Qizilqumning an’anaviy festivali nihoyasiga yetdi

18:16 10 May 2023 Welcome to uzbekistan
12636 0

Foto: «Xalq so‘zi»

Navoiy shahrida NKMK tizimidagi madaniyat muassasalarining san’atsevar yoshlari o‘rtasida an’anaviy XVI “Qizilqum san’at g‘unchalari 2023” bolalar ko‘rik-tanlovi - festivali o‘z nihoyasiga yetdi. 

Qizilqum haqida so‘z ochilsa keng dala va biyday cho‘l ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi. Vaholanki bugun mana shu kengliklarda chinakam jamol ochgan navqiron shaharlar Uchquduq va Zarafshon hamda o‘nlab qo‘rg‘onu qishloqlar, manzilu ovullar joylashgan. Tabiiyki, mazkur go‘shalarning o‘z an’ana, qadriyat va san’ati hamda biri-birining izidan quvlab kelayotgan o‘z iqtidorlari bor. Ularni yuzaga chiqarish, rag‘bat ko‘rsatib, elga tanitishda 1998 yildan buyon “Farhod” madaniyat saroyida tashkil etiladigan “Qizilqum san’at g‘unchalari”, ko‘rik tanlovi ham sahna va ham auditoriya vazifasini o‘tab kelmoqda.

- Ushbu ko‘rik tanlov dastlab festival tariqasida tashkil etilgan, - deydi “NKMK jamg‘armasi” Davlat muassasasining matbuot xizmati rahbari Sanjar Qurbonov. - Keyinchalik u tanlovga aylanib, har safar respublikamizning taniqli san’at arboblaridan iborat nufuzli hakamlar hay’ati tomonidan baholanmoqda. Albatta, bu kombinatimiz tasarrufidagi barcha madaniyat muassasalarining mas’uliyatini oshirish bilan birga, tanlovimizning nufuzini ham ta’minlamoqda. 

Qariyb besh kun davom etgan bu yilgi ko‘rik tanlovda NKMK tasarrufidagi madaniyat muassasalarining 700 nafardan ortiq san’atsevar o‘g‘il-qizlari ishtirok etishdi. Ular ijrochilikning xonandalar, vokal guruhlari, orkestrlar va zarbli cholg‘u ansambllari, raqs jamoalari va ansambllari yo‘nalishlarida mahoratlarini namoyish etdilar. Shulardan birgina raqslar yo‘nalishi, estrada, zamonaviy va xalq raqslari kabi uch turga bo‘linib, hakamlar bunda yoshlarning nafaqat ijro mahorati balki libos va sahna madaniyatlarini ham baholashda inobatga oldilar. 

- Biri-birini takrorlamas liboslarda milliy kalorit turli millatlarga xoslikni kuzatib, NKMKdek ko‘pmillatli jamoada millatlararo bag‘rikenglik, milliy san’atga hurmat naqadar ulug‘langanligiga amin bo‘lasan kishi, - deydi hakamlar hay’ati a’zosi Kozim Qayumov. - Albatta, bu fazilatlarning inson shuuriga yoshligidanoq singdirilishi, yosh san’atkorlarning milliy an’ana va qadriyatlarga hurmat ruhida voyaga yetishida yuksak samara beradi. 

Tanlovning vokal cholg‘u yo‘nalishi duet va vokal guruhlar hamda yakkaxon xonandalik muxlislarini o‘z atrofiga birlashtirdi. Mazkur yo‘nalishda ham ijrodagi mahorat bilan birga qo‘shiqlarning badiiy saviyasi, mavzudagi samimiyatga e’tibor qaratildi.

Albatta, har bir tanlovning yaratilgan qo‘shiq va kashf etilgan iste’dodlari kelajakda millat mulkiga aylanadi. Qizilqumliklarning joriy yil tanlovi ham shu jihatdan o‘z maqsadini oqlab bir qator yosh iste’dod sohiblariyu yangi-yangi qo‘shiqlarga qanot bo‘ldi, desak aslo mubolag‘a emas.

Tanlov yakunida esa g‘oliblar sharafiga uning ishtirokchilari tomonidan gala konsert namoyish etilib, diplom va qimmatbaho estalik sovg‘alari topshirildi.

Temur ESHBOЕV, “Xalq so‘zi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер