Qizamiqning oldini olish choralari muhokama qilindi

17:34 24 Aprel 2025 Jamiyat
289 0

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Bugun Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi tashabbusi bilan Xalqaro immunizatsiya haftaligi doirasida “Qizamiq kasalligining oshishi sabablari, oldini olish choralari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda senatorlar, soha mutaxassislari, vazirlik va idoralar vakillari, xalqaro tashkilotlar ekspertlari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda Yevropa mintaqasida qizamiq bilan kasallanish bo‘yicha 127 mingdan ortiq holat qayd etilgan. Bu ko‘rsatkich 2023 yilga nisbatan ikki barobarga ko‘p bo‘lib, 1997 yildan buyon kuzatilgan eng yuqori darajani tashkil etmoqda.

O‘zbekistonda qizamiqka qarshi emlash ishlari Milliy emlash kalendariga asosan amalga oshiriladi. 2024 yilda bolalarni emlash qamrovi 99,3 foizni tashkil etganiga qaramasdan, ayrim hududlarda qizamiq bilan kasallanish holatlari qayd etilmoqda. Bu esa aholi o‘rtasida targ‘ibot va tushuntirish ishlarini yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatadi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, qizamiqning oldini olishda bolalarni belgilangan vaqtda va to‘liq emlash — eng samarali chora hisoblanadi. Bolalar qizamiq, qizilcha va tepkiga qarshi birinchi marta 12–15 oyda, ikkinchi marta esa 4–6 yoshda, bog‘chaga borishidan oldin emlanishi lozim.

Davra suhbatida “mahalla yettiligi” va keng jamoatchilik ishtirokida targ‘ibot ishlarini kuchaytirish lozimligi ta’kidlandi. Sog‘liqni saqlash sohasidagi xalqaro va mahalliy ekspertlar mamlakatda qizamiqka qarshi vaksina bilan uzluksiz ta’minlash ta’minlanayotganini va davolash ishlari zamonaviy protokollar asosida amalga oshirilayotganini qayd etishdi.

Tadbir yakunida senatorlar va mutaxassislar tomonidan qizamiq tarqalishiga barham berish, O‘zbekistonni qizamiqdan xoli hudud sifatida tiklashga qaratilgan aniq tavsiyalar ishlab chiqildi.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер