“Qarshi – Shahrisabz – Kitob” magistral yoʻlining bir qismi 4 tasmagacha kengaytiriladi

15:30 20 Iyun 2025 Siyosat
226 0

Illyustrativ foto

Prezident raisligida oʻtayotgan Qashqadaryo viloyatini kompleks rivojlantirishning ustuvor vazifalariga bagʻishlangan yigʻilishda yoʻl va infratuzilma masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

“Gʻuzor – Buxoro – Nukus – Beyneu” yoʻlining viloyatdan oʻtgan 100 kilometrini rekonstruksiya qilish hisobiga hududning tranzit salohiyatini 3 karra oshirish mumkin. Bu loyihaga Qarshi shahridagi yangi aylanma yoʻlning qolgan 13 kilometri ham qoʻshilsa, aholi eʼtiroziga sabab boʻlayotgan tirbandlik masalasi hal boʻladi. Mutasaddilarga bu borada kelgusi yildan amaliy ishlarni boshlash topshirildi.

Shuningdek, “Qarshi – Shahrisabz – Kitob” magistral yoʻlining 106 kilometrida rekonstruksiyani boshlab, 4 tasmagacha kengaytirish, Qamashi va Yakkabogʻ markazidan aylanib oʻtadigan 34 kilometrli yangi yoʻl qurilishini ham boshlash vazifasi qoʻyildi.

Ushbu 106 kilometr yoʻlning ikki tomoniga kamida 1 millionta daraxt ekib, “yashil belbogʻ” barpo etish zarurligi qayd etildi.

“Toshkent-Termiz” yoʻlining Qashqadaryo hududidan oʻtgan 60 kilometri ham 4 tasmali qilinib, sement-beton qoplamaga oʻtkaziladi. Joriy yilda bu yoʻlning 20 kilometrini qurib bitkazish topshirildi.

Qashqadaryoda 3 ming kilometr tuproq qoplamali yoʻl bor. Mutasaddilar oldiga bu yoʻllarni toʻliq shagʻal qoplamaga oʻtkazishni boshlash vazifasi qoʻyildi. Viloyatdagi 9 ta koʻprikni toʻliq taʼmirlashga topshiriq berildi.

Soʻnggi 8-yilda ajratilgan 1,7 trillion soʻm hisobidan viloyatda markazlashgan suv taʼminoti 32 foizdan 61 foizga chiqdi. Lekin, bu respublikada eng past koʻrsatkich ekani koʻrsatib oʻtildi.

Viloyatda suv va kanalizatsiyani yaxshilashga bu yil 800 milliard soʻm ajratilgan. Mutasaddilarga buning hisobiga 183 kilometr suv va kanalizatsiya tarmogʻi, 8 ta suv inshooti qurilishini yakunlash topshirildi.

Qarshi shahri kanalizatsiya tizimini yaxshilash ishlarini ham shu oyda boshlash shartligi qayd etildi. Bunga xalqaro moliya institutidan 60 million dollar jalb qilingan.

Qarshi shahrida suv taʼminoti 97 foiz boʻlsada, suv olib boradigan 110 kilometrli magistral quvurning yarmidan koʻpi eskirgan, suv yoʻqotish yuqori.

“Shu bois, qanchalik qiyin boʻlmasin, Hisorak suv omboridan Qarshi shahrigacha ichimlik suvi tarmogʻi tortishimiz kerak”, dedi Prezident.

Mutasaddilarga ushbu loyihani amalga oshirish boʻyicha taklif kiritish topshirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?