Qoraqalpoq tilining 34 yilligi keng nishonlandi. Fotoreportaj

22:44 01 Dekabr 2023 Madaniyat
601 0

Foto: Akmal Muhammadov, «Xalq so‘zi»

1 dekabr kuni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida “Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat tili to‘g‘risida”gi Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonuni qabul qilinganining 34 yilligi munosabati bilan Adiblar xiyobonidagi qoraqalpoq adabiyotining ulkan namoyandalari – Berdaq, Ibroyim Yusupov, To‘lepbergan Qaypbergenov haykallarida adabiy tadbirlar hamda uyushmaning katta majlislar zalida "Qoraqalpoq tili izohli lug‘ati" va "O‘zbekcha-qoraqalpoqcha lug‘at" kitoblari taqdimotiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Adiblar xiyobonida yozuvchi-shoirlar, olimlar, oliy o‘quv yurti o‘qituvchi-talabalari jam bo‘ldi. Dastlab qoraqalpoq adabiyotining ulkan namoyandalari – Berdaq, Ibroyim Yusupov, To‘lepbergan Qaypbergenov haykallari poyida gul qo‘yish marosimi o‘tkazildi. Shundan so‘ng, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Toshkent davlat agrar universiteti jamoasi o‘zlariga biriktirilgan adiblar haykallari atrofida  qoraqalpoq tili kuniga bag‘ishlab, adabiy-ma’rifiy tadbir o‘tkazdi.

Tadbirning asosiy qismi Yozuvchilar uyushmasi tadbirlar zalida keng jamoatchilik ishtirokida davom etdi. Bino foyesida qoraqalpoq adabiy hayotiga doir suratlar hamda qoraqalpoq adiblarining kitoblar ko‘rgazmasi tashkil qilindi. Unda o‘zbek va qoraqalpoq mumtoz navolari jarang sochdi.

Tantali adabiy kechani O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, Sirojiddin Sayyid, Fanlar Akademiyasi vise-prezidenti Bahrom Abduhalimov,  Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojidin Hojimatov kirish so‘z bilan ochib berdi.

Taqdimot davomida "Jahon adabiyoti" jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyevning “Qoraqalpoq ijodkorlarining o‘zbek tiliga tarjima qilingan asarlari”, Amudaryo” jurnali bosh muharriri Xalila Davletnazarov, shoira Gulnara Nurlipesovaning "O‘zbekcha-qoraqalpoqcha lug‘at" haqida, tilshunos Nurlibay Allamuratov "Qoraqalpoq tili izohli lug‘ati" kitobining ahamiyati xususida qator ma’ruzalar tinglandi.

O‘z vaqtida qoraqalpoq she’riyati va nasri Mirtemir, Abdulla Oripov, Shuhrat, Muhammad Ali, Azim Suyun, Halima Xudoyberdiyeva, Ma’ruf Jalil, Oydin Hojiyeva tarjimasida o‘zbek o‘quvchisiga yetkazilgan.  Qoraqalpoq adabiyoti bugungi kun o‘quvchisiga Otauli, Muzaffar Ahmad, Rustam Musurmon, Orziqul Ergash, Yangiboy Qo‘chqorov, Gʻafur Shermuhammad kabi tarjimonlar mehnati samarasi o‘laroq taqdim etilmoqda.

Tadbir davomida taniqli san’atkorlar tomonidan qoraqalpoq termalari ijro etildi. Ko‘tarinki ruhda tashkil etilgan tantanali adabiy kecha ijod ahliga o‘zgacha ilhom baxsh etdi.

Foto: Akmal Muhammadov, «Xalq so‘zi»

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?