Qarshida koʻp yillik qaragʻaylar nega kesilgan edi?
2023-yilning 3-aprel kuni OAV va ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi shahrining Tabassum mahallasida joylashgan bolalar oʻyingohi hududidagi 30 tupdan ortiq koʻp yillik qaragʻay daraxtlari kesib tashlangani haqida xabarlar tarqaldi. Bolalar oʻyingohining tadbirkorga berib yuborilgani, qolaversa, daraxt kesishga moratoriy eʼlon qilingan bir paytda bu yerdagi koʻp yillik daraxtlarning oʻzboshimchalik bilan kesib tashlangani aholining noroziligiga sabab boʻldi. Ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar, jamoatchilik faollari bu haqda bong ura boshlashdi.
Natijada Tabiat resurslari vazirligi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi (oʻsha paytdagi nomi) holatga tezkor munosabat bildirib, haqiqatan ham 30 tup har xil turdagi va diametrdagi daraxtlar noqonuniy ravishda kesib tashlanganligi, buning oqibatida tabiatga 151 million 650 ming soʻm zarar yetkazilganligini maʼlum qildi. Aybdorlarga nisbatan toʻplangan hujjatlar huquqiy baho berish uchun viloyat prokuraturasiga oʻtkazilganligini taʼkidlashdi.
Qarshi shahar hokimligi esa ushbu holat boʻyicha huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan oʻrganish olib borayotganini aytib, kesilgan daraxtlar oʻrniga yangi koʻchatlar ekilayotganini bildirdi.

Albatta, qonunbuzarlarga nisbatan jazo muqarrarligi taʼminlanayotgani, qolaversa, kesilgan daraxtlar oʻrnida yana yangi bogʻ barpo etilishi haqidagi xabarlardan soʻng aholining ham koʻngli taskin topdi. Jamoatchilik orasida alangalagan muhokamalar tindi.
Ana shundan soʻng yana hamma oʻz bilgan ishini qildi. Tadbirkor yangi ekilgan daraxtlar bilan birga, bolalar maydonchasidagi attraksionlarni ham qoʻporib tashlab, oʻrnida qurilish boshladi. Nihoyat bugun bu joyda shu koʻp qavatli uy qad rostladi.
Daraxt kesish, noqonuniy qurilishlarga nisbatan jazolar qatʼiylashtirilmas, hokimiyat nazoratni oʻz qoʻliga ola bilmaskan, yuqoridagi kabi “oʻyin”lar davom etaveradi.
Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Ilm-fan sohasida xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlarga bagʻishlangan anjuman
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Milliy naqshlarda oʻzligimiz namoyon
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring