Qimirlagan qir oshar...

16:50 27 Yanvar 2025 Jamiyat
299 0

Rustam NURMATOV/“Xalq soʻzi”. Ming yillar avval ham “mahalla” atamasi boʻlgan. Xususan, Alisher Navoiyning “Hayrat-ul abror” dostonida “Shaharlar otini mahalot etib, Boʻldi chu yuz shahar Hiri ot etib”, deya taʼriflangan. Bugun mahallaning vakolati, faollarning vazifa ham yangilandi. Kechagina faqat oila, yashash joyi haqida maʼlumotlar berish, yuqoridan kelgan topshiriqlarni bajarish bilan cheklangan tizim oʻrnida odamlar hayotini farovonlashtirish, hududni obod qilish, tadbirkorlikni tashkil etish hisobiga ish oʻrinlari yaratish uchun jon kuydiradigan shahar ichidagi shaharcha barpo etilmoqda.

Birgina “Obod mahalla” dasturi asosida Jizzax shahri “Olmazor” mahallasining oʻzida qancha ishlar amalga oshirildi. Mahalla tashkil boʻlgandan buyon tekislanmagan koʻchalar ravonlashtirilib, asfalt yotqizildi. Eski simyogʻochlar yangisiga almashtirildi. Transformatorlar taʼmirlandi.

— “Mahalla yettiligi” katta imkoniyatlar eshigini ochdi, — deydi “Olmazor” mahallasining hokim yordamchisi Nabi Mamatqulov. — Ilgari mahalla idorasiga borsangiz odamlar gavjum boʻlardi. Kimdir moddiy yordam soʻrab kelgan, boshqasi qoʻshnisi bilan yer, suv talashib kelardi. Bugun hokim yordamchisi daromadi kam oilalarga yordam koʻrsatsa, ijtimoiy xodim yordamga muhtojlarni oʻrganib chiqmoqda. Yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faollari aholining bandligini taʼminlash yoʻlida kamarbasta.

Prezidentimiz Jizzaxga tashrifi chogʻida Sharof Rashidov tumanidagi “Tuyoqli”, Zarbdor tumanidagi “Lalmikor” mahallasidagi xonadonlarga kirib, tomorqani haqiqiy daromad manbaiga aylantirish borasida qilinayotgan ishlar bilan tanishgandi. Buni olmazorliklar ommaviy axborot vositalari orqali kuzatib, oyoqqa turishdi. Ayni paytda 26 gektar tomorqa yerlarning 21 gektariga poliz va sabzavot ekinlari ekildi.

“Olmazor” mahallasida olib borilayotgan ishlarni koʻrgan bankirlar ham aholini koʻproq daromad olishiga oʻz hissasini qoʻshmoqda. “Aloqa bank” homiyligida 100 oila tanlab olinib, 10 tadan jaydari tovuq, ularga tayyor kataklar yetkazib berildi. 7 ta oilaga chorva, asalari boqish va issiqxona qurish uchun imtiyozli kredit paketlari taqdim qilindi. “Biznesni rivojlantirish banki“ aksiyadorlik tijorat banki koʻmagida 100 mln. soʻmdan imtiyozli kredit ajratildi. Bu qoʻshimcha ish oʻrinlarini yaratish imkonini beradi.

Bunday xayrli ishlardan mahalla tadbirkorlari ham chetda turgani yoʻq. Mahallada muvaffaqiyatli faoliyat koʻrsatayotgan uchta tadbirkorlik subyekti lider tadbirkor sifatida oilalarga biriktirildi. Masalan, tikuvchilikka ixtisoslashgan Dilafruz Ikromova 30 ta oiladagi xotin-qizlarga ish oʻrgatib, kasanachilik tashkil etishga kirishgan. Umid Tursunmatov mebelsozlik, Suvonqul Ikromov issiqxonalar qurish va ularda oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish sirlarini oʻrgatmoqda.

Keyingi yillarda mahalla hududi ulkan qurilish maydoniga aylandi. Bu yerda Jizzaxda birinchi boʻlib “Olmazor siti” nomi bilan mashhur turar joy mavzesi barpo etildi. 16 qavatli osmonoʻpar binolar mahalla chiroyiga koʻrk bagʻishlab turibdi. Bu yerga yuzlab oilalar koʻchib kelib, aholi soni 12089 taga koʻpaydi. Xonadonlar soni 3402 taga yetdi. Mahalla hududi kengayib, bugun 74 gektarni tashkil etmoqda.

Albatta, aholi sonining keskin oshishi hisobiga mahalla faollarining ishi ham koʻpaydi. Lekin hamma “Rais opa” deya hurmat qiluvchi Norbuvi Shamsiyeva boshchiligida bu yerda ham oʻziga xos tartib yoʻlga qoʻyildi. Hududni obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish, tozalikni saqlash choralari koʻrildi. Tadbirkorlik qilishni istagan fuqarolarga koʻp qavatli uylarning yertoʻlasidan joy ajratildi. Ayni paytda bu yerda olti nafar tadbirkor faoliyat olib bormoqda. Hududda yangi maktab qurib, ishga tushirildi. Maktab yoshigacha boʻlgan bolalar taʼlim tarbiyasini yoʻlga qoʻyish uchun mahalla hududida 10 ta davlat sherikchiligi asosida maktabgacha taʼlim tashkiloti tashkil etilib, 30 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi. Mahalla ahil. Qanday ish boʻlishidan qatʼiy nazar, yosh-u qari hasharga chiqadi. Shu sababli har bir mavsumda “Yashil makon” umummilliy loyihada ham olmazorliklar yeng shimarib ishtirok etmoqda. Bahorgi mavsumda koʻchalarga 2050 tup daraxt koʻchatlari ekilib, parvarish qilinmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?