“...Qay-u panjakim, panjai oftob”

16:04 06 Fevral 2024 Madaniyat
532 0

Foto: Arxiv surat

Daho shoir Alisher Navoiy nafaqat ijodiy merosi, balki hayoti, ezgu fazilatlari bilan ham biz, avlodlarga doimiy ibrat namunasidir. Xususan, uning ustozlariga munosabati, mehr-muhabbati, bu insonlarni behisob ardoqlashi, kamtarligi kishiga havas va iftixor baxsh etadi.

Buyuk mutafakkirning bu xislatlari uning “Saddi Iskandariy” dostonining yakunlovchi 89-bobida koʻzga yaqqol tashlanadi. Ushbu bob nafaqat beshinchi doston, balki muhtasham “Xamsa”ning yakunlovchi qismidir. Hazrat Navoiy “Xamsa” dostonlarida oʻzining nek niyati, muddaolari, oldiga qoʻygan oliy maqsadi, uni yozishga qizgʻin tayyorgarlik koʻrishi, ilhomiy onlari, maʼlum muddat yoza olmay qolgan paytlaridagi tushkun kayfiyati, chekkan mashaqqatlari yoxud Allohdan madad va najot soʻrab qilgan iltijolari yoki soʻz, qalam, qogʻoz, dovotiga murojaatlari, tavba hamda tazarrulari haqida juda taʼsirli, ibratomuz baytlar yozgan.

Shu bilan birga, har bir dostoni avvalida Nizomiy Ganjaviy, Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy kabi xamsanavis ustozlarini sharaflab alohida boblar bitgan. Ularda xamsachilik maktabi va asoschisi, anʼana hamda novatorlik masalalari, ijod jarayoni, uslub jilolari, tarixiy va adabiy dalillar xususida gapirgan.

“Saddi Iskandariy”ning 89-bobida baxtu iqboli qoʻllab, yuksak orzulari roʻyobga chiqib, “Xamsa”ni tugatgani xususida va besh doston nomi, mazmuni haqida toʻlqinlanib yozarkan, ustozlariga samimiy dil izhorlarini bildiradi, ularni sharaflaydi va alqaydi. Bunday goʻzal munosabat dostonning koʻplab oʻrinlarida kelgan, ammo biz maqola hajmini hisobga olib, baʼzilarini tahlil va talqin etishga harakat qildik.

Birinchidan, Alisher Navoiy bobning dastlabki tasvirida xamsachilik maktabi haqida soʻz ochadi va panja, qoʻl, ilik soʻzlarini obrazli ifoda tarzda qoʻllaydi. Iftixor tuygʻusi bilan Nizomiyni ilk xamsanavis sifatida tanishtiradi va uning “Panj ganj”ini obrazli ifoda shaklida “panjai oftob” deya sharaflaydi:

Ne panja erur, “Xamsa”i ganjsanj

Ki, dono qoʻyubtur otin “Panj ganj”.

Qay-u “Xamsa”kim, maxzani durri nob,

Qay-u panjakim, panjai oftob.

Ikkinchidan, “Saddi Iskandariy”ni yozishga qoʻl urgan hazrat Navoiy gohida buyuk zamondoshi Jomiyning “Biyik himmatidin madadkorliq” istab va duo soʻrab uning huzuriga tez-tez borib turganini aytgan. Tasvirda u qulf va kalitni mahorat ila obrazli ifoda bilan qoʻllab, Jomiy kabi buyuklar duosi qulfni ochuvchi kalit ekanini toʻlqinlanib yozadi:

Ki, har quflkim fathidur nopadid,

Anga bor eranlar duosi kalid.

Jomiy doʻsti Alisher Navoiyga keng fikr, yuksak ijodiy ong va tafakkur sohibi ekanini gapirib, “Ki, soʻz tavri keldi sening shaʼninga”, “Soʻz ichra senga pahlavonliq dogʻi”, “Umid ulki, boʻlgʻay muyassar senga”, deya katta umid beradi.

Uchinchidan, Alisher Navoiy yakunlangan “Xamsa” qoralamasini gʻilofga solib, yaʼni “Savodin solib juzvdonim aro”, deya Jomiy huzuriga ravona boʻladi. Unga “Xamsa” xotimasi xususidagi xushxabarni aytadi va koʻngli toʻlib ustozini “...madadkor aning himmati”, “Ne ish tushsa, gʻavrumgʻa yetguchi ul”, deya olqishlaydi.

Toʻrtinchidan, hazrat Navoiy oʻzini rostlab olgach, “Uzun umrlar anda sarf ettilar”, degan yuksak eʼtirof bilan Nizomiy Ganjaviyni “Nizomiyki, nazm ahli ustodidur”, Xusrav Dehlaviyni esa “Ki, soʻz birla oldi Ajam to Arab”, deb ulugʻlaydi. Sharq mumtoz adabiyotining Saʼdiy Sheroziy, Abulqosim Firdavsiy, Ahmad Unsuriy, Sanoiy, Hoqoniy, Anvariy kabi buyuk soʻz ustalarini, hatto unga ruboiy yozib “Soʻz mulkining Sohibqironi, qahramoni” deya sharaflagan munaqqidi Sulton Husayn Boyqaroni talmeh sanʼati vositasida yodga oladi. Ularga hurmati va boy ijodiy merosiga qiziqishi balandligini eslab oʻtadi.

Beshinchidan, “Xamsa”ni basmala bilan boshlagan Alisher Navoiy asar xotimasida faxriya usulida oʻziga murojaat qilib, Tangrining karami, marhamati, inoyati bilan oliy maqsadi ravo boʻlganiga olam-olam shukronalar izhor qiladi:

Navoiy, qilib Tengri koming ravo,

Senga roʻzi etti ajoyib navo.

Uzot Tengri shukri navosigʻa til,

Navo ortuq istar esang, shukr qil!

Muxtasar aytganda, “Saddi Iskandariy”ning birgina mazkur bobi tasviri, talqini buyuk mutafakkir shoirning qalb va ijod olamini namoyon etadi.

Burobiya RAJABOVA,

OʻzRFA Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori

instituti yetakchi ilmiy xodimi,

filologiya fanlari nomzodi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?