Qoraqalpogʻiston Respublikasi: yangilanish yoʻlidagi dadil odimlar

16:19 05 Sentyabr 2025 Jamiyat
93 0

Keyingi yillardagi islohotlarga nazar solar ekanmiz, faqat oʻzgarishlarni emas, balki yangilanishni, taraqqiyotni, hayotga boʻlgan yondashuvdagi tub burilishni koʻramiz. Shunday islohotlar boʻldiki, ular faqat tizimni emas, tafakkurni ham oʻzgartirdi.

Soʻzimizga mamlakatimizning barcha hududi qatori Qoraqalpogʻiston Respublikasi timsolida istagancha misollar topish mumkin. Bu oʻlkadagi ulkan oʻzgarishlar, evrilishlar har bir yurtdoshimizning qalbiga Qurur-iftixor bagʻishlamoqda. Prezidentimizning Qoraqalpogʻistonga doimiy eʼtibori, hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga qaratilgan aniq maqsadli dasturlar xalqning turmush farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Prezidentimizning “Biz uchun Qoraqalpogʻiston yutugʻi — butun Oʻzbekiston yutugʻi, Qoraqalpogʻiston tashvishi — butun Oʻzbekiston tashvishi”, degan gaplari hamisha amaliy harakat dasturi boʻlib kelgan va bundan keyin ham shunday boʻlib qoladi.

2016-yilda Prezidentimizning “Madaniyatni Moʻynoqdan boshlaymiz” degan chaqirigʻi hozir amalda namoyon boʻlib turibdi. Moʻynoq tubdan yangidan qurildi. Nukus — Moʻynoq aviaqatnovi yoʻlga qoʻyildi. Orolning qurigan maydonida 2 mln. gektardan ziyod yashil makon barpo qilindi. Yangidan Taxiatosh va Boʻzatov tumanlari tashkil etildi. Prezidentimizning maxsus Farmon va qarorlari bilan har bir tumanda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari tasdiqlandi.

Qoraqalpogʻiston “yashil” energetika, agrar sohada ishlab chiqarish va turizm markaziga aylanadi. 10 GVtdan ortiq “yashil” energiya manbaini yaratish boʻyicha loyihalar tayyorlanmoqda — bu mintaqani mamlakat ichidagi energiya eksportchisiga aylantiradi va elektr narxini pasaytiradi. Qoʻngʻirot tumanida sanoat korxonalari uchun soliq va energetika imtiyozlari bilan “Yashil klaster zonasi” tashkil etish koʻzda tutilgan. U yerda quvvatlarning 90 foizi qayta tiklanadigan manbalardan olinadi.

Qishloq xoʻjaligi qayta ishlash va chorvachilikka yoʻnaltiriladi. Oʻn yil ichida goʻsht va sut ishlab chiqarish 3 barobar oshishi kutilmoqda. Kunjut va mosh kabi yangi ekinlar yetishtirishni kengaytirish eksportni koʻpaytirib, Turkiya va Saudiya Arabistoni bozorlariga chiqishga yordam beradi.

Turizm sohasida xalqaro operatorlar bilan kelishuvlar imzolangan. Keyingi yillar Qoraqalpogʻiston uchun barakali keldi, deyish mumkin. Yangi sanoat korxonalari, turizm maskanlari, energetika quvvatlari, IT-park ishga tushirildi. Qoraqalpogʻistonni Xorazm bilan bogʻlaydigan 423 metrli yangi avtomobil va temir yoʻl koʻprigi ochildi. Bu orqali yuk va yoʻlovchi tashish masofasi 180 kilometrga qisqardi. 323 mln. dollar hisobiga yangidan qurilgan Qoʻngʻirot — Beynov avtomobil yoʻlining 240 kilometr qismi foydalanishga topshirildi. Shuning oʻzi tranzit va boshqa xizmatlar hajmi yiliga 200 mln. dollarga oshishiga zamin yaratadi. 196 kilometrlik Miskin — Nukus temir yoʻlini elektrlashtirish ishlari ham yuqori surʼatlarda olib borilmoqda.

Hududda sanoat, tadbirkorlik va infratuzilma sohalarida 50 dan ortiq imtiyoz va yengilliklar berilgan. Xususan, investitsiya loyihalari uchun toʻgʻridan-toʻgʻri yer ajratish huquqi faqat Qoraqalpogʻistonda joriy qilingan. Xorijiy investorlar va mutaxassislar ham Qoraqalpogʻistonda daromad topish uchun katta imkoniyatlar paydo boʻlganini aytyapti. Masalan, mavjud iqtisodiy salohiyat kompleks tahlil qilinib, qishloq xoʻjaligi, turizm va xizmatlar sohasida 2,5 mlrd. dollarlik imkoniyatlar aniqlangan. Moʻynoqning oʻzida kamida 1 mlrd. dollarlik turizm loyihalari uchun salohiyat bor. Yaxlit majmualarni ishga tushirib, 1 mln. sayyohga xizmat koʻrsatish va 5 ming aholini daromadli qilish mumkin. Nukus shahrida amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlaridan xalqning roziligi ularning yuzlarida aks etib turibdi.

Moʻynoqqa qayta hayot bagʻishladi

Afsuslar boʻlsinki, Orol dengizining qurishi bizga juda qimmatga tushdi va hamon buning ortidan kelayotgan aziyatlar davom etyapti. Vaholanki, yashayotgan mahallamiz yoki qishlogʻimizdagi kichkinagina ariqdan suv oqmay qolsa, qanchalar tashvishga tushamiz. Bu ariq oʻrnida dengiz boʻlsa-chi, tashvishimiz ming chandon oshadi. Uni asrab qolishdagi chorasizlik esa undan ham yomon. Suv — bizning hayot-mamotimiz. Bugunimiz, ertamiz mana shu obihayotga, suvga bogʻliq. Davlatimiz rahbari xalqning ayni masaladagi dardini his qila bildi, fojia koʻlamini kamaytirishga bel bogʻladi. Ayniqsa, Qoraqalpogʻistonning eng ogʻir nuqtasi — Moʻynoqqa qayta hayot bagʻishladi.

Moʻynoqlik koʻpni koʻrgan otaxonlarning aytishlaricha, oʻtgan asrning 60-yillarida paxtani sugʻorish uchun Amudaryodan meliorativ kanallar tortilishi Orol dengiziga qanchalar salbiy taʼsir etgan boʻlsa, Moʻynoq tumaniga ham shu qadar ziyon-u zahmat keltirgan. Jumladan, Orol dengizining suvi tobora kamayib, 90-yillar boshida tuman sanoatining yuragi boʻlmish baliq konserva zavodi butkul yopildi va ishsizlik avj oldi. Aholi uylarini tashlab, Nukus, Qoʻngʻirot va boshqa shaharlarga bosh olib ketishga majbur boʻldi. Chang-tuz boʻronlari soni va zarar koʻlamining keskin oshishi ortidan koʻz, oshqozon-ichak, teri kasalliklari koʻpaydi. Yer osti suvlarining sathi sezilarli pasayib, hududning choʻllanish jarayoni tezlashdi. Ulkan bandargoh katta-kichik kemalar qabristoniga aylandi...

Shukrki, bugun Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning kuyunchakligi, fidoyiligi, gʻamxoʻrligi va saʼy-harakatlari bilan Orolboʻyi mintaqasida ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat qayta izga tushmoqda. Aholining yashash sharoitlarini yaxshilash, Orol dengizining ekologik falokati oqibatlarini yumshatish, yanada aniq aytsak, aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash, sifatli tibbiy yordam koʻrsatish, onalik va bolalikni himoya qilish, oila va mahalla institutlariga eʼtibor, ayollar va yoshlarning jamiyatdagi oʻrni hamda mavqeini oshirish singari dolzarb masalalar yechimiga ulkan eʼtibor qaratilmoqda. Moʻynoq shahrini mutlaqo yangidan tiklash, sanoat korxonalari, koʻp qavatli uylar, zamonaviy xizmat koʻrsatish binolari, taʼlim muassasalari barpo etish va boshqa sohalarni rivojlantirishga katta mablagʻ va kuch yoʻnaltirildi. Ayniqsa, hududda turizm infrastrukturasini yaratishga alohida ahamiyat berilyapti.

2018-yilning dekabr oylaridan boshlab dengizning qurigan hududida oʻrmon barpo etish jarayoniga kirishildi. Mazkur ishga Orolboʻyidagi barcha oʻrmon xoʻjaliklari, mingdan ziyod mutaxassis ishchilar, texnikalar jalb qilindi. Shu yerning oʻzida yashash uchun barcha sharoit yaratildi. Haqiqatan ham, bugun mamlakatimiz aholisi Orol dengizining qurigan tubida “yashil qoplamalar” — himoya oʻrmonzorlarini yaratish ishlarida astoydil mehnat qilmoqda va buning natijalari bugun koʻzga koʻrinmoqda.

2020-yil 12-fevralda davlatimiz rahbarining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazining faoliyati samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori eʼlon qilindi. Unga muvofiq, Orol dengizi qurishi oqibatlarini bartaraf etish hamda sayyohlar sonini koʻpaytirishga qaratilgan “My garden in the Aral Sea” (“Oroldagi bogʻim”) agro va ekoturizm loyihasi amalga oshirilishi belgilandi. Qarangki, oradan koʻp oʻtmay, Qoraqalpogʻiston dunyoning eng noyob 16 turistik maskanidan biriga aylandi. Bu borada Markaziy Osiyodagi eng yirik elektron musiqiy festivalning oʻtkazilishi, “Sahrodagi Luvr” deb nom olgan muzeyning dunyoga mashhur avangard kolleksiyasi, tungi osmonning eng qo­rongʻi zonasi va uning ostida joylashgan oʻtovlar majmuasini alohida taʼkidlash mumkin. Qoraqalpogʻistonga bugun “Orol dengizining Vatani” deya alohida taʼrif berilmoqda.

Qisqacha aytganda, hozir Moʻynoqdagi oʻzgarishlar unga hayot qaytayotganidan darak bermoqda. Bu jarayonni biz tuman markazida qad koʻtargan 800 oʻrinli amfiteatr, Davlat xizmatlari markazi, musiqa va sanʼat maktabi, yangi qurilgan sport zali, yopiq basseyn, madaniyat markazi va stadion hamda boshqa maskanlar misolida koʻrishimiz mumkin. 2020-yilda 25 mlrd. soʻm mablagʻ evaziga Moʻynoq konserva zavodi ham qayta tiklanib, bu yerda baliq mahsulotlari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.

Xullas, yaqin paytlargacha oʻz holiga tashlab qoʻyilgan Qoraqalpogʻiston bugun imkoniyatlar oʻlkasiga aylandi. Birgina Moʻynoq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, mavjud tabiiy va mehnat resurslaridan toʻliq, samarali foydalanish, tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, aholining turmush darajasini yanada yaxshilash maqsadida amalga oshirilayotgan manzilli chora-tadbirlar hududga yangicha surat va siyrat bagʻishlaganini yuksak iftixor bilan eʼtirof etish mumkin.

Taraqqiyotning muhim ustuni

Yana bir muhim voqelik. Koʻp millatli jamiyatlarda millatlararo totuvlik, diniy bagʻrikenglik va ijtimoiy barqarorlik — taraqqiyotning eng muhim ustunlaridan biri. Shu maʼnoda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Oʻzbekiston — koʻp millatli ahil oila” Qoyasi bugungi kunda nafaqat mafkuraviy, balki amaliy hayotiy mezon darajasiga koʻtarildi.

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti jamoasi ham ushbu ezgu Qoyani oʻz faoliyatining asosi sifatida bilib, mamlakatimizda istiqomat qiluvchi barcha millat va elat vakillari oʻrtasida doʻstlik, tinchlik, totuvlik va oʻzaro hurmat muhitini mustahkamlashga katta hissa qoʻshib kelmoqda. Bugungi kunda universitetimizda oʻn beshdan ortiq millat va elat vakillari tahsil olmoqda. Qoraqalpoq, oʻzbek, rus, qozoq, tojik, tatar, koreys va boshqa millat vakillari birgalikda ilm-fan, taʼlim, sport va madaniyat sohalarida faoliyat yuritmoqda.

Universitetda yaratilgan madaniyatlararo muloqot muhitining ijobiy samarasini talabalarning erkin fikrlashi, ochiq muloqoti va doʻstona munosabatlarida ham yaqqol koʻrish mumkin. Oliygohda barcha millat vakillariga teng sharoit yaratilgan boʻlib, taʼlim qoraqalpoq, oʻzbek, qozoq, turkman, rus va ingliz tillarida olib boriladi. Bu esa turli millat vakillari oʻrtasida bilim olishda tenglik va qulaylikni taʼminlab, umumiy maqsad sari birgalikda harakat qilishga zamin yaratmoqda. Universitetimizda doimiy va anʼanaviy tarzda oʻtkaziladigan “Xalqlar doʻstligi” festivali barcha millat va elat vakillarining oʻziga xos madaniyatini bir sahnada jamlab, talaba-yoshlar orasida chinakam doʻstlik va bagʻrikenglik ruhini mustahkamlamoqda.

Shuni ham alohida taʼkidlash joizki, Prezidentimizning gʻamxoʻrligi va eʼtibori bilan qoraqalpogʻis­tonlik yoshlarga juda keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Buning yorqin misoli sifatida 2022-yil 31-avgustdagi Prezident Farmoni bilan 2023/2024 oʻquv yilida Qoraqalpogʻiston Respublikasida doimiy yashaydigan hamda umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarini tamomlagan yoshlar uchun davlat granti asosida qoʻshimcha 3000 ta kvota, shuningdek, toʻlov-shartnoma asosida qoʻshimcha 6500 kvota ajratilgan boʻlsa, 2024/2025 oʻquv yilida ham mintaqa shahar va tumanlari uchun zarur kadrlar ehtiyojidan kelib chiqib, 10 000 ta qoʻshimcha kvota berildi. Bunda viloyatlardagi oliy taʼlim muassasalarini tanlagan abituriyentlar uchun qoʻshimcha toʻlov-shartnoma asosida 7000 kvota ajratilgan boʻlsa, bu raqam Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi oliy oʻquv yurtlari uchun 2000 ta kvota, Toshkent shahridagi oliy oʻquv yurtlari uchun 1000 tani tashkil etdi.

Shuningdek, davlatimiz rahbarining 2022-yil 7-martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan universitetimizda 2022/2023 oʻquv yilida 412 nafar, 2023/2024 oʻquv yilida 172 nafar, 2024/2025 oʻquv yilida 333 nafar xotin-qizning shartnoma pullari davlat tomonidan toʻlab berildi.

Bugun orqaga qarab, soʻnggi yillarda amalga oshirilgan islohotlarni koʻrib, mamlakatimiz rivojida qanday katta sakrash, ulkan harakatlar yuz berganini, qanday mardona bosqichlar bosib oʻtilganini anglaymiz. Endi esa oldimizda yangi ufqlar, ezgu orzular, aniq maqsadlar turibdi. Prezidentimiz boshlab bergan islohotlar yangi Oʻzbekistonning ertasi maʼrifatli, kuchli, barqaror taraqqiyotga yoʻnaltirilgan boʻlishiga ishonchimiz komil.

Ahmed REYMOV,

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti rektori, akademik,

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер