Qashqadaryoda asalarilar nega qirilib ketyapti?

Dunyoda asalga boʻlgan talab muttasil oshib bormoqda. Masalan, global bozor tadqiqotlari va tahlili sohasida faoliyat yuritadigan mashhur “Mordor Intelligence” kompaniyasi mutaxassislarining tahlillariga koʻra, oʻtgan 2024-yilda dunyo bozorida tabiiy asalning ulushi 11,08 milliard AQSH dollarini tashkil etgan. 2029-yilga borib bu miqdor 14,28 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.
Mamlakatimiz ham bunday tabiiy va shifobaxsh mahsulotni ishlab chiqarishda katta salohiyatga ega. Biroq, bugungi kunda bu salohiyatdan Qashqadaryo viloyatida unumli foydalanilmayotgani bois asalarichilik boshi berk koʻchaga kirib bormoqda.
Biz bol yetishtirishda yuzaga kelayotgan muammolar, yoʻqotishlarni qashqadaryolik asalarichilar faoliyati misolida tahlil etishga harakat qildik.
Bir kunda hammasidan ayrilish...
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda asalarichilik tarmogʻini jadal rivojlantirish boʻyicha bir qator huquqiy-meʼyoriy hujjatlar qabul qilindi. Ularda soha uchun muhim boʻlgan koʻplab istiqbolli normalar belgilangan. Masalan, Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 12-iyundagi tegishli qarori bilan Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasiga qishloq xoʻjaligi ekinlarini asalari bilan changlatish boʻyicha quyidagi vazifalar yuklatilgan:
- qishloq xoʻjaligi ekinlari hosildorligini oshirish uchun asalari bilan changlatish xizmatini koʻrsatishni tashkil etish;
- asalarichilik subyektlari, paxtachilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklari va paxta-toʻqimachilik klasterlari oʻrtasida tuziladigan shartnomalar reyestrini yuritish.
Ushbu tartibga koʻra, asalarichilik subyektlari qishloq xoʻjaligi ekinlaridan asal yigʻish bilan bir qatorda, ularni changlatgani uchun shartnoma asosida xizmat haqi ham olishi mumkin. Ammo bu tartib Qashqadaryo viloyati misolida oladigan boʻlsak, amalda deyarli ishlayotgani yoʻq. Chunki mahalliy fermerlar va klaster korxonalari rahbarlari ekinni asalari bilan changlatishning samaralari haqida koʻp maʼlumotga ega emas. Bu xizmat uchun pul toʻlagisi kelmaydi.
Asalarichilar ham shartnoma asosida ekinlarni changlatib, bu xizmati uchun pul olish haqida qaygʻurayotgani yoʻq. Shunchaki fermerlar ularga qishloq xoʻjaligi ekinlari, asosan gʻoʻzadan asal yigʻish uchun imkoniyat berishsa, dalaga kimyoviy ishlov berishdan avval ularni ogohlantirishsa boʻlgani. Hozirgi sharoitda esa fermerlar bu ishni hech qanday ogohlantirishsiz, oʻzbilarmonlik bilan amalga oshirmoqda. Natijada koʻplab asalarichilar bir kunda barcha asalarisidan ayrilib, dodini kimga aytishni bilmay qolishmoqda.
Misol uchun, 2025-yilning iyun-iyul oylarida fermerning oʻz dalasiga kuchli kimyoviy preparatlarni qoʻllashi natijasida Qarshi tumanilik Dilshod Umarov 200 uya asalarisining barchasini, shu tumanlik Tolib Bobonazarov 105 uya asalarisining 57 foizini, Azamat Sultonov 95 oila asalarisining 53 foizini yoʻqotgan.
270 oila asalarisini Nishon tumanidagi paxta dalalariga olib borgan Alisher Xolmurodov hamda Bahodir Boymatovlar ham fermerning ogohlantirmasdan oʻz dalasiga kimyoviy ishlov berishi oqibatida 70 foiz asalarisidan ayrilgan.
Shuningdek, chiroqchilik Fayzulla Yangiboyevning 170 oila, Eldor Abdiyevning 80 oila, kosonlik Otamurod Doʻstmurodovning 100 oila, Bobomurod Aslanovning 30 oila, mirishkorlik Sardor Koʻchakovning 135 oila, Shuhrat Yangiboyevning 40 oila, Mahmud Odnamurodovning 36 oila, Dilshod Odnamurodovning 60 oila, kitoblik Oʻlmas Azimovning 50 oila, muboraklik Qahramon Gʻulomovning 100 oila asalarilari ham xuddi shunday sabab bilan bir kunda nobud boʻlgan. Eng achinarlisi, bu raqamlarni yana davom ettirish mumkin.
—Bu sohaning mehnatini shu ishni qilgan odam biladi, — deydi asalarisini yoʻqotgan tadbirkorlar. – Biz mavsum uchun harakatni erta bahordan boshlaganmiz. Aprel-may oylarida asalarini togʻli hududlar, adirliklarda olib yuramiz. Yozga kelib u joylarda gullar qolmaydi. Noiloj paxta dalalariga kelishga majbur boʻlamiz. Shuncha mashaqqat bilan bu yerga kelib, bir kunda barcha asalarimizdan ayrilish alam qiladi-da, odamga. Fermer bizni ogohlantirib, bir kun muhlat bersa, bir kechada olib chiqib ketar edik-ku, arilarimizni.
Yangi qonunga ehtiyoj sezilmoqda
Qashqadaryo viloyat asalarichilar uyushmasi raisi Ravshan Boymatovning aytishicha, asalarichilik qishloq xoʻjaligidagi barcha tarmoqlar ichida eng daromadli hisoblanadi.
—Masalan, bitta oila 20 uya asalari boqsa yiliga kamida 800 kilogramm asal oladi, — deydi u. – Bugungi bozor narxida bu 64 million soʻm pul degani. Vaholanki, 20 uya asalari uchun bir kishi bahor va yozda nari borsa 6 oy mehnat qilsa boʻlgani. Yana qaysi sohadan koʻp kuch va resurs sarflamasdan turib shuncha daromad olish mumkin?! Aksariyat hududlarimizda buning uchun sharoit bor. Lekin shunga qaramay, odamlarimiz bu ishni samarasiz tarmoq sifatida bilishadi. Negaki hududidagi bitta fermer yoki tomorqachining ogohlantirishsiz oʻz dalasiga kuchli kimyoviy oʻgʻitlarni sepishi natijasida bor asalarilar nobud boʻlishi mumkin.
Ravshan Boymatov shuningdek, soʻnggi yillarda asalarichilikni rivojlantirish boʻyicha hukumatimiz tomonidan koʻplab huquqiy-normativ hujjatlar qabul qilingani, biroq asalarichilarning huquqlarini himoya qiladigan, ularga yetkazilgan zararning miqdorini belgilab, aybdordan undirish imkonini beradigan yagona norma yoʻqligini ham taʼkidladi.
—Fermerning ogohlantirishsiz dalasiga kimyoviy ishlov berishi natijasida katta zarar koʻrgan bir qator asalarichilarimiz bu borada sudga ham murojaat etishdi, — deydi u. – Lekin yutqizishdi. Negaki, fermer yoki klasterning zimmasida dalaga kimyoviy ishlov berishdan oldin hududdagi asalarichilarni ogohlantirish bilan bogʻliq biror-bir majburiyat yoʻq. Bu hamon vijdon ishi boʻlib qolmoqda. Sud esa hujjatlarga qarab ish yuritadi. Agar fermerlar, qishloq xoʻjaligi korxonalari bilan asalarichilar oʻrtasida munosabatlarni huquqiy asoslovchi biror-bir meʼyoriy hujjat boʻlganida, fermerlar ham ozgina masʼuliyat sezganida, bu tarmoq jadal rivojlanib ketgan boʻlardi. Hozir esa munosabatlar arosatda depsinib turibdi.
Maqolani tayyorlash asnosida koʻplab asalarichilik subyektlari rahbarlari, oilaviy tadbirkorlar bilan ham suhbatlashdik. Ularning aytishicha, sohada muammolar koʻp. Lekin, ekinlarga kimyoviy ishlov berilishi natijasida asalarilarning ommaviy qirilib ketayotgani bu juda achinarli hol. Xoʻsh, bu muammoga yechim topiladimi? Sohaga aloqador mutasaddi rahbarlardan aniq javob kutamiz.
Jahongir BOYMURODOV,
“Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring