Qoraqalpogʻiston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yangi bosqichga chiqmoqda

11:03 22 Iyun 2024 Siyosat
376 0

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Senatning ellik uchinchi yalpi majlisida Qoraqalpogʻiston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini taʼminlash chora-tadbirlari ijrosi haqidagi masala koʻrib chiqildi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, hududning investitsiyalar jalb etuvchanligini oshirish, aholi turmush farovonligini yaxshilash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi vazifalar tahlil qilindi.

Qoraqalpogʻistonda aholi bandligini taʼminlash, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, qulay agrobiznes muhitini yaratish, inson kapitalini rivojlantirish, ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish boʻyicha keng qamrovli loyihalar amalga oshirilmoqda.

Bunda albatta soʻnggi yillarda mamlakatimiz Prezidenti tomonidan mintaqada yuzaga kelgan ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik muammolarni bartaraf etishga qaratilayotgan jiddiy eʼtibor, hududni rivojlantirish maqsadida qabul qilinayotgan qator farmon va qarorlarning alohida oʻrni bor. Oliy Majlis Senati tomonidan esa ularning ijrosi ustidan taʼsirchan parlament nazorati olib borilmoqda.

Taʼkidlanganidek, Davlatimiz rahbarining 2020-yil 11-noyabrdagi “2020–2023-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan tasdiqlangan dasturga muvofiq 2020-2023-yillarda umumiy qiymati 11, 2 trln soʻmlik 1 359 ta investitsiya loyihasi ishga tushirilib, 16 060 ta yangi ish oʻrni yaratilgan.

Prezidentimizning 2021-yil 29-iyulda “BMT Bosh Assambleyasining 2021-yil 18-maydagi “Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish toʻgʻrisida”gi maxsus rezolyutsiyasini amalga oshirish choralari toʻgʻrisida”gi qarori bilan 2021-2024-yillarda Orolboʻyi mintaqasida iqtisodiyot tarmoqlarida resurstejovchi, zamonaviy innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq qilish, ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish va innovatsion ishlanmalarni amaliyotga joriy etish boʻyicha 71 ta tadbirni oʻz ichiga olgan “yoʻl xaritasi” hamda 65 ta ustuvor innovatsion loyihalar roʻyxati tasdiqlangan.

“Yoʻl xaritasi”dagi 71 ta tadbirdan 65 tasi hamda 65 ta ustuvor innovatsion loyihadan 53 tasi bajarilgan.

Shuningdek, Prezidentimizning 2021-yil 23-noyabrdagi “Orolboʻyi mintaqasida tadbirkorlikni jadal rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni asosida Moʻynoq tumanidagi tadbirkorlik subyektlari uchun qator soliq imtiyozlari berilishi natijasida 2024-yil birinchi chorak yakunlariga koʻra 296 ta korxona ixtiyorida 1,5 mlrd soʻm qoldirilgan.

Bundan tashqari, 2024-yilning birinchi choragida 12 867 ta tadbirkorlik subyekti tomonidan 30,1 mlrd soʻm soliq imtiyozlaridan foydalanilgan.

Majlis davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 9-fevraldagi “Qoraqalpogʻiston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini taʼminlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan hududda 2024-yilda 120 mingdan ortiq aholining doimiy, mavsumiy va vaqtinchalik ishlarda bandligini taʼminlash, qiymati, 6,5 trln soʻmlik 421 ta investitsiya loyihalarini amalga oshirish koʻzda tutilganligi taʼkidlandi.

Shuningdek, aholini biznesga jalb qilish, yoʻl boʻyi infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida yer uchastkalarini auksion savdolariga chiqarish, aholini kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash, noruda foydali qazilma konlari va uchastkalaridan foydalanish huquqini auksion savdolariga chiqarish boʻyicha manzilli dasturlar tasdiqlangan.

Muhokamalar yakunida Qoraqalpogʻiston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini taʼminlash chora-tadbirlari ijrosi ustidan parlament nazoratini amalga oshirishning asosiy yoʻnalishlari belgilab olindi hamda Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?