Qashqadaryoda qancha yoʻllar taʼmirlandi?

Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Yaqinda telekanallarimizdan birida Germaniyaning shimol va janubini bogʻlovchi “A1” hamda gʻarb va sharqini bogʻlovchi “A2” xalqaro avtomagistrallari haqidagi hujjatli film namoyish etildi. Eʼtiborimizni tortgan jihati, ushbu yoʻllarning doimo oynadek yaraqlab turishi, haydovchilar noqulaylik his etmasligi uchun har kuni minglab mutaxassislar ish olib borishi, milliardlab mablagʻ sarflanishi boʻldi. Albatta, yoʻllar har bir mamlakatning eng muhim infratuzilma tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Ular orqali har kuni yurtimizga millionlab sayyohlar, tovar-mahsulotlar kirib keladi yoki chiqib ketadi. Bir qator davlatlar oʻrtasidagi avtomobil va yuk tashish oqimlari ham ana shu yoʻllar orqali bogʻlanadi. Bularning hammasi juda katta pul, valyuta deganidir. Busiz turizmni, logistikani rivojlantirish, hududlarning ijtimoiy, iqtisodiy jozibasini oshirish, aholining farovon turmush-tarzini taʼminlash imkonsiz.
Har yili mamlakat boʻylab minglab kilometr yoʻllarda qurilish, taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. Birgina Qashqadaryo viloyatida jami 21 ming 637 kilometr uzunlikdagi avtomobil yoʻllari mavjud. 2017-2024-yillarda turli manbalar hisobidan 4,5 trillion soʻm mablagʻ sarflanib, ana shu yoʻllarning 9599 kilometri qismida qurilish, taʼmirlash ishlari amalga oshirildi. Bu soʻnggi yetti yilda viloyatdagi jami yoʻllarning 44 foizdan oshiq qismi yangilandi, deganidir. Eng muhimi, bu ishlarning samarasini aholi ham his etmoqda. Bir necha yil oldin viloyat markazidagi aksariyat yoʻllar oʻta taʼmirtalab ahvolga kelib qolib, bu aholining haqli eʼtiroziga sabab boʻlayotgandi.
Prezidentimizning 2023-yilda Qashqadaryo viloyatiga qilgan tashrifi chogʻida bergan topshirigʻiga asosan, Qarshi shahrida 27 kilometr uzunlikdagi 6 ta markaziy koʻchada yoʻlning yuqori qatlamiga A-tipdagi asfaltbeton qorishmasi yotqizilib, tekis va ravon yoʻlga aylantirildi. Oʻtgan yili Qarshi tumanini Kasbi tumani bilan bogʻlovchi yoʻlning 38 kilometr qismi, “Qamashi — Chimqoʻrgʻon” avtomobil yoʻlining 23 km qismiga asfaltbeton yotqizilib, yoʻlning oʻtkazuvchanlik qobiliyati tubdan yaxshilandi. Turli dasturlar doirasida 1194,1 kilometr ichki xoʻjalik yoʻllarida qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirildi.
— Davlatimiz rahbarining topshirigʻiga asosan, “Olmaota — Bishkek — Toshkent — Shahrisabz — Termiz” avtomobil yoʻlining 1255-1315 kilometr (60 kilometr) qismini rekonstruksiya qilish» loyihasi amalga oshirilishi belgilangandi, — deydi Qashqadaryo viloyat avtomobil yoʻllari hududiy Bosh boshqarmasi boshligʻi Behzod Toʻrayev. — Ayni paytda umumiy qiymati 195,5 million dollarni tashkil etadigan ushbu loyiha boʻyicha ishlar boshlangan. Avtomobil yoʻlini rekonstruksiya qilish ishlari Xitoyning “China Road and Bridge Corporation” kompaniyasi hamda “Dineshchandra-New-Tech-Tekar” qoʻshma korxonalari tomonidan olib borilmoqda.
Joriy yilda viloyat yoʻlsozlarining oldida turgan reja yanada ulkan. Xususan, bu yil viloyatda turli toifadagi jami 4675,5 kilometr yoʻllar taʼmirlanishi rejalashtirilgan. Buning ichida viloyatning turizm obyektlariga olib boruvchi Qamashi tumanidagi “Langar – Maydanak” avtomobil yoʻlini taʼmirlash, Shahrisabz tumanidagi Miraki, Gʻilon, Sarchashma hududlaridagi yoʻllar 3-toifaga moslab qayta qurish, Xalqaro ahamiyatdagi A380 “Gʻuzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” yoʻlining 100 kilometr qismini taʼmirlash kabi yirik va muhim loyihalar ham bor.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring