Qamrov oshdi, lekin sifat boʻyicha qiladigan ishlarimiz koʻp — Shavkat Mirziyoyev

15:15 15 May 2025 Siyosat
185 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Soʻnggi yetti yilda bogʻchalar bilan qamrov 700 mingdan 2,3 millionga yetkazildi. Bugungi kunda Oʻzbekistonda 7 mingta davlat va 31 mingdan ziyod xususiy bogʻchalar faoliyat yuritmoqda. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtayotgan maktab taʼlimi yuzasidan videoselektor yigʻilishida maʼlum qilindi.

“Qamrov oshdi, lekin sifat boʻyicha qiladigan ishlarimiz koʻp. Bogʻchalar nafaqat tarbiya, balki bolada taʼlim olish uchun ilk koʻnikmalarni shakllantiradigan maskanga aylanishi kerak”, dedi Prezident.

Olti yoshli bolalar maktabga tayyorlov guruhlariga deyarli toʻliq qamrab olindi. Keyingi yil bu raqam 100 foizga chiqishi kutilmoqda.

Endilikda joriy yildan ilgʻor xorijiy tajriba asosida maktabga tayyorlov guruhlari va boshlangʻich taʼlim oʻquv dasturlarini oʻzaro uygʻunlashtirish zarurligi taʼkidlandi.

Bunda Singapurning nufuzli tashkiloti bilan bogʻcha bolalarini matematika, tabiiy fanlar va texnologiya yoʻnalishlarida tanqidiy va kreativ fikrlashga oʻrgatadigan dasturlar ishlab chiqiladi.

Davlat va xususiy bogʻcha tarbiyachilarining malakasi, mahorati va psixologik tayyorgarligini oshirish uchun kasbiy sertifikatlash tizimi joriy etiladi.

Yigʻilishda yoshlarning boʻsh vaqtini samarali tashkil qilish masalalari ham koʻrib chiqildi.

Bugungi kunda tumanlarda “Barkamol avlod” maktablari, 14 ta hududda “Yoshlik” sport jamiyati va Respublika oʻquvchi yoshlar markazi bor. Lekin 219 ta “Barkamol avlod” maktabi 350 ming bolani qamrab olgan, xolos.

Endilikda “Barkamol avlod” maktablari, “Yoshlik” sport jamiyati va Oʻquvchi yoshlar markazi yagona tizimga birlashishi belgilandi.

Bu markazlar toʻliq taʼmirdan chiqarilib, zamonaviy, kreativ yoʻnalishlar asosida jihozlanadi. Ularda xorijiy tillarni oʻqitish, sunʼiy intellekt, dasturlash va animatsiya kabi yangi toʻgaraklar ochiladi.

Oʻquvchilar oʻrtasida turizmni rivojlantirish boʻyicha ham yangi tizim boʻladi.

Qoraqalpogʻiston, Xorazm, Samarqand, Buxoro va poytaxtdagi “Barkamol avlod” markazlarida kamida 100 oʻrinli “Bolalar sayyohlik bazasi” tashkil qilinadi.

Mutasaddilarga qiziqarli turizm toʻplamlarini qilib, har yili 1 million oʻquvchini Oʻzbekiston boʻylab sayohatga jalb qilish topshirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?