Qonun probatsiya nazoratidagi shaxslar bilan olib borilayotgan ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi
Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”
Senatning ellik to‘qqizinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 206 va 248-moddalariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarni ijro etish, probatsiya bo‘linmalari nazorati ostidagi shaxslarning xulq-atvori ustidan ta’sirchan nazoratni amalga oshirish bo‘yicha yangi tizim yaratildi. Bu borada 2024 yil 7 avgust kuni “Probatsiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi.
Ushbu tizim doirasida ma’muriy nazorat va probatsiya nazoratidagi shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, ma’naviy va jismoniy jihatdan rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, bugungi kunda mamlakatimizda ma’muriy nazorat va probatsiya nazoratidagi shaxslar o‘rtasida keng qamrovli profilaktika chora-tadbirlari amalga oshirilishiga qaramasdan ma’muriy nazorat va probatsiya nazoratidagi shaxslar tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklar soni ortib bormoqda.
Bu esa mazkur yo‘nalishdagi huquqiy ta’sir choralarining qayta ko‘rib chiqilishini talab etmoqda.
2023 yilda ma’muriy nazorat qonuni ta’siri ostiga tushuvchi 5 529 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy nazorat o‘rnatilgan. 2024 yilning 9 oyida 5 689 nafarni tashkil etgan va bu toifadagi shaxslar 160 nafarga ortgan.
Bundan tashqari, 2023 yilda 83 763 nafar shaxs ichki ishlar organlarining probatsiya nazoratida turgan bo‘lsa, 2024 yilning 9 oyida bu ko‘rsatkich 86 226 nafarni tashkil etgan, ya’ni joriy yilda bunday shaxslar 2 463 taga ko‘paygan.
2023 yilda ma’muriy nazoratda turgan 4 167 nafar shaxs sudlar tomonidan o‘rnatilgan taqiq (cheklov)larga rioya qilmaganligi uchun ularga birinchi marotaba ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan. 2024 yilning 9 oyida 3 153 nafar shaxsga ma’muriy bayonnomalar tuzilgan.
Aynan shu toifadagi shaxslar sudlar tomonidan belgilangan taqiq (cheklov)larga bir necha bor rioya qilmaganligi uchun 2023 yilda 717 nafar va 2024 yilning 9 oyida esa 637 nafar shaxs Jinoyat kodeksining 226-moddasi (Ma’muriy nazorat qoidalarini buzish) bo‘yicha javobgarlikka tortilgan.
Bugungi kunda sud tomonidan belgilangan cheklovlar va majburiyatlarga rioya etmayotgan probatsiya nazoratidagi shaxslar tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilayotgani tufayli, shu jumladan og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha tezkor hamda ta’sirchan choralar ko‘rilishini ta’minlash maqsadida ichki ishlar organlari probatsiya bo‘linmalari xodimlariga qo‘shimcha vakolatlarni berish zarurati yuzaga kelmoqda.
Shu bois Ichki ishlar vazirligi tomonidan nazorat ostida turgan maxsus toifa shaxslar o‘rtasida qonun ustuvorligini ta’minlash, ularda qonunga itoatkor xulq-atvorni, insonga, mehnatga, ijtimoiy turmush qoidalari va an’analariga hurmat munosabatini shakllantirish maqsadida Qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Muhokama qilingan Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 206-moddasi sanksiya qismiga amalda bo‘lgan jarima jazosidan tashqari ma’muriy qamoq jazosi ham kiritilmoqda.
Probatsiya bo‘linmalari xodimlarining nazorati ostidagi shaxs tomonidan huquqbuzarlik sodir etilgan taqdirda unga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzish uchun uni hududiylik jihatdan yaqin orada joylashgan tayanch punkti profilaktika inspektorining oldiga olib borib, ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirish kerak, bu probatsiya xodimining ish samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ortiqcha vaqt sarflanishiga sabab bo‘lmoqda.
Shu bois muhokama qilinayotgan Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 248-moddasi to‘rtinchi qismiga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish orqali ichki ishlar organlarining 1852 va 187-moddalari bo‘yicha probatsiya nazoratidagi shaxslarga nisbatan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi bayonnomani tuzish vakolatini probatsiya xizmatining katta inspektori va inspektoriga berish normasi belgilab qo‘yilmoqda.
Qonunning qabul qilinishi maxsus toifadagi shaxslar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha aniqlangan joyning o‘zida ta’sir choralarini qo‘llashga, ushbu toifa shaxslar bilan olib borilayotgan ishlar samaradorligining oshishiga hamda fuqarolarning behuda ovoragarchiliklarining oldi olinishiga xizmat qiladi.
Muhokamadan so‘ng Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring