Qoʻmita majlisida bir qator qonunlar muhokama qilindi

20:11 07 Oktyabr 2025 Siyosat
306 0

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi majlisida bir qator muhim qonunlar dastlabki tarzda koʻrib chiqildi.

Xususan, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun mahallalarda xavfsiz muhit yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini oshirishga yoʻnaltirilgan izchil islohotlarning huquqiy asoslarini rivojlantirishga qaratilgani qayd etildi.

Jumladan, ushbu hujjat bilan mahallalarda profilaktika tizimini mustahkamlash nazarda tutilmoqda hamda profilaktika kichik inspektori lavozimi va vakolatlari qonunchilikda aniq aks ettirilmoqda. Bu esa kriminogen vaziyati ogʻir hududlardagi mahallalarda yangi profilaktika mexanizmlarini toʻliq ishga tushirish imkonini beradi.

Bundan tashqari, mahalla huquq-tartibot maskanlari va tayanch punktlari tarkibi, shuningdek, profilaktika inspektorlarining (bosh, katta inspektor, inspektor, kichik inspektor) vakolatlariga oydinlik kiritilmoqda.

Shu bilan birga, jamoat xavfsizligini oshirish va yangi xavf-xatarlarni bartaraf etish ham nazarda tutilgan. Jumladan, portativ lazerli nur tarqatgichlarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlik belgilanmoqda.

Qoʻmita majlisida “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish haqida”gi Qonun ham muhokama qilindi.

Senatorlar taʼkidlaganidek, bugungi kunda butun dunyoda aholi va sanoatda elektr energiyasiga boʻlgan talab tobora ortib bormoqda. Ekspertlarning fikricha, Oʻzbekistonda iqtisodiy taraqqiyot, aholi soni va turmush farovonligining oʻsishi natijasida elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyoj 2030 yilga kelib 120-125 milliard kVT soatga yetadi.

Shu boisdan ham keyingi yillarda mamlakatimizda atom energetikasini rivojlantirishga, energiyadan foydalanish xavfsizligini, iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror oʻsishini taʼminlashga qaratilgan salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

Qonun bilan “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonunga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligining va mahalliy davlat hokimiyati organlarining atom energiyasidan foydalanish sohasida vakolatlari aniqlashtirilishini, shuningdek, Energetika vazirligining atom energiyasidan foydalanish sohasidagi vakolatlari belgilanishini nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Qoʻmita majlisida kriminogen vaziyati murakkab mahallalarda jinoyatlarning kelib chiqish sabablari yuzasidan ilmiy yondashuvlar asosida oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasi boʻyicha IIV Akademiyasi hamda Jamoat xavfsizligi universiteti rahbarlarining axborotlari ham eshitildi.

Qayd etish lozimki, Prezidentimizning bevosita tashabbuslari bilan mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni, aholining xavfsiz hayot kechirishini taʼminlash borasida ham huquqiy, ham tashkiliy jihatdan barcha zarur choralar koʻrilmoqda.

Qisqa muddatda sohaga doir alohida konsepsiyalar, yangicha ish uslublari, ilmiy yondashuvlar va zamonaviy mexanizmlar amaliyotga joriy etildi, huquq-tartibot idoralari faoliyati butkul takomillashtirildi, zarur kuch va vositalar bilan toʻliq taʼminlandi.

Jinoyatchilikka qarshi kurashish ishlariga nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar, balki ilmiy soha vakillari hamda boshqa vazirlik va idoralar, keng jamoatchilik ham toʻla jalb qilingan. Eng asosiysi, huquqbuzarliklarning oqibati bilan kurashish emas, balki ularning oldini olish asosiy mezonga aylangan.

Soʻzga chiqqanlar kriminogen vaziyati murakkab mahallalarda jinoyatlarning oldini olish boʻyicha manzilli choralar konsepsiyasi tasdiqlanib, kriminogen vaziyati boʻyicha “qizil” toifada turgan mahallalarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning asl omillarini tizimli ravishda ilmiy yondashgan holda taʼlim muassasalari tomonidan oʻrganib borish amaliyoti ham yoʻlga qoʻyilganini taʼkidlab oʻtdi.

Muhokama yakunida koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?