Qoʻshimcha taʼlim turlari qonunan mustahkamlanmoqda
Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”
Senatning 10-yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga taʼlim xizmatlarini koʻrsatish sohasini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, mamlakatimizda taʼlim sifatini yanada yaxshilash, aholi barcha qatlamlarining taʼlim olishga boʻlgan konstitutsiyaviy kafolatlarini toʻlaqonli roʻyobga chiqarish borasida qator islohotlar amalga oshirilmoqda.
Senatorlar tomonidan qayd etilganidek, mazkur Qonun ham ushbu islohotlarning mantiqiy davomi sifatida ishlab chiqilgan boʻlib, bu boradagi ishlarni amalga oshirishda yuzaga kelayotgan muammolarning oldini olishga qaratilgan.
Qonun bilan kiritilayotgan asosiy oʻzgartirish shundan iboratki, “maktabdan tashqari taʼlim” atamasi ilgʻor xalqaro talablarga muvofiq “qoʻshimcha taʼlim” atamasi bilan almashtirilmoqda.
Shuningdek, “qoʻshimcha taʼlim” atamasiga taʼrif berilib, u bolalar uchun qoʻshimcha taʼlim va katta yoshdagilar uchun qoʻshimcha taʼlim turlariga ajratilmoqda.
Bundan tashqari, davlat qoʻshimcha taʼlim muassasalari taʼlim sohasidagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan kelishilgan holda tashkil etilishi nazarda tutilmoqda. Bunda bolalar uchun nodavlat qoʻshimcha taʼlim faoliyati Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligini, katta yoshdagilar uchun esa Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligini xabardor qilish orqali amalga oshiriladi.
Muhokama jarayonida senatorlar tomonidan ushbu Qonunning qabul qilinishi taʼlim turlari boʻyicha huquqni qoʻllash amaliyotida mavjud nomuvofiq holatlarni bartaraf etishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Yunus Boʻriyev (foto), Otabek Saidahmadov
“Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ilm-fan sohasida xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlarga bagʻishlangan anjuman
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Milliy naqshlarda oʻzligimiz namoyon
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring