Qoraqalpogʻiston ishsizlikdan xoli hududga aylanmoqda

Gʻayrat Otajonov/“Xalq soʻzi”. Prezidentimiz tomonidan Qoraqalpogʻiston iqtisodiyotini koʻtarishga, odamlarning turmush sifatini yaxshilashga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda. Natijada soʻnggi yetti yilda hududda misli koʻrilmagan oʻzgarishlar roʻy bergani tahliliy maʼlumotlarda yanada yaqqolroq koʻrinadi.
Masalan, avvallari 15 ta tumandan 12 tasi ogʻir hudud boʻlgan Qoraqalpogʻiston bugun oʻz daromadiga ega. Xususan, 15 trillion soʻm investitsiya hisobiga 5 ming 300 dan ziyod loyiha amalga oshirildi. Orol dengizining qurigan hududi oʻrnida 1 million 800 ming gektar yashil oʻrmonzor barpo etildi. 51 ming oilaning uy-joy sharoiti yaxshilandi. 401 ta mahallada qurilish-taʼmirlash ishlari bajarildi.
Eʼtiborlisi, Davlatimiz rahbari hududning sharoitini hisobga olgan holda Qoraqalpogʻistonda biznes yuritish uchun boshqa hech bir hududga berilmagan imtiyoz-u imkoniyatlar yaratib berdi. Qoraqalpogʻistonda sanoat, qishloq xoʻjaligi va tadbirkorlikni rivojlantirish, mahallalar infratuzilmasini yaxshilashga doir oʻndan ortiq farmon va qaror qabul qilingani yuqorida keltirilgan hududni rivojlantirishga oid ishlarni yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qilmoqda.
Birgina iyul oyining oʻzida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi rahbarligidagi delegatsiya Qozogʻiston Respublikasi hamda Rossiya davlatining bir necha respublikalarida boʻlib, nufuzli korxonalar va xorijiy investorlar bilan muzokaralar olib bordi. Qozogʻiston Respublikasining Aqtau shahrida “Made in Uzbekistan. Industrial potential of Karakalpakstan” nomli koʻrgazma-yarmarkasida Joʻqorgʻi Kenges Raisi va Mangʻistau viloyati hokimi rahbarligida ikki el masʼullari va tadbirkorlari ishtirokida uchrashuv oʻtkazildi. Mazkur yarmarkaga 150 ga yaqin yirik biznes vakillari oʻz mahsulotlari va xizmatlari bilan qatnashib, Qoraqalpogʻistondan hamkorlikni kengaytirish boʻyicha yangi kelishuvlar imzolashga erishildi.
Oradan koʻp oʻtmay 11-iyul kuni delegatsiya Tataristonga bordi. Qozon Ekspo xalqaro koʻrgazma majmuasida Qurilish va pardozlash materiallari texnologiyalari va jihozlarining xalqaro ixtisoslashtirilgan koʻrgazmasida ishtirok etdi. Rossiya Federatsiyasi hududlari bilan hamkorlik muhokamalari doirasida sanoat, qurilish mahsulotlarini ishlab chiqarish, Turizm, logistika, ip-kalava va tayyor trikotaj, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari boʻyicha umumiy qiymati 328 mln. dollarlik 64 hujjat, shundan, 131,2 mln. dollarlik 22 investitsiya loyihalari, 184,7 mln. dollarlik 32 eksport shartnomalari, 12,1 mln. dollarlik 10 import shartnomalari boʻyicha kelishuvlarga erishilgan.
Shu bilan birga, Qoraqalpogʻistonda faoliyat koʻrsatayotgan korxonalar bilan Rossiya davlatidagi hamkor korxonalar oʻrtasida 2023-2024-yillarda davomida tashqi savdo aylanmasi 129,6 mln dollarga yetkazilgan.
— Yurtimizda investitsiya siyosatini tubdan takomillashtirilgani va amalga oshirish borasidagi zamonaviy yondashish va mexanizmlarni keng joriy etish natijasida Qoraqalpogʻistonda ham investitsiya jarayonlari jadallashmoqda, — deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi statistika boshqarmasi Investitsiyalar va qurilish statistikasi boʻlimi boshligʻi Salamat Muxamatdinov. — Keyingi yillarda respublikamizning barcha hududlarida ishbilarmonlar uchun qulay sharoitlar yaratish borasidagi izchil chora-tadbirlar hududlarda biznes muhitini yaxshilamoqda. 2024-yilning dastlabki 6 oyida respublikaning asosiy kapitalini oshirishga 9 trillion 456,1 milliard soʻmdan ortiq investitsiya oʻzlashtirilishiga erishildi. Shundan chet el investitsiyalari va kreditlari 6 trillion 851,4 milliard soʻmni, yoki 549,8 million dollarni tashkil etdi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida asosiy kapitalga oʻzlashtirilgan investitsiyalarning 1 trillion 406,2 milliard soʻmi qayta ishlash sanoatiga, 385,6 milliard soʻmi qishloq, oʻrmon va baliqchilik xoʻjaligiga, 583,2 milliard soʻmi tashish va saqlash, 375,5 milliard soʻmi qurilish xizmat turiga, 4 trillion 311,1 milliard soʻmi togʻ-kon sanoati va ochiq konlarda ishlashga, 107,7 milliard soʻmi ulgurji va chakana savdoga, 152,9 milliard soʻmi taʼlim xizmat turlariga oʻzlashtirilgan. 2024-yilda umumiy maydoni 461,0 ming kv.m boʻlgan 2 ming 526 ta turar joylar foydalanishga topshirilib, shundan 240,0 ming kv.m boʻlgan 1 ming 305 ta turar joylar qishloq joylariga toʻgʻri keladi. Umum taʼlim berish maktablari va maktabgacha taʼlim obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish ishlariga 53,2 mlrd.soʻm miqdorida investitsiyalar kiritildi.
Respublikamizda aholining turmush darajasini yaxshilash, amaldagi ishlab chiqarishlarni texnik va texnologik qayta jihozlash, strategik ahamiyatga ega boʻlgan toʻgʻridan-toʻgʻri chet el investitsiyalarini oʻzlashtirish va resurslardan toʻgʻri foydalanish borasidagi aktiv investitsiya siyosatini olib borish chora-tadbirlari davom etmoqda. Xorijiy va mahalliy investitsiya mablagʻlarini jalb qilgan holda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar natijasida bugun barcha sohalarida yangilanishlar, hududlarda bunyodkorlik ishlari davom etmoqda. Qurilish sohasi misolida aytsak, joriy yil investitsiya dasturlari doirasida jami 117 obyektda 1 trillion 166 milliard soʻmlik, yaʼni, oʻtgan yilga taqqoslaganda 2 barobar koʻp mablagʻ evaziga qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Eʼtiborlisi, joriy yilda umumiy qiymati 9,3 trillion soʻmlik 461 investitsiya loyihalarini ishga tushirish natijasida 12 ming 317 yangi ish oʻrnini yaratish belgilab olingan. Ishonamizki, bu boradagi keng koʻlamli ishlar Qoraqalpogʻistonni ishsizlikdan xoli hududga aylantirishga xizmat qiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring