Qishloq xoʻjaligidagi loyihalar ijrosi koʻrib chiqildi

19:28 27 Aprel 2022 Siyosat
1092 0

Foto: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-aprel kuni qishloq xoʻjaligida loyihalarni amalga oshirish hamda taʼlim sifatini yaxshilash masalalari yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.

Qishloq xoʻjaligi xalqimiz rizq-roʻzi, ish oʻrinlari va daromad manbai. Soʻnggi besh yilda bu sohaga 2 milliard 500 million dollar xorijiy kreditlar jalb qilingan. Hozirgacha shundan 1 milliard 700 million dollari oʻzlashtirilib, 4 mingga yaqin loyiha amalga oshirilgan. Jumladan, zamonaviy issiqxonalar, intensiv bogʻlar, koʻchatchilik xoʻjaliklari va muzlatkichli omborxonalar tashkil etilgan.

Yigʻilishda xalqaro moliya institutlaridan jalb etilgan mablagʻlarni samarali yoʻnaltirish, loyihalarni jadallashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Bugungi kunda umumiy qiymati 400 million dollarlik 580 ta yangi loyiha shakllantirilgan. Lekin kreditlar muddati qisqaligi yoki mutaxassislar yetishmasligi sababli ularni amalga oshirish kechikmoqda.

Shu bois Qishloq xoʻjaligi vazirligiga loyihalarni oʻzi ishga tushirib, lizing asosida sotish vakolati yuklatildi.

Xususan, joriy yilda 6 ta viloyatda qariyb 2 ming gektar intensiv bogʻ va tokzorlar barpo etilishi, jami 115 ming tonnali 17 ta kichik agrologistika markazi ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Ular tadbirkorlarga tayyor holda, lizing asosida sotiladi.

Davlatimiz rahbari sohada xizmatlarni rivojlantirish, ekinlar hisobi va suv sarfini onlayn monitoring qilish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Bu yil Andijon, Namangan, Fargʻona, Jizzax, Samarqand va Xorazm viloyatlarida agroxizmatlar markazi tashkil etilib, 100 dan ortiq xizmatlar yoʻlga qoʻyilishi qayd etildi. Bu markazlarda zamonaviy laboratoriyalar boʻladi, xorijiy mutaxassislar jalb qilinadi. Loyihalar boʻyicha mablagʻlarni boshqarish, yerlar va ekinlar hisobi, sugʻorish ishlari va hosildorlik elektron tarzda kuzatib boriladi.

Qishloq xoʻjaligi vazirligiga har bir viloyat kesimida alohida “yoʻl xaritalari” ishlab chiqib, ularning ijrosini joyida tashkil etish vazifasi qoʻyildi.

Yigʻilishda agrar sohada taʼlim sifatini yaxshilash masalasiga ham toʻxtalib oʻtildi.

2022-2023 oʻquv yilidan Xalqaro qishloq xoʻjaligi universiteti ish boshlashi rejalashtirilgan. Prezidentimiz u yerga chet ellik oʻqituvchilarni jalb qilish, mahalliy murabbiylarning malakasini oshirish zarurligini taʼkidladi.

Shuningdek, Toshkent davlat agrar universitetiga 17 million dollar kredit va grant jalb qilingan. Buning hisobiga universitet laboratoriyasi 129 turdagi zamonaviy asbob-uskuna bilan jihozlanadi, bogʻdorchilik, sabzavotchilik, chorvachilik, mexanizatsiya, oziq-ovqat sanoati kabi 20 ta yoʻnalish boʻyicha yangi tajriba uchastkalari tashkil etiladi, xorijiy mutaxassislar jalb qilinadi.

Davlatimiz rahbari soha uchun oʻrta boʻgʻin mutaxassislarini tayyorlash ham muhimligini taʼkidladi. Buning uchun oliy taʼlim bilan kollej va texnikumlarning oʻzaro bogʻliqligini taʼminlash kerak. Shu bois mutasaddi vazirliklarga oʻrta maxsus oʻquv dasturlari, darsliklar va amaliyot tizimini soha korxonalari talablari asosida qayta koʻrib chiqish topshirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?