Qishloq ahli oʻzgarishlardan umidvor
Foto: “Xalq soʻzi”
Gʻuzor tumanidagi “Yakkadaraxt” mahalla fuqarolar yigʻiniga qarashli Buton qishlogʻi aholisi nimadan norozi?
Maʼlumki, ushbu tumanda “Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasi” masʼuliyati cheklangan jamiyati va “Uzbekistan GTL” zavodi kabi yirik ishlab chiqarish quvvatlari joylashgan. Aytishlaricha, qishloqning chor tarafidan gaz qazib olinadi. Biroq shunga qaramasdan, bu yerdagi xonadonlarda “zangori olov” yonmay qoʻyganiga koʻp boʻlgan.
— 24 yildan buyon shu qishloqda yashayman, — deydi Latofat Ochilova. — Gaz yoʻq, koʻrib turibsiz. Yolgʻon boʻlmasin, orada bir gaz keldi, adashmasam bir-ikki yil yayradik. Undan keyin gaz quvurlarini kesib tashlashdi. Gaz oʻzimizning hududdan chiqadi, shunday yonginamizda minoralari koʻrinib tursayu, oʻtin, tezak yoqib kun koʻrsak, odamga juda ham alam qilarkan.
74 yoshni qarshilagan Gulnora momo Baratova ham bir muddat qishloq gazlashtirilganini yodga olar ekan, oʻshanda gaz quvurlari aholidan yigʻilgan mablagʻ evaziga sotib olinganini taʼkidlaydi.
— He yoʻq-be yoʻq, tuman gaz taʼminot boʻlimidan kelishdida, quvurlar kesib ketildi. Qishlogʻimizga gaz olib kelguncha odamlarimiz ancha-muncha xarajat qilgan edi. Balki olib ketgan quvurlar qayergadir ishlatib yuborilgandir, lekin uzoq yillardan beri “zangori olov”ni koʻrmay yashayotganimiz bor gap.
Muloqotda, bu soddadil, kamsuqum odamlarni birgina gazsizlik masalasi qiynamayotganini, qishloq hayotida talay muammolar yigʻilib qolganini anglaymiz.
— Bizda oddiy qishloq vrachlik punkti ham yoʻq, shifokorga koʻrinish yoki birgina ukol uchun ham kamida 5-6 kilometr uzoqlikdagi Jarariq qishlogʻiga yoki tuman tibbiyot birlashmasiga borishga majburmiz, — deydi Shoira Xushvaqtova. — Xususiy sheriklik asosida shaxsiy xonadonda ochilgan bitta bogʻchaga esa 20 nafar bola qatnaydi, xolos. Qishloqning aksariyat bolalari bogʻcha koʻrmay katta boʻlyapti.
Shuningdek, ular qishloq yoʻllarining nobopligidan kuyunib gapirdi.
— Yoʻllarimiz nihoyatda abgor ahvolda, mehmon kelsa, uyalamiz. Ayniqsa, maktabga qatnayotgan bolalar yogʻin-sochinda loy, yozda tuproq kechib oʻqishga qatnaydi, — deydi Usmon Xolboyev. — Boshlangʻich sinf oʻquvchilarining shunday yoʻllarda yurishini bir tasavvur qilib koʻring! Nahotki shuncha murojaatimiz, shikoyatlarimiz beiz ketayotgan boʻlsa? Bu borada ne-ne idoraning eshigini qoqdik, ammo samara yoʻq...
Mahalliy rahbarlarning qoʻl qovushtirib oʻtirgani va odamlar ichiga kirmagani sababli oʻrganishlar chogʻida aholining tuman rahbarlariga ishonmay qoʻygani oydinlashdi. Holbuki, katta-kichik rahbarlar oʻz ish faoliyatida asosiy eʼtiborni uyma-uy yurib, joylardagi dolzarb muammolarni aniqlash, ularni bartaraf etishga qaratishi kerak emasmi?..
Qishloq faxriylaridan Nurxon Xudoyberdiyev esa aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash ham ogʻriqli masalalardan ekanini aytadi.
— Ishonasizmi, bizga ichimlik suvi Qamashi tumanidagi Chim qishlogʻidan tashib keltiriladi, — deydi u. — Bir mashina suvni 180 — 200 ming soʻmga sotib olamiz. Uni osh-ovqat, kir yuvish, mol-holni sugʻorish, qoʻyingki, bor roʻzgʻor uchun ishlatamiz. U esa bir oyga ham yetmaydi. Bu toʻrt-besh kishilik oilalar uchun. Kattaroq oilalarda xarajat yanada katta boʻladi. Rosti, hammasidan ham koʻra ichimlik suvi bizga juda qimmatga tushyapti...
Xalqning ogʻirini yengil qilish, hayotdan rozi boʻlib yashashiga koʻmaklashishi barcha boʻgʻindagi rahbarlarning asosiy vazifasi. Shunday ekan, qishloq ahlining murojaatlarini oʻrganib boʻlgach, navbatma-navbat tuman mutasaddilariga yuzlandik.
— Toʻgʻri, ancha yillar oldin Buton qishlogʻi tabiiy gazdan bahramand boʻlgan. Hozirgi kunda suyultirilgan gaz taʼminotiga oʻtkazilgan va muntazam berib borilmoqda, — deydi Gʻuzor tumani gaz taʼminot boʻlimi rahbari Shukur Xolmatov. — Qayd etish oʻrinliki, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 16-fevraldagi «2021 — 2023-yillarda Qashqadaryo viloyatining Gʻuzor va Yakkabogʻ tumanlari markazlarini obodonlashtirish va kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori asosida tuman hokimining farmoyishi qabul qilindi. Unga koʻra, tumanimizdagi 14 ta mahalla fuqarolar yigʻinidagi qishloqlar 2021 — 2023-yillarda tabiiy gaz tarmogʻiga ulanadi.
Lekin bu loyihaga Buton qishlogʻi kiritilmagan. Shunday boʻlsada, bu qishloq ham eʼtibordan chetda qolmaydi. “Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasi” rekonstruksiya qilinishi munosabati bilan past bosimli gaz konidan qishloqqa quvur tortib kelishni moʻljallayapmiz. Agar shu loyiha amalga oshsa, qishloq toʻliq tabiiy gaz bilan taʼminlanadi. Qishloqdagi gaz quvurlarining kesib ketilganidan, ochigʻi, xabarim yoʻq, ishga kelganimga endi sakkiz oy boʻldi.
— Buton qishlogʻi aholisining bir mashina suvni 180 — 200 ming soʻmga sotib olayotgani meni ajablantiryapti. Axir biz xususiy avtomobil egalariga 16 ming soʻmga toʻldirib beramiz, — deydi “Qashqadaryo suv taʼminoti” MCHJning Gʻuzor tumani filiali rahbari Sarvar Safarov. — Bu masalani qatʼiy nazoratga olamiz. Aholi Qamashi tumanidagi Chim qishlogʻidan keltirilayotgan suvni sotib olishyapti ekan. Balki masofa uzoqligi uchun suv narxi balanddir. Ammo bizdan suv olsa, oʻrtacha 100 ming soʻmga tushadi.
Tan olish kerak, Gʻuzor tumani aholisini ichimlik suvi bilan taʼminlash darajasi bor-yoʻgʻi 2 foizni tashkil etgani bois oʻtgan yili 177 kilometr masofaga quvur tortib, qator manzillarni suv bilan taʼminladik. Joriy yilda 8 ming tonna suv sigʻimiga ega ikkita yangi rezervuar qurdik. Asosiysi, Buton qishlogʻiga yaqin masofadan suv quvuri oʻtgan. Agar shu quvur orqali qishloqqa suv olib borilsa, bu muammo ham hal boʻladi.
— Haqiqatan, Buton qishlogʻi oʻrtasidan oʻtgan 6 kilometr yoʻl bizning balansimizga qaraydi, — deydi Gʻuzor yoʻllardan foydalanish unitar korxonasi boʻlim boshligʻi Sunnat Qoʻchqorov. — Joriy yilning birinchi choragida yogʻingarchilik koʻp boʻlgani tufayli mablagʻ ajratilmadi. Xulosamizni poytaxtga yuborganmiz, koʻrib chiqib mablagʻ shakllantirilsa, qishloq yoʻllari asfalt qilinadi.
...Qishloq odamlari bilan suhbat asnosida tushundikki, yurtimizda kechayotgan hayotbaxsh islohotlarga, yangilanishlarga daxldorlik hissi ularga ham begona emas. Ertami-kechmi, oʻzlari istiqomat qilayotgan qishloq ham obod, koʻrkam goʻshaga aylanishiga ishonishadi. Faqat muammolarni hal etish uchun tuman rahbarlari ular bilan tez-tez muloqot qilib turishini, takliflarini tinglashini va berilgan vaʼdalar amalda bajarilishini istaydilar.
Koʻrinib turibdiki, bu qishloqda muammolar koʻp, ammo barchasining yechimi bor. Yuqorida Gʻuzor tumani gaz taʼminoti boʻlimi rahbari keltirgan Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 16-fevraldagi qarorida mazkur tumanni obodonlashtirish va kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlarini moliyalashtirish manbalari ham koʻrsatilgan. Inchunin, Gʻuzorda amalga oshiriladigan 252 ta loyiha uchun 840 mlrd. 215 mln. soʻm mablagʻ oʻzlashtirilishi belgilangan.
Katta imkoniyatlari mavjud tuman ijtimoiy-iqtisodiy hayotini yaxshilashga qaratilgan 250 dan oshiq bu loyihalar amalga oshsa, “Yakkadaraxt” mahalla fuqarolar yigʻinidagi Buton qishlogʻi aholisini ham oʻylantirayotgan va haqli eʼtiroziga sabab boʻlayotgan muammolar yechim topishi aniq...
Har holda ular shundan — yangi oʻzgarishlardan umidvor.
Faxriddin BOZOROV (“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Loʻlilar faqat tilanchimi?...” Ular yashayotgan mahalladan fotoreportaj
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring