Qonun tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga xizmat qiladi

12:45 28 May 2025 Siyosat
117 0

Senatning yettinchi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga soliq va tadbirkorlik sohasidagi huquqiy munosabatlarni takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, soliq siyosatini takomillashtirish orqali soliq yukini kamaytirish, iqtisodiyotni jadal rivojlantirish borasida izchil islohotlar olib borilmoqda.

Shu bilan birga, mazkur islohotlar doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar soliq sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olishga, jinoyat ishlari doirasida tadbirkorlik subyektlarining huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan huquqiy mexanizmlarni yanada takomillashtirish zaruratini yuzaga keltirmoqda.

Shu maqsadda ishlab chiqilgan mazkur Qonun bilan Jinoyat kodeksiga, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga soliq sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirish, soliqlarni yoki yigʻimlarni toʻlashdan boʻyin tovlaganlik uchun javobgarlikka sabab boʻladigan zararning miqdorini oshirish, yetkazilgan zararning oʻrni sudga qadar bosqichda va sud muhokamasi davomida toʻliq qoplangan taqdirda javobgarlikdan ozod qilish, shuningdek, vakolatli organlarning tergovga qadar tekshiruv harakatlarini amalga oshirish hamda maʼmuriy huquqbuzarliklarni koʻrib chiqish bilan bogʻliq vakolatlarini aniqlashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Jinoyat-protsessual kodeksga tadbirkorlik subyektlariga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishlari boʻyicha surishtiruv, dastlabki tergov yoki sud jarayonida Biznes-ombudsman yoki Savdo-sanoat palatasi tomonidan tayinlangan vakil jamoat himoyachisi sifatida ishtirok etishini belgilovchi qoidalar kiritilmoqda.

Bundan tashqari, Fuqarolik kodeksida va Soliq kodeksida sud qaror chiqarguniga qadar tergov jarayonida qoʻshimcha hisoblanib undirilgan soliqlar va yigʻimlar boʻyicha penya hisoblanmasligi, jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilgan yer uchastkasi boʻyicha toʻlab berilgan kompensatsiya pullari daromad soligʻiga tortilmasligi kabi oʻzgartirishlar ham nazarda tutilmoqda.

Senatorlar oʻz chiqishlarida taʼkidlaganidek, mazkur Qonun soliq sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olishga, soliq tushumlarining barqarorligini taʼminlashga, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun teng raqobat sharoitlarini yaratishga, tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida mazkur Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?