Qonun bilan telekommunikatsiya sohasiga yangi imkoniyatlar berilmoqda

16:01 20 Dekabr 2023 Siyosat
561 0

Foto: Abdumutalib Toyirov / “Xalq soʼzi”

Senatning qirq sakkizinchi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga respublika hududida Internet va aloqa qamrovini kengaytirish uchun sharoitlarni yaxshilashga qaratilgan oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.

Bugungi kunda dunyoda yoʻldosh aloqaning jadal surʼatlar bilan rivojlanishi, ushbu sohada yangi texnologiyalarning joriy etilishi respublika hududida Internet va zamonaviy sifatli aloqa qamrovini kengaytirish uchun sharoitlarni yaxshilashga doir yangi texnologik imkoniyatlarni yaratmoqda.

Biroq mamlakatimizda xalqaro telekommunikatsiyalar tarmoqlarining turlaridan biri sifatida yoʻldosh aloqa tarmoqlarining rivojlanishi uchun yetarli shart-sharoitlar mavjud emasligi, bunday faoliyat turi bilan shugʻullanish uchun davlat boji miqdorining yuqoriligi ushbu aloqa vositasidan mahalliy tarmoqlarda foydalanishga, shuningdek, togʻli va olis hududlarda Internet hamda aloqa qamrovini yanada kengaytirishga toʻsqinlik qilmoqda.

Mazkur Qonun bilan “Davlat boji toʻgʻrisida”gi hamda “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi qonunlarga koʻchma radiotelefon (radiotelefon, trankli) aloqaga taalluqli litsenziyalanadigan faoliyatning mavjud kichik turlari respublika hududida koʻchma yoʻldosh aloqa tarmoqlarini loyihalashtirish, qurish, ulardan foydalanish va ularning xizmatlarini koʻrsatish kabi faoliyat turi bilan toʻldirilishini, shuningdek, respublika ijro etuvchi hokimiyat organining nomi aniqlashtirilishini nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

Senatorlarning taʼkidlashicha, ushbu Qonun respublika hududining yuqori tezlikdagi Internet va sifatli aloqa bilan qamrab olinishini taʼminlashga, yoʻldosh aloqa tarmoqlarini rivojlantirishga hamda telekommunikatsiyalar sohasidagi imkoniyatlarni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

 Foto: Abdumutalib Toyirov / “Xalq soʼzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер