Qalovini topgan qorni yondiradi

Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Oramizda ibratli hayot tarzi bilan atrofidagilarga namuna boʻlayotgan nuroniy zamondoshlarimiz koʻp. Asaka tumani Qoʻngʻirot mahallasida yashovchi 75 yoshli Anvarjon ota Abdusalimov hovlisidagi 6 sotixdan iborat maydonda issiqxona barpo etib, bodring hosilini yetishtirmoqda.
— Ikki yildirki, issiqxonachilik bilan shugʻullanib kelmoqdaman, — deydi Anvarjon ota. — Yanvarda bulgʻor qalampiri ekkandim. Ayni paytda bodring parvarishlayapman. Hosildorlik ham, daromad ham yuqori. Bodringni ikki kunda bir oʻrtacha 100 kilodan termoqdamiz. Har bir kilosini ulgurji narxda 15 ming soʻmdan sotilmoqda.
Otaxon ekinni tomchilatib sugʻorish orqali oziqlantirganligi bois suvni besh barobarga tejamoqda. Uzumchilikda ham u kishiga teng keladigani yoʻq.
— Uzumni istalgan paytda xuddi shoxidan hozirgina uzib olganday holatda saqlaymiz, — deydi mirishkor otaxon. — Qutiga solingan uzumni sellofan qoplarga solib, ogʻzini mahkam bogʻlaymiz. Shundan keyin chang yutkich orqali ichidagi havoni tortib olamiz. Qarabsizki, hosilning sifatiga gard yuqmaydi.
Jalaquduq tumanidagi Tuyalas MFYda istiqomat qiluvchi Guloyim Abdurahmonova turmush oʻrtogʻi Olimjon Mamashev koʻmagida bundan olti yil avval limonchilikka asos soldi-yu, shundan buyon 5 sotixdan iborat issiqxona uning sevimli manziliga aylandi.
— Limon parvarishtalab oʻsimlik hisoblanadi, — deydi Guloyim ona. — Oʻz vaqtida agrotexnik qoidalariga amalga qilsangiz yil davomida hosil beradi. Parvarishimizdagi 30 tup daraxtning har biridan 100 kilogacha hosil olyapmiz. Shu bilangina kifoyalanib qolmay, kelgusi yildan boshlab kivi yetishtirishni rejalashtirdik.
Xoʻjaobod tumaniga yoʻlingiz tushib 70 yoshli ishbilarmon ayol haqida soʻrasangiz sizni Navoiy nomli mahallaga yoʻnaltirib yuborishadi. Boisi ushbu manzilda yashovchi Dilbarxon opa Malikova issiqxonachilik yoʻnalishidagi faoliyati bilan barchaga maʼlum.
— Tomorqamdagi issiqxonada limon-u kivini, noyob gullarni uchratish mumkin, — deydi Dilbarxon opa. — Shu sohaga qiziqqanim uchun toʻrt yilda hosilga kirishi kerak boʻlgan koʻchatlarni qalamcha qilish orqali ikki yilda hosil olishiga erishyapman. Bundan tashqari, koʻchat yetishtirish bilan ham shugʻullanaman. Poliz ekinlaridan tashqari, siren, kivi, limon koʻchatlarini tayyorlayman.
Ishni yarim metr joydan boshlagan ayolning ayni paytdagi issiqxonasi 6 sotixdan iborat boʻlib, 20 ming tupdan ziyod koʻchatlari mavjud. Bir yilda oʻrtacha 150 million soʻm daromad ishlab topmoqda.
— Har bir sohada ishbilarmon boʻlish kerak, — deydi onaxon. — Oddiy misol, bozordan ikkita tuvakda 170 ming soʻmdan jami 340 ming soʻmga ikki tup archa koʻchatini sotib olganman. Uning har bir yaprogʻidan ildiz ottirish orqali 300 ta koʻchat undirdim. Har biriga 100 ming soʻmdan xaridor bor. Demak, archa koʻchatining oʻzidan 30 mln. soʻm daromad topaman.
Shuncha mehnatni amalga oshirishning oʻzi boʻlmaydi. Shu bois qahramonlarimizning har biri oʻrtacha 10-15 nafar xotin-qizlar bandligini taʼminlagan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Tuman va shahar hokimi oʻrinbosarlari soni qisqartiriladi
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring