Qoraqalpogʻiston: yangi davr odimlari

Bundan ikki oycha muqaddam Prezidentimizning “Qoraqalpogʻiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Unga binoan, mintaqani 2035-yilgacha rivojlantirishga qaratilgan strategiya belgilandi.
Bu — Yangi Oʻzbekistonda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar markazida turgan Qoraqalpogʻiston Respublikasini rivojlantirishning yangi bosqichi boshlanganidan dalolat beradi.
Sobiq ittifoq davrida paxta siyosatiga qaram boʻlgan yurt mahzunlik va zabunlikka yuz tutdi. Asrlar davomida mavjlanib, mintaqa ahliga rizq-roʻz ulashgan Orol quridi.
Qoraqalpogʻiston ahli qora qozonini qaynatish uchun uzoq oʻlkalarda musofir boʻlib, rizq topishga tutindi.
Va nihoyat, 2016-yil 10-noyabr. Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻiston Respublikasining Shumanay tumanida boʻlib oʻtgan saylovoldi uchrashuvida: “Men nafaqat oʻzbek xalqining, balki qoraqalpoq xalqining ham farzandiman!” deb taʼkidladi. Xalqning dardini tingladi, muammolarini oʻrgandi, ularni bartaraf etishga soʻz berdi. Bu mintaqa ahlining koʻngliga chiroq yoqdi.
Ulusning ulugʻ kuni
Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylanganidan keyin davlat rahbari sifatida birinchi tashrifini qoraqalpoq zaminidan boshladi. Buni qoraqalpogʻistonliklar yaxshi eslaydi. Mintaqada barcha islohotlar mavjiga turtki berildi. Ulusning ulugʻ kunlari boshlandi.
Oʻshandan buyon qancha oy-u yillar, qancha suvlar oqib oʻtdi. Shu vaqt oraligʻida Prezidentimiz Qoraqalpogʻistonga koʻp marotaba tashrif buyurdi. Har bir tashrif voha ahlining ogʻirini yengil qilish, turmush tarzini yaxshilash, shahar va qishloqlar infratuzilmasini shakllantirish va takomillashtirish bilan bogʻliq boʻldi. Bu Prezidentimizning Qoraqalpogʻiston xalqiga koʻrsatgan yuksak hurmat-eʼtiboridan dalolat beradi.
Oʻtgan qisqa davrda Prezident topshirigʻiga koʻra, vazirlar-u qoʻmita raislari bu hududdagi har bir tuman, har bir ovuldagi vaziyatni atroflicha oʻrgandi. Hatto chekka-chekka qishloq va ovullargacha kirib borildi, u yerlarda istiqomat qilayotgan aholining muammolari oʻrganilib, ularni hal qilishga qaratilgan dasturlar ishlab chiqildi va ijrosi qatʼiy nazoratga olindi.
Biror soha boʻlmadiki, davlat eʼtibori, mutasaddilar nazaridan chetda qolgan boʻlsa. Toʻrtkoʻldan tortib Moʻynoqqacha, Boʻzatovdan Taxtakoʻpir-u Chimboy, Kegeyli-yu Shumanayga qadar — barcha joyda bunyodkorlik ishlari boshlandi.
Ilgari ish topish ilinjida yurgan odamlar yumushli boʻldi, ularning roʻzgʻoriga baraka indi. Avvallari qoraqalpoq ahli uchun orzu boʻlgan, tushlariga ham kirmagan ulkan rejalar hayotga koʻchmoqda bugun. Mintaqada maktablar, maktabgacha tarbiya muassasalarining yangi binolari qurildi, yangi ish oʻrinlari yaratilib, qishloq va shaharlar infratuzilmalari yaxshilandi.
Bugun Qoraqalpogʻiston, uning shaharlari-yu ovullari butkul yangi qiyofaga kirgani rost.
Ovullardan — zamonaviy turarjoylargacha
Raqamlarga murojaat qiladigan boʻlsak, Qoraqalpogʻistonda olib borilayotgan islohotlar koʻlami koʻzga yaqqol tashlanadi. Masalan, 2017-yilda yalpi hududiy mahsulot 17,4 trln. soʻmni tashkil etgan boʻlsa, bu raqam 2024-yil oxiriga kelib 45,7 trln. soʻmga yetdi. Birgina Nukus shahrini oladigan boʻlsak, bu yerda 91,5 mln. dollarlik toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirildi.
Albatta, bu raqamlar ortida mintaqa ahlining tinimsiz mehnati, orzu-umidlari mujassam. Qoraqalpogʻistonda qad koʻtargan har bir yangi zavod, har bir ishlab chiqarish korxonasi Prezident orzusi, ezgu niyatlari roʻyobi sifatida namoyon boʻlmoqda.
Bu islohotlar, oʻz navbatida, har bir hudud, har bir tumandagi, ovuldagi odamlar hayotiga yangicha mazmun olib kirdi.
Nukus shahrida Prezident maktabi, Ibroyim Yusupov nomidagi ijod maktabi, Opera va baxshichilik maktabi, Ichki ishlar vazirligi tarkibidagi “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi qad rostladi. Davlat eʼtibori bilan Qoraqalpogʻistondagi umumtaʼlim maktablarida boshlangʻich sinf oʻquvchilari bepul ovqat bilan taʼminlanadigan boʻldi.
Nukus shahriga janub tomondan kiraverishda qurilgan yangi koʻprik avtomobil harakatini tartibga solish, tirbandliklarni bartaraf etish bilan birga, shaharning ramziy darvozasiga aylandi.
Gʻuzor — Buxoro — Nukus — Beynov xalqaro avtomagistralining 652 kilometrida joylashgan ushbu koʻprik gʻarb-u sharqni bir-biriga bogʻlovchi zamonaviy infratuzilma obyekti sanaladi.
Nukus shahridagi “Sahro Luvri” nomi bilan mashhur I. Saviskiy nomidagi Qoraqalpogʻiston davlat sanʼat muzeyi nafaqat Qoraqalpogʻistonning, balki Oʻzbekistonning ham eng bebaho xazinalaridan biridir.
Nukus shahridagi “Oqqush” majmuasida qoraqalpoq milliy “Qora uyi”, yaʼni oʻtovi Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgani shahardagi bunyodkorliklarga baho boʻlib turibdi.
Yaqin yillarda yangidan barpo qilingan 16 qavatli zamonaviy turarjoylar, chiroyli imoratlar boʻy tikladi. Shuningdek, yaqinda shahar markazida zamonaviy majmua qurilishi boshlangani koʻpchilikning hayratini oshirmoqda.
Yuksalish sari shaxdam qadamlar bilan
Qoraqalpogʻiston Respublika Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi maʼlumotiga koʻra, 96 ta eng muammoli aholi punktidagi vaziyat toʻliq nazoratga olingan. Oʻz-oʻzini ish bilan taʼminlash, mikrobiznes va ishbilarmonlik borasida sezilarli oʻsish kuzatilmoqda. Shu yilning dastlabki olti oyi ichida mintaqada 11 mingdan ortiq mikroloyihalar amalga oshirildi. Natijada 22 mingdan ziyod yangi ish oʻrinlari yaratildi.
— Kindik qoning toʻkilgan joyni tark etish — ogʻir qismat. Oldinlari koʻpchilik shunday qilishga majbur boʻldi, — deydi Xoʻjayli tumanidagi koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi rahbari Tamara Tanibergenova. — Chimboy yo Qoʻngʻirotni qoʻya turing, Nukusda ham ahvol juda nochor edi. Ana shunday sharoitda fermerlik ham mashaqqatli ish boʻlib qoldi. 2017-yil Prezidentning Qoraqalpogʻistonga kelishi barcha gʻam-gʻussaga barham berdi, biz goʻyo uzoq uyqudan uygʻondik. Ertaga xorijga, tuzukroq joyga ketaman, deya toʻrvaxaltasini tayyorlab qoʻygan kishilar ham niyatidan qaytdi. Hatto men ham bir ayol-u ona, mulkdor sifatida oʻsha kundan buyon oʻzimni butkul boshqacha his qiladigan boʻldim. Chunki bizga davlat rahbarining oʻzi dalda berdi. Ilgari dardimizni tinglamaydigan rahbarlar ham quchogʻini ochib kutib oladigan boʻldi.
Mintaqada 2017 — 2024-yillar oraligʻida aholi jon boshiga ishlab chiqarilgan mahsulot hajmi 8,7 mln. soʻmdan 22,6 mln. soʻmgacha oʻsdi. Agar ilgari qishloq xoʻjaligi mintaqa iqtisodiyotining asosini tashkil qilgan boʻlsa, bugungi kunda sanoat, turizm va xizmat koʻrsatish ustuvor ahamiyat kasb etyapti.
Sanoat sektori 2,5 baravar koʻpaydi va barqaror oʻsishda davom etmoqda. Xizmat koʻrsatish sohasi endi mintaqa iqtisodiyotining deyarli yarmini tashkil qilmoqda. Bu modernizatsiya va diversifikatsiyaning umumiy tendensiyasini aks ettiradi. Korxonalar soni qariyb 60 foizga oʻsdi — 19,2 mingdan 30,3 minggacha. Kichik biznes, klasterlar, erkin iqtisodiy zonalar va soliq imtiyozlari tadbirkorlar uchun asosiy nuqtaga aylandi.
“Er ham el bilandir, yer ham el bilan”
— Bugun Moʻynoq osmonida samolyot uchyapti, — deydi moʻynoqlik oqsoqol Nurliboy Nurimbetov. — Rahbarlik kursisida jonkuyar kishilar oʻtiribdi. Ochigʻi, ular ham ishxonasida emas, odamlar orasida, el dardi bilan yashab-ishlayapti. Buni koʻrib yaxshi kunlar ham kelarkan-ku, deysiz beixtiyor. Kechagina iqtisodiy jihatdan qoloq hisoblangan Moʻynoq, Kegeyli, Qonlikoʻl tumanlarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash boʻyicha zamonaviy korxonalar, toʻqimachilik, logistika markazlari, servis kompaniyalari ochilmoqda. Minglab odamlar doimiy ish topdi. Bularning barchasi Qoraqalpogʻiston subsidiya mintaqasidan “oʻsish nuqtasi”ga aylanayotganidan dalolat beradi. Va bu jarayon tezlashmoqda.
Ajiniyoz bobo bir paytlar qoʻbizini sozlab, “Er ham el bilandir, yer ham el bilan”, deya bejiz kuylamagan ekan. Ilgari arosatda qolgan Moʻynoq Prezidentimizning alohida eʼtibori tufayli bugun qayta chiroy kasb etdi. Orol dengizining qurigan tubida Oʻzbekistonning barcha hududidan yordamga kelgan hasharchilar koʻmagida yashil qoplamalar, yaʼni saksovullar ekildi.
Tavalludining 200-yilligi munosabati bilan qabriga maqbara qurilib, ruhiga duolar oʻqilgan Ajiniyoz bobo ruhi bugungi avlodlardan rozi boʻlgan esa, ne ajab!..
Uzoq yillar eʼtibordan chetda qolib kelgan, 2019-yilda qayta tashkil topgan Boʻzatov tumanida sanoat, qishloq xoʻjaligi va xizmat koʻrsatish loyihalarini rivojlantirish boʻyicha qiymati 75,3 mlrd. soʻmlik 68 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish natijasida 600 ga yaqin yangi ish oʻrinlari yaratildi. Bu yerda soʻnggi yillarda butun Oʻzbekiston miqyosida yoshlar festivali oʻtkazib kelinmoqda. Bu yilgi festivalda oʻz yurtining madhini kuylagan qoraqalpogʻistonlik yosh sanʼatkor qiz birinchi oʻrin gʻolibi boʻldi.
Qalʼalar — oʻtmish darakchilari
Qoraqalpogʻistonda Butunjahon moddiy merosi obyektlari roʻyxatiga kiritilgan qadimiy qalʼalar, 288 ta madaniy meros obyekti bor. Tuproqqalʼa, Ayoz qalʼa, Qoʻyqirilgan qalʼa, Katta Guldursun qalʼasi, Pir qalʼa, Anqa qalʼa, Qoʻrgʻoshin qalʼa, Jonbos qalʼa kabi oʻtmish darakchilari hisoblanmish mashhur obidalarga dunyoning turli burchaklaridan kelayotgan sayyohlar soni yildan-yilga oshib bormoqda. Koʻplab madaniy-tarixiy, ziyorat, arxeologik, gastronomik va turizm yoʻnalishlarida turli dasturlar amalga oshirilmoqda.
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi va Madaniy meros agentligi, Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti bilan sheriklikda “Turizm laboratoriyasi” ochildi.
Beruniy tumanida joylashgan Sulton Uvays bobo, Moʻynoq tumanidagi Hakim ota — Sulaymon Boqirgʻoniy ziyoratgohlari, Orol dengizi, Sudochye koʻli va Ustyurt platosida, “Aqtumsiq” atrofida turistik majmua tashkil qilindi.
Investitsiya loyihalari — amalda
Davlatimiz rahbari nafaqat katta shaharlar, balki markazdan yuzlab kilometr uzoqlikdagi tumanlar-u ovullarga ham eʼtibor qaratdi. Buning natijasida shimoliy mintaqada 480 dan ortiq investitsiya loyihalarini ishga tushirish, 13 mingdan ortiq ish oʻrinlarini yaratish, qishloq xoʻjaligi va toʻqimachilikdan farmatsevtika va energetikagacha boʻlgan asosiy tarmoqlarga 2,1 mlrd. dollarga yaqin mablagʻ jalb qilishni oʻz ichiga olgan keng qamrovli dasturlar boshlanib ketdi.
Bugungi kunda Xitoy, Germaniya, Rossiya, Saudiya Arabistoni va Ispaniya davlatlaridan kelgan xorijiy investorlar ishtirokida 124 ta loyiha ijrosiga kirishilmoqda. Bu Qoraqalpogʻistonda muhandislik infratuzilmasini rivojlantirish, quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish, foydali qazilmalarni qayta ishlashni kengaytirish, tegishli tarmoqlarda zamonaviy ishlab chiqarishlarni ishga tushirish bilan chambarchas bogʻliq.
— Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasida soʻzlagan nutqi, AQSH Prezidenti bilan qilgan suhbati bizga beqiyos Qurur bagʻishladi, — deydi “Nuroniy” jamgʻarmasi Qoraqalpogʻiston boʻlimi raisi, “Doʻstlik” ordeni sohibi Tursinbay Abdujabborov. — Bu tarixiy voqealar hamon odamlar ogʻzida, oqsoqollar tilida. Chunki davlatimiz rahbari dunyoning eng nufuzli joylarida uchrashuvlar oʻtkazayotgan chogʻida ham yuragi tun-u kun biz bilan, xayolida el-yurt tinchligi, farovonligi. Qoraqalpogʻistonga kelganida ham, bir zum boʻlsin, tinmaydi, loyihalar-u topshiriqlar nima boʻldi, yana qanday qulayliklar yaratish kerak, deya mutasaddilarga, odamlarga yuzlanadi. Yuzimizdagi quvonchni koʻrganda esa yangidan-yangi loyihalarga kuch oladi, nazarimda. Bu bizga-da beqiyos quvvat, dalda bermoqda. Nuroniy otaxon va onaxonlar Prezidentimizga tashakkurlar aytib, zamonga shukronalar qilmoqda.
Kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish masalasi ham ustuvor vazifaga aylangan. Ushbu sohada kreditlarni qoʻllab-quvvatlashning umumiy hajmi 2,8 trln. soʻmdan oshdi, shundan qariyb 900 mlrd. soʻmi davlat dasturlari doirasida ajratildi. Mintaqaning infratuzilmasida ham keng koʻlamli oʻzgarishlar roʻy bermoqda. Oʻtgan sakkiz yil ichida qariyb 3000 kilometr suv taʼminoti tarmoqlari va 90 kilometrdan ortiq gaz quvurlari tortilib, yangilandi, 5,5 mln. kvadrat metrdan ziyod uy-joylar qurildi, 120 mingdan koʻp oʻquvchilar uchun maktab hamda maktabgacha taʼlim tashkilotlarida 19 ming oʻquvchi oʻrni yaratildi.
Hamma narsa inson uchun!
Bugungi kunda ixtisoslashtirilgan tibbiy markazlarning Qoraqalpogʻistondagi mintaqaviy filiallarida 150 turdagi yangi texnologiyalar joriy etildi. Bu bemorlarni Toshkent yoki xorijga yubormasdan, joylarda amalga oshirilayotgan yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlarini sezilarli darajada kengaytirish imkonini beradi.
Faqat oʻtgan yilning oʻzida qoraqalpogʻistonlik yuqori malakali shifokorlar yuzlab oʻta murakkab jarrohlik amaliyotlarini, 3 ta ochiq yurak operatsiyasini va 4 ta buyrak transplantatsiyasini sifatli amalga oshirishdi. Keyingi sakkiz yilda oilaviy poliklinikalar soni keskin koʻpaydi, mahallalarda yuzdan ziyod tibbiyot punktlari ochildi. Toʻrtkoʻl, Qoʻngʻirot, Chimboy tumanlarida yurak-qon tomir kasalliklarini davolash boʻyicha ixtisoslashtirilgan markazlar tashkil etildi.
Gʻuzor — Buxoro — Nukus — Beynov xalqaro avtoyoʻlining Qoraoʻzak va Beruniy tumanlari hududidan oʻtadigan qismini rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning koʻrsatmasi bilan uddalanayotgan ushbu loyiha doirasida Osiyo taraqqiyot banki koʻmagida qiymati 48,7 mln. dollar mablagʻ ajratilgan.
Yaqinda esa Qoraqalpogʻiston Respublikasi rahbariyati Osiyo taraqqiyot banki delegatsiyasini qabul qildi va ushbu uchrashuv chogʻida mazkur trassaning Amudaryo, Beruniy, Ellikqalʼa va Toʻrtkoʻl tumanlari orqali oʻtadigan boshqa uchastkalarida rekonstruksiya ishlarini bajarish muhokama qilindi. Qiymati 233,1 mln. dollar boʻlgan ushbu loyiha deyarli 87 kilometrlik avtomobil yoʻlini yangilashni oʻz ichiga oladi hamda kelgusida Qoraqalpogʻistonning transport-logistika imkoniyatini yanada kengaytiradi, yoʻllarning oʻtkazish qobiliyatini oshiradi, mintaqaning iqtisodiy oʻsishi uchun qoʻshimcha zamin yaratadi. Qolaversa, ishonchli va arzon transport tizimi nafaqat tashish vositasi, balki odamlarning hayot sifatiga, iqtisodiy faollik darajasiga va aholining ijtimoiy harakatchanligiga bevosita taʼsir koʻrsatadigan ijtimoiy infratuzilmaning muhim elementidir.
Orol dardi — olam dardi
— Qoraqalpogʻiston elini boy qilish, hududning yuragi, joni-yu qoni sanalgan Orolboʻyini “yashil makon”ga aylantirish bu hech bir mubolagʻasiz Prezidentimiz tashabbusi, — deydi Qoraqalpogʻiston Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi raisi Mahmud Kaypanov. — Hududda chorvachilikni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar bois chorva bosh soni izchil koʻpaymoqda, yangidan-yangi fermalar tuzildi. Birgina yangidan tashkil etilgan Boʻzatovda qoramolchilikka qoʻl urgan tadbirkorlar soni uch karra oshdi. Orol oʻrnida paydo boʻlgan qumlikka nihol qadash, choʻllanishga qarshi tura oladigan saksovul va boshqa ekinlar urugʻini, nihollarini koʻpaytirishga kirishilgani ekologlar, tili bilan aytganda, beqiyos moʻjiza. Shu ezgu maqsadlar uchun davlatimiz rahbari mablagʻni ayamadi, “Yashil makon” umummilliy loyihasi ayni chogʻda ham muttasil davom etmoqda. Chunki saksovul va boshqa oʻsimliklar faol ravishda ekilgan boʻlsa, ular qum boʻronlariga qarshi tura oladi, tuproqning shoʻrlanishiga yoʻl qoʻymaydi.
Darhaqiqat, Orolboʻyining oʻziga xos xususiyatlari tufayli choʻl va shoʻrlangan tuproqlarga moslashgan oʻsimliklar ekishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
2018-yilda BMT shafeligida Orolboʻyi mintaqasi uchun inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik asosida trast fondiga asos solindi. 2021-yilda “Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish toʻgʻrisida” BMT rezolyutsiyasi qabul qilindi. Mintaqani moliyalashtirish, iqtisodiy salohiyatini oshirish, aholi salomatligini tiklash, hududda yashil maskanlar yaratish maqsadida 14 mln. dollardan ortiq mablagʻ ajratildi.
Prezidentimiz fojia taʼsirini kamaytirish, odamlar hayotini osonlashtirish maqsadida Orolboʻyining flora va faunasini yaxshilashga qaratilgan 5 yillik milliy dastur ishlab chiqish vazifasini qoʻydi. Ekologlar va oʻrmon xoʻjaligi mutaxassislariga mintaqa aholisi turmush tarzini yaxshilashga qaratilgan ishlarni ilmiy asoslangan tarzda davom ettirish, hudud tuprogʻiga mos navlar yaratish, chorvachilikni rivojlantirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Shu bilan birga, davlatimiz rahbari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi sessiyalarida, xalqaro sammitlarda davlat rahbarlarini Orol fojiasini bartaraf etish yoʻlida hamkorlik qilishga chaqirdi, muhim taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.
Garchi Orolning qurigan qismida oʻrmonlashtirish tadbirlari oʻtgan asrning 80-yillarida boshlangan boʻlsa-da, keltirilgan maʼlumotlarda 40 yil davomida 400 ming gektar maydon oʻrmonlashtirilgani qayd etilgan. 2018-yildan esa oʻrmonlashtirishning yangi davri boshlandi. Natijada 6 ming tonnaga yaqin urugʻ tayyorlanib, dengizning suvi qurigan qismiga saksovul, qoraboʻroq, qandim, cherkez kabi choʻl oʻsimliklari ekildi, ikki million gektarga yaqin “Orolqum sahrosi” oʻrmonlashtirildi.
Ahilligimizga koʻz tegmasin
Orolboʻyi hududlarida joriy yilda ham 100 ming gektar maydonda “yashil qoplama” boʻy koʻrsatadi. Mutaxassislar maʼlumotiga koʻra, Orolboʻyida barpo etilayotgan yashil hududlar bois kelgusida mintaqada iqlim moʻtadillashadi. Ekotizim tiklanadi, shamol taʼsirida qum, tuz va changning havoga koʻtarilishi kamayadi, eroziyaning oldi olinadi. Ijtimoiy-iqtisodiy muhit barqarorligiga erishiladi.
— 77 yoshga kirgan boʻlsam-da, kuniga bobolarimdan qolgan dalani, bogʻni bir aylanib kelmasam, koʻnglim joyiga tushmaydi. Amudaryoda suv koʻpayganini eshitgan kunim esa quvonganimdan hech kimga koʻrsatmay yigʻladim. Bu birgina mening emas, nazarimda, butun qoraqalpogʻistonliklar quvonchi edi, — deydi oqsoqol Jumamurod Turemuratov. — Bugun qay bir oʻzgarishni aytay, qaysi tuman, qaysi ovuldagi hashamatli saroylarni, bolalar shodligidan nurga toʻlgan istirohat bogʻlarini tilga olay?! Axir biz mana shunday quvonishni, yaxshi kunlarni unutayozgan edik. Farzandlarimiz ham bu tuproqqa begonalashayotgan edi...
Bilasizmi, men uchun bu oʻzgarishlar taqdirning betimsol tuhfasi. Elimizga boʻlgan muhabbati, beminnat xizmati uchun Prezidentimizdan minnatdormiz. Dunyoda 200 dan ziyod mamlakatlar bor. Lekin ozod, hur Oʻzbekistonimizni oyoqqa turgʻazayotgan davlatimiz rahbari tomonidan qoraqalpoq ahliga koʻrsatilayotgan tantilikni taʼriflashga til ojiz. Ona yurtimiz tinch, xalqimiz farovon yashasa, et bilan tirnoq kabi ogʻa-inilar, qondoshlar ahil boʻlsak, bas.
Orzular qanotida nurli kelajak sari
Yana bir quvonarli holat. Prezidentimiz qaroriga koʻra, mintaqani 2035-yilgacha rivojlantirish boʻyicha strategiya 5 yillik batafsil dastur asosida amalga oshiriladi. Buning uchun natijaga asoslangan moliyalashtirish tizimi (PforR) boʻyicha 150 — 200 mln. AQSH dollari miqdoridagi xorijiy mablagʻlar jalb qilinadi.
2025-2026-yillarda yalpi hududiy mahsulot hajmini oʻrtacha 6-6,5 foiz, sanoat ishlab chiqarishini 5-6, bozor xizmatlarini 15 — 17 foizga yetkazish Qoraqalpogʻiston Respublikasini barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari etib belgilangani ushbu mintaqaga istiqbolli sarmoyalar jalb qilinayotganining amaldagi ifodasidir.
Prezidentimiz tomonidan uzoq istiqbolni koʻzlab yuritilayotgan xalqchil siyosat bugun qoraqalpogʻistonliklarning ovullariga chiroy, xonadonlariga nur olib kirmoqda. Ularning ogʻirini yengil qilib, koʻngillarini koʻtarmoqda. Zero, davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “Hammamizni tarbiyalagan, voyaga yetkazgan — shu xalq. Barchamizga tuz-nasiba bergan ham — shu xalq. Xalq bizdan rozi boʻlsa, ishimizda unum va baraka boʻladi”. Xalqining orzu-umidlari roʻyobga chiqayotgan mamlakatda esa rivojlanish, oʻsish va albatta, yuksalishlar boʻlishi, shubhasiz.
Kenesboy KARIMOV,
Oʻzbekiston xalq yozuvchisi,
Qoraqalpogʻiston xalq shoiri.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring