Qonun loyihasi nega tortishuvlarga sabab boʻldi?

15:20 06 Noyabr 2023 Siyosat
106 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining yigʻilishida “2024-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi”gi qonun loyihasi partiya maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda koʻrib chiqildi.

Taʼkidlangandek, ushbu qonun loyihasi Budjet kodeksining 29-moddasiga muvofiq ishlab chiqilgan. Loyiha bilan 2024-yilda budjet taqchilligining yuqori chegarasi 4 foiz etib belgilangani sababli kelgusi yil uchun tashqi qarzlarni jalb qilish boʻyicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning jami cheklangan hajmi oshirilib, 5,0 mlrd. AQSH dollari miqdorida belgilash taklif etilmoqda.

Bunda Davlat byudjetini qoʻllab-quvvatlash, shu jumladan, taqchillikni moliyalashtirish uchun 2,5 mlrd. AQSH dollari miqdorida belgilanmoqda. Valyuta xatarini kamaytirish maqsadida Oʻzbekiston nomidan chiqariladigan davlat qimmatli qogʻozlarining cheklangan sof hajmini oshirgan holda 25,0 trln. soʻm miqdorda belgilash taklif qilinyapti.

Fraksiya aʼzolari qonun loyihasining har bir moddasini sinchiklab tahlil qildilar va hukumat vakillarini ayrim masalalarda savolga tutdi. Qizgʻin bahs-munozaralarga sabab boʻlgan yigʻilishda deputatlar qaysidir xarajatni koʻpaytirish, qaysinisidir kamaytirish boʻyicha oʻz takliflarini berdilar.

Yigʻilishda Vazirlar Mahkamasining 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2023-yiling 9 oyi yakuni ijrosi ham muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, Davlat dasturining jami 443 ta yaxlit va kichik bandlarida nazarda tutilgan topshiriqlardan 250 tasining ijro muddati 2023-yilning 9 oyi etib belgilangan. Shundan 187 ta band (kichik band)lar toʻliq bajarildi, 42 tasining ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan tegishli hujjat loyihalari Prezidenti Administratsiyasida, 4 tasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida, 3 tasi Oliy Majlis Senatida, 14 tasining ijro muddati belgilangan tartibda uzaytirildi.

Hisobot davrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati tomonidan oʻz vaqtida koʻrilgan choralar natijasida hisobot yakunida YAIM oʻsishi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 5,8 foizni tashkil qildi. Davlat byudjeti daromadlari 98,8 trln soʻmga ijro etildi. Davlat byudjeti jami xarajatlari 201,3 trln soʻmni, shundan ijtimoiy sohalarga yoʻnaltirilgan xarajatlar 98,5 trln. soʻmni tashkil qildi. Ushbu sarflangan xarajatlar oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 18,3 foizga oshdi.

Deputatlar Davlat dasturining 2023-yilning 9 oyi yakuni ijrosini qizgʻin muhokama qilib, byudjetdan ajratilgan har bir soʻm mablagʻdan tejab-tergab, maqsadli foydalanish hamda belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida bajarish va bu borada nazoratni yanada kuchaytirish lozimligini taʼkidladilar.

Qizgʻin bahs-munozaralardan soʻng, Davlat dasturining ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti maʼqullandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?