoʻjaligi, muhandislik va yongʻin-qutqaruv texnikalaridan iborat qoʻshimcha kuch hamda vositalar ofat hududiga yetkazildi. Oʻzbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov

10-may kuni Turkiston viloyatining Maqtaaral tumanidagi Mirzakent posyolkasi aholisi bilan uchrashdi. Bu yerda mamlakatimiz Bosh vaziri Asqar Mamin bilan birga Sardoba toshqinida uyini yoʻqotgan qozogʻistonliklarga quriladigan yangi uyga poydevor qoʻyishni boshlab berdi. Bu qadam ham yurtdoshlarimizni quvontirdi. Axir Oʻzbekiston bu tabiiy yoki texnogen ofat, deb qoʻya qolishi ham mumkin edi. Yoʻq aslo bunday boʻlmadi. Oʻzbekiston davlati tiklash va qurilish ishlari uchun 200 nafar mutaxassis hamda 100 ga yaqin oʻt oʻchirish mashinasi, ekskavator, traktor, suv haydash nasosi va boshqa texnikalar yubordi.

Mana, yaqinda qardosh Oʻzbekistondan Turkistonning suv toshqinlaridan talafot koʻrgan hududiga 3 ta yuk mashinasidan iborat gumanitar yordam yetib keldi. Qoʻshni oʻlkadan 150 ming dona tibbiy niqob, 2500 dona himoya kostyumi, 150 ming dona tibbiy qoʻlqop, 1000 termometr va 440 dona koyka keltirildi. Ushbu gumanitar yordam Turkiston viloyatining tibbiy muassasalari orasida taqsimlandi.

Xullas, mintaqadagi ikki yirik davlat — Qozogʻiston va Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda qator integratsion loyihalarni birgalikda amalga oshirishga qaror qilishdiki, bunga oʻxshash hodisalarni XX asr oʻrtalarida Germaniya hamda Fransiyaning Yevropa integratsiyasi sari yoʻl olgan harakatlari misolida kuzatish mumkin.

Toʻgʻri, mustaqillikning dastlabki yillarida ikki mamlakat munosabatlari raqobatchilikka boy boʻlgandir. Buning sababi bor, albatta. Chunki ular oʻz suverenitetlarini mustahkamlash, mintaqaviy va xalqaro maydonda oʻz oʻrnini topishi kerak edi. Endi esa Oʻzbekiston ham, Qozogʻiston ham suveren davlat sifatida oyoqqa turdi, raqobatga ehtiyoj qolmadi. Har holda oldingidan koʻra sheriklikni mustahkamlashni talab etadigan vazifalar paydo boʻldi. Qator iqtisodiy, infratuzilmaviy va energetik muammolarni yechish, radikal harakatlarga zarba berish, Markaziy Osiyo uchun “yirik oʻyinchilar”ning bebosh kurashiga yoʻl qoʻymaslik shart. Aytish mumkinki, koʻp narsa, hatto mintaqamiz tinchligi ham shu ikki davlatga bogʻliqligini soqit qilib boʻlmaydi. Shunday ekan, Oʻzbekiston va Qozogʻiston munosabatlari sifat jihatidan yangi pogʻonaga koʻtarilishi ikki qardosh xalqning uzoq muddatli manfaatlariga toʻla javob beradi hamda Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik, xavfsizlik va jadal taraqqiyotni taʼminlashning muhim omili boʻlib xizmat qiladi.

Ziyabek KABULDINOV,
Ch. Ch. Valixonov nomidagi Tarix va etnologiya instituti direktori,
tarix fanlari doktori, professor,
Qozogʻiston Respublikasi Milliy Fanlar akademiyasi muxbir aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер