Qoʻmita majlisida qator qonunlar muhokama qilindi

19:54 10 Fevral 2026 Siyosat
286 0

Joriy yilning 10-fevral kuni boʻlib oʻtgan Senatning Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Oʻzbekiston Respublikasi milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkilotining Sanitariya va fitosanitariya choralarini qoʻllash boʻyicha Bitimiga muvofiqlashtirishni nazarda tutuvchi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi hamda “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunlar dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, Qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga ularni Jahon savdo tashkilotining Sanitariya va fitosanitariya choralarini qoʻllash boʻyicha Bitimi talablaridan kelib chiqqan holda fitosanitariya choralari boʻyicha xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishni nazarda tutuvchi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

Xususan, “Oʻsimliklar karantini toʻgʻrisida”gi Qonunga fitosanitariyaga oid xavfni tahlil qilishga oid yangi norma (202-modda) kiritilib, fitosanitariyaga oid xavfni tahlil qilish Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan amalga oshirilishi hamda uning tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanishi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, “Davlat boji toʻgʻrisida”gi hamda “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi qonunlarga yuridik shaxslarga fitosanitar zararsizlantirish boʻyicha faoliyat uchun cheklangan muddatga litsenziya berilishini hamda ushbu faoliyatni litsenziyalaganlik uchun davlat boji belgilanishini, shuningdek, litsenziyaning nomi va uning kichik turlari aniqlashtirilishini hamda mazkur faoliyatni amalga oshirish chogʻida sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun jarimalar miqdori belgilanishini nazarda tutuvchi normalar kiritilmoqda.

Mazkur Qonun oʻsimliklar karantini va himoyasi sohasini xalqaro standartlarga moslashtirish, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Shuningdek, “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun bilan ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun moliyaviy sanksiyalar joriy etilishini nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Qonunda ekologik vaziyatni nazorat qilish, aholining salomatligini yaxshilash, tabiiy resurslarni tejash va oqilona foydalanish, ekologik barqarorlikni taʼminlash bilan bir qatorda davlat ekologiya nazorati tizimini takomillashtirish hamda ushbu sohadagi huquqbuzarliklarning oldini olish choralari nazarda tutilgan.

Majlis yakunida koʻrilgan masalalar yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Bundan tashqari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining agrar, suv xoʻjaligi va ekologiya masalalari boʻyicha doimiy komissiyalari aʼzolari uchun hududlarda ekologik holatni yaxshilash, ekologik muammolarni hal etish borasida mahalliy Kengashlar oldidagi dolzarb masalalar yuzasidan oʻquv seminari oʻtkazildi.

Seminarda doimiy komissiya aʼzolarining soha boʻyicha qonunchilikdagi yangiliklar, oʻzgarishlar yuzasidan bilim va koʻnikmalarini oshirib borish, sohaga oid qonunlarni koʻrib chiqishda ularning fikrini olish zarurligi aytib oʻtildi hamda tegishli vazifalar belgilab olindi.

Seminarda doimiy komissiya aʼzolari oʻz fikr va takliflarini bildirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?