Qashqadaryo va Surxondaryo zargarlik merosi namoyishi

18:11 31 Yanvar 2025 Madaniyat
121 0

Oʻzbekiston amaliy sanʼat va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyida 31-yanvar — Xalqaro zargarlar kuni munosabati bilan “Qashqadaryo va Surxondaryo zargarlik merosi” deb nomlangan koʻrgazma ochildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda soʻzga chiqqanlar tomonidan yurtimizda zargarlikni keng qoʻllab-quvvatlash, bu sohada ijod qilayotgan hunarmand zargarlarga imkoniyat va imtiyozlar yaratishga eʼtibor kuchayib borayotgani alohida taʼkidlandi.

Koʻrgazmani tashkil etishdan maqsad — mamlakatimizning boy zargarlik merosini keng jamoatchilikka tanishtirishdan iborat. Shuningdek, qadimiy zargarlik sanʼatining noyob namunalarini targʻib qilish, xalq hunarmandchiligining madaniy ahamiyatini koʻrsatish va milliy anʼanalarni asrab-avaylashda jamiyatning rolini yuksaltirishga qaratilgan.

Eʼtiborlisi, ushbu koʻrgazmada XIX-XX asrlarga oid muzeyda saqlanayotgan 33 dona noyob asori atiqalar namoyishga qoʻyildi. Shundan 18 tasi Surxondaryo viloyatiga mansub boʻlib, ular qatorida sirgʻalar, chochpopuk, boʻyin va peshona bezaklari, jamalak, bilaguzuk hamda ayollar koʻkrak bezaklari bor. Shuningdek, zargarlik taqinchoqlari bilan bezatilgan ayollar doʻppisi ham namoyish etildi. Qolgan 10 ta eksponat esa Qashqadaryo viloyatiga tegishlidir. Bular xotin-qizlar uchun moʻljallangan peshona bezaklari — “tillabargak”, “bibishaki”, shuningdek, koʻylak uchun marjonlar, “mohi tillo”, jamalak kabi nafis zargarlik buyumlaridir.

Tadbir davomida Qashqadaryo va Surxondaryo baxshilari tomonidan ijro etilgan kuy-qoʻshiqlar hammaga xush kayfiyat ulashdi.

Maʼlumot uchun, koʻrgazma 10-fevralga qadar davom etadi.

Diyora YUSUPALIYEVA,

OʻzDJTU Xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер