Qoʻshtepa tumanida “IT Park” markazi ishga tushirildi
Qoʻshtepa tumanida axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirishga qaratilgan muhim loyiha — “IT Park” markazi oʻz faoliyatini boshladi.
Tantanali ochilish marosimida taʼkidlanganidek, mazkur markaz tumanda raqamli infratuzilmani rivojlantirish, yoshlarning zamonaviy kasblarga boʻlgan qiziqishini oshirish hamda istiqbolli gʻoya va tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashga xizmat qiladi.
— Markazda har kuni 100 nafargacha yosh IT va xorijiy tillar boʻyicha amaliy bilim va koʻnikmalarini oshirish imkoniyatiga ega boʻladi, — deydi Qoʻshtepa tumani hokimi maslahatchisi Saidakramxon Saidahmedov. — Shuningdek, dastlabki biznes-gʻoyalar va tadbirkorlik tashabbuslarini ragʻbatlantirish maqsadida markaz qoshida kovorking zona — “gʻoyalar hududi” tashkil etildi.

Markaz faoliyati doirasida Qoʻshtepa tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan istiqbolli dasturlar ishlab chiqishda yoshlarning tashabbus va gʻoyalaridan samarali foydalanish koʻzda tutilgan. Shu bilan birga, IT sohasida jahon bozorida nufuzga ega kompaniyalar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish orqali xorijiy ilgʻor tajribalarni amaliyotga keng joriy etish rejalashtirilmoqda.
Poytaxtdan taklif etilgan tajribali mutaxassislar ishtirokida dasturlash, veb-saytlar yaratish, grafik dizayn, robototexnika kabi yoʻnalishlarda muntazam mahorat darslari oʻtkaziladi.
Aytish joiz, shu kunga qadar qoʻshtepalik yoshlar zamonaviy axborot texnologiyalari boʻyicha qoʻshimcha bilim olish uchun Margʻilon shahri yoki viloyat markaziga qatnab kelgan. Endilikda ular oʻz tumanida zamonaviy sharoitlarda tahsil olib, yangi loyihalarni amalga oshirish va xalqaro maydonda oʻz xizmatlarini eksport qilish imkoniyatiga ega boʻlmoqda.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Ilm-fan sohasida xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlarga bagʻishlangan anjuman
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Milliy naqshlarda oʻzligimiz namoyon
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring