Qiyin vaziyatdagi onalarga yordam koʻrsatish uchun «Ona uyi» ijtimoiy markazi ochiladi

13:02 29 Aprel 2024 Dunyo
349 0

Foto: OʻzA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashabbusi bilan Qozogʻistonning «ANA ҮYІ» jamoat fondi oʻrtasida imzolangan oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi Memorandumga koʻra, Toshkentda ham «Ona uyi» ijtimoiy markazi ochiladi. Bu haqda OʻzA xabar bermoqda.

Birinchi «Ona uyi» ijtimoiy markazi 8-10 nafar yosh bolali ayolni qabul qilishi mumkin. Ikkinchi bosqichda «Ona uyi» natijalari asosida hamda Oʻzbekistonning maʼlum bir mintaqasi ehtiyojlariga qarab loyihani mamlakat boʻylab kengaytirish belgilangan.

«Ona uyi» markazi qiyin ijtimoiy vaziyat va turli salbiy holatlarda onalarga bolalarini oʻzlari tarbiyalash imkonini berish orqali yordam beradi. Markazda ularga maʼnaviy, psixologik va moddiy yordam koʻrsatiladi hamda ushbu yordam barcha zarur narsalar, xususan, uy-joy, oziq-ovqat, kiyim-kechak, shuningdek, ayol va bola uchun tibbiy yordamni oʻz ichiga oladi.

Shu bilan birga, «Ona uyi» loyihasi doirasida markazda yashovchi onalarni kasbiy tayyorlash dasturi amalga oshiriladi. Kelgusida «Ona uy»larida tikuvchilik ustaxonalarini ochish, onalarga turli mutaxassisliklar boʻyicha taʼlim berish rejalashtirilgan.

Natijada, «Ona uyi» markazida boʻlgan vaqt davomida ayollar ijtimoiylashishi, professional kasbga ega boʻlishi hamda oʻzlari va farzandlarini taʼminlash maqsadida kelajak uchun mablagʻ topishi mumkin.

Qozogʻistondagi «Ona uyi» («ANA ҮYІ») xayriya loyihasining tashkil topganiga 10-yildan oshdi. Bugunga qadar mazkur loyiha tufayli mamlakatda yetti ming nafardan ortiq bolaning tirik yetim boʻlib qolishining oldi olingan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?