Qonun loyihasi bilan qanday oʻzgarishlar boʻlyapti?

19:28 22 Avgust 2022 Jamiyat
617 0

2022-yil yil 22-avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda dastlab “Volontyorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga volontyorlik faoliyati sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, bugungi kunda volontyorlik ishlari dunyo boʻylab jadal surʼatlar bilan rivojlanmoqda. Bu holat birinchi navbatda jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy oʻzgarishlar bilan bogʻliq. Davlatning volontyorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlashi nafaqat muhtojlarga samarali yordam berishga, balki butun jamiyat taraqqiyotiga hissa qoʻshadi. Kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalardan asosiy maqsad — volontyorlik faoliyati sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish boʻyicha vakolatli davlat organini belgilashdan iborat.

Qonun loyihasi bilan Yoshlar ishlari agentligi volontyorlik faoliyati sohasidagi vakolatli davlat organi etib belgilanmoqda. Uning ushbu yoʻnalishdagi vakolatlari oʻz aksini topmoqda. Shu bilan birga, davlat boshqaruv organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining volontyorlik faoliyati sohasidagi vakolatlari nazarda tutilmoqda.

Qonun loyihasi tashabbuskorlari qayd etishicha, loyihaning amaliyotga joriy etilishi Oʻzbekiston Respublikasida volontyorlik faoliyati sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish boʻyicha vakolatli davlat organini belgilashga, bu orqali davlat organlari va boshqa tashkilotlarga volontyorlik faoliyatini amalga oshirish boʻyicha uslubiy va maslahat yordamini koʻrsatish, davlat organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlarning volontyorlik faoliyati sohasidagi ishlarini muvofiqlashtirishga olib keladi.

Davlat boshqaruvi organlarining volontyorlik faoliyati sohasidagi aniq vakolatlari nazarda tutilayotganligi sohani tartibga solish va rivojlantirishga qaratilgan vakolatlarni tizimlashtirish, volontyorlar faoliyatini ragʻbatlantirish hamda ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalar koʻlamini kengaytirishga xizmat qiladi. Qizgʻin muhokamalardan soʻng qonun loyihasi fraksiya aʼzolari tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.

Yigʻilishda “Namangan viloyatining Toʻraqoʻrgʻon tumani va Namangan shahri Davlatobod tumanining, shuningdek Namangan shahrining chegaralarini oʻzgartirish toʻgʻrisida”gi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining qarori loyihasi muhokama markazida boʻldi.

Maʼruzada taʼkidlanganidek, loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Namangan shahrida “Yangi Namangan shaharchasi” zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turar joylar kompleksini barpo etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan.

Mazkur hujjat Namangan shahrining meʼmoriy qiyofasini yanada yaxshilash va obodonlashtirish, shaharning turizm salohiyatidan samarali foydalanish, zamonaviy biznes, moliyaviy va turistik infratuzilmalarni jadal rivojlantirishni taʼminlash hamda servis xizmatlari turini, sifatini oshirishga xizmat qiladi. Deputatlar qaror loyihasini bir ovozdan maʼqulladilar.

Yigʻilishda “Davlat moliyaviy nazorati tizimi hamda begʻaraz yordam doirasida keltirilgan tibbiy asbob-uskunalardan foydalanish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Byudjet kodeksiga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.

Muhokama etilgan qonun va qaror loyihalari boʻyicha deputatlar tomonidan partiya pozitsiyasidan kelib chiqqan holda taklif va munosabatlar bildirildi va kun tartibidagi masalalar yuzasidan fraksiyaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер