Qonunchilikka intellektual mulkni himoya qilish va davlat xaridlari bilan bogʻliq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda
Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”
Oliy Majlis Senatining 12-yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.
Soʻnggi yillarda davlat organlarining masʼuliyatini oshirish, ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish, davlat buyurtmachilarining tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga) boʻlgan ehtiyojlarini taʼminlash jarayonini takomillashtirish boʻyicha keng qamrovli islohotlar amalga oshirilayotgani taʼkidlab oʻtildi.
Muhokama jarayonida senatorlar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish mexanizmlarini takomillashtirish zarurati yuzaga kelayotganligiga alohida urgʻu berildi. Bunda davlat organlari va tashkilotlarining masʼuliyatini oshirish, intellektual mulk obyektlarining hamda ularning tovar belgisiga boʻlgan huquqlarining muhofazasini kuchaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratish lozimligi qayd etildi.
Jumladan, oxirgi uch yilda Oʻzbekistonda tovar belgilarini roʻyxatdan oʻtkazishga boʻlgan talab kundan-kunga ortib bormoqda. Xususan, 2023-yilda 3 155 ta guvohnoma berilgan boʻlsa, ushbu koʻrsatkich joriy yilning oʻtgan davrida 4 484 taga yetgan.
Shularni inobatga olib, “Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilayotgan qoʻshimchaga asosan tovar belgisiga doir guvohnomaning amal qilishi huquq egasi boʻlgan yuridik shaxs tugatilganda, huquq egasi boʻlgan jismoniy shaxs vafot etib, uning vasiyatnoma yoki qonun boʻyicha merosxoʻrlari mavjud boʻlmaganda manfaatdor shaxsning arizasiga binoan sud qarori asosida muddatidan oldin tugatilishi belgilanmoqda.
Shuningdek, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda kompleks ekspertizadan oʻtkazilishi lozim boʻlgan davlat xaridlarini amalga oshirish boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalarni kompleks ekspertizadan oʻtkazmagan mansabdor shaxslarga nisbatan maʼmuriy javobgarlik ham belgilanmoqda.
Senatorlar oʻz chiqishlarida qonunchilikka kiritilayotgan yangi normalar intellektual faoliyat natijalarini samarali himoya qilishga xizmat qilishini taʼkidladi. Shuningdek, ular huquqni qoʻllash amaliyotida turlicha talqin qilish va murakkabliklar yuzaga kelishining oldini olishga hamda davlat xaridlarini amalga oshirish jarayonida shaffoflikni taʼminlashga qaratilganligi bilan ahamiyatli ekanligi qayd etildi.
Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Hokim yordamchisi kimga yordamchi?
- Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining III yigʻilishi oʻz ishini boshladi
- Poytaxtga avtomobillar kirishiga hech qanday taqiq yoʻq — Toshkent shahar hokimligi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring