Qoraqalpogʻistonda turizm sohasi boʻyicha qiymati 232,5 milliard soʻmlik 41 ta loyihalar ishga tushirilishi rejalashtirilgan

Gʻayrat OTAJONOV/“Xalq soʻzi”. Mamlakatimizda tarixiy, madaniy va xushmanzara goʻshalar koʻp. Ularning negizida turizm maskanlari, mehmonxonalar barpo etilib, sayyohlik biznesiga qulaylik yaratish borasida keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda.
Xorijiy davlatlarga aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyilishi turizm sohasi rivojlanishida muhimligini Qoraqalpogʻiston misolida ham koʻrish mumkin.
— Aeroportimiz soatiga 400 nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega, — deydi “Nukus xalqaro aeroporti” masʼuliyati cheklangan jamiyati direktori oʻrinbosari Ajiniyaz Saribayev. — Xalqaro standartlarga muvofiq eng ilgʻor texnologiyalar bilan jihozlangan. Hozirda 7 ta havo kemalarining turargohi mavjud. Aerodromda zamonaviy yoritish-signal va aeronavigatsiya uskunalari oʻrnatilgan. Keyingi paytda mahalliy va xalqaro yoʻnalishlar boʻyicha bir necha yangi aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyildi. Masalan, joriy yilning 1-aprel sanasidan boshlab Nukus—Moʻynoq—Nukus yoʻnalishi boʻyicha doimiy reyslar ishga tushirildi. Shuningdek, 2024-yilning 1-iyun sanasidan boshlab haftasiga ikki marta (chorshanba va shanba kunli) “Nukus—Olmaota—Nukus” yoʻnalishi boʻyicha A-320 samolyotlari parvozlari jadallashdi. Bundan tashqari, 2024-yilning 3-iyun sanasidan har haftaning dushanba kuni “Nukus—Istanbul—Nukus” reysini amalga oshirish yoʻlga qoʻyildi.
— Ayni paytda Qoraqalpogʻistonda 58 ta turoperator va 6 ta tur-agent faoliyat koʻrsatmoqda. 2024-yilda 3 tur-agent, 1 turoperator tashkil qilindi, — deya suhbatga qoʻshildi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Turizm boshqarmasi masʼul xodimi Bayram Kusekeyev. — Albatta, turistlar oqimining ortishi ularni joylashtirish, mehmonxonalarni koʻpaytirish va xizmat sifatini oshirishni taqozo qiladi. Sayyohlar joylashishi mumkin boʻlgan mehmonxona va shunga oʻxshash oʻrinlar soni 104 taga ortganining sababi ham shunda. Ularning 31 tasi mehmonxona, 26 ta xostel va 47 ta mehmon uylari turistlarga xizmat koʻrsatmoqda. Joriy yilning oʻzida Nukus shahrida 1 ta mehmonxona qayta tashkil qilinib, 1 ta xostel, 1 ta oʻtov uyi va 2 ta mehmon uyi oʻz faoliyatini boshladi. Mazkur joylar “emehmon.uz” tizimida faoliyati yoʻlga qoʻyilgani turistlar uchun qulaylik yaratmoqda.
Albatta, mamlakatimizga kelgan turistlar belgilangan marshrutlar boʻylab yuradi. Talab darajasidagi avtomashinalar boʻlishi kerak. Joriy yilda qoʻshimcha, 2 ta avtobus olinib, jami, turizm sinfidagi transport vositalari 116 taga yetkazildi. Sir emas, Qoraqalpogʻistonga koʻpincha mahalliy va xorijiy turistlar xalqaro miqyosdagi tadbirlar, adabiyot va sport bayramlariga ishtirok etish uchun keladi.
Misol uchun, mart oyida Moʻynoq tumanida “NavrUz” va Milliy ot oʻyinlari etnofestivali hamda Nukus shahrida “Ichki turizm yarmarkasi”ga 100 ga yaqin chet ellik sayyohlar ishtirok etdi. Ular orasida Angliya, Italiya, Fransiya, Polsha, Germaniya, Daniya, Tailand, Xitoy va boshqa davlatlardan tashrif buyurgan turistlar bor. Festivalga Xitoy davlatidan 20 dan oshiq investorlar ham qatnashdi. Orol dengizi boʻyida mobil aloqadan foydalanish imkoniyati yaratilgani chet ellik sayyohlarga qulaylik yaratmoqda.
Eʼtiborlisi, birgina joriy yilning oʻzida turizm va unga yondosh xizmat koʻrsatish sohalarida umumiy qiymati 232,5 milliard soʻmlik 41 ta loyihalar ishga tushishi hisobiga 354 ta yangi ish oʻrni yaratilishi rejalashtirilgan. Shundan, joriy yilning dastlabki choragida 52,1 mlrd. soʻmlik 12 ta loyiha ishga tushirilib, 14 ta ish oʻrinlari yaratildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
- Hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalari amalga oshiriladi
- Endilikda muddati oʻtgan tovarlarning sotilishi avtomatik ravishda cheklanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring