Qalʼajiq – sayyohlar uchun jozibador hududga aylandi
Foto: Xalq soʻzi
Manbalarda qadimiy Xorazm hududida, Amudaryoning har ikki sohilida 12 ming qalʼa-qoʻrgʻonlar boʻlganligi yozib qoldirilgan. Shulardan yuzga yaqini hozirgacha saqlanib qolgan boʻlib, bugungi kunda 18 ta tarixiy qalʼa davlat muhofazasiga olingan.
Ana shunday qadimiy qalʼalardan biri — miloddan oldingi 4 asrda barpo etilgan Qalʼajiq qalʼasidir. Bogʻot tumani hududida joylashgan ushbu qalʼa notoʻgʻri toʻrtburchak shakliga ega va umumiy maydoni 6 gektarni tashkil etadi. Qalʼa yonida joylashgan shifobaxsh tuzli koʻl har yili faqat yoz faslida — saraton chillasida 40 kuncha shifo istab kelgan yurtdoshlarimiz bilan gavjumlashadi. Oyoq, qoʻl va bel ogʻrigʻiga chalingan kishilar koʻlning shifobaxsh suvida choʻmilib, qum vannasi qabul qilishadi.
Arxeologik, tibbiy va ekoturizmni rivojlantirish uchun juda qulay sharoit hamda imkoniyatlar boʻlishiga qaramay ushbu tarixiy maskan yillar mobaynida eʼtibordan chetda qolib kelgan edi. Xorazm viloyatining turizm salohiyatini yuksaltirish borasida boshlangan xayrli tashabbuslar tufayli Qalʼajiqda ham qator istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga kirishildi. Natijada oʻtgan ikki yil ichida hudud qiyofasi tubdan oʻzgarib, qalʼa atrofidagi tashlandiq maydon va asriy qumliklar oʻrnida ertakmonand shaharcha paydo boʻldi.
Qalʼa atrofidan ajratib berilgan 153 gektar asriy qumliklar oʻrnida sayohatchilar uchun milliy uslubdagi mehmonxonalar, restoran, oʻtovlar va choʻmilish havzalari qurilib ishga tushirildi. Ayni paytda dam oluvchilar uchun yopiq basseyn, sihatgoh qurilishi davom etmoqda. Shu tariqa bu yerda ekoturizmning qum barxanlari boʻylab tuyada sayr qilish, sunʼiy koʻllarda baliq ovlash kabi turli yoʻnalishlari yoʻlga qoʻyildi.
— Turkiya, Ozarbayjon va boshqa xorijiy davlatlarda xizmat safarlarida boʻlib turizm infrastrukturasini barpo etish borasidagi ilgʻor tajribalarni oʻrganib qaytdik, — deydi tadbirkor Gulshan Otajonova. — Shu asosda Qalʼajiqqa tashrif buyuradigan xorijiy va mahalliy sayyohlarga xizmat koʻrsatish boʻyicha biznes rejamizni ishlab chiqdik. Xivadagi Chodra hovli meʼmoriy obidasi tarxi asosida balandligi 16 metr boʻlgan 4 qavatli bino barpo etildi. Unda muzey, mehmonxona va eng tepasida tevarak atrofni tomosha qilish uchun ochiq ayvon mavjud.
Koʻl atrofida esa sayyohlar dam olishi uchun zamonaviy sovitish va isitish tizimlariga ega 20 tadan ortiq oʻtov tiklandi. Bundan tashqari, barcha qulayliklarga ega 50 oʻrinli mehmonxona, avtomobillar turar joyi, baliq ovi ishqibozlari uchun sunʼiy koʻl sayohatchilar xizmatiga muntazir.
Shuningdek, dam olish maskanida amalga oshirilayotgan boshqa loyihalarda sayyohlarni qum barxanlari yoʻnalishida tuyalarda, otlarda sayr qildirish, zamonaviy qayiqlarda suv havzalari boʻylab sayohatlar oʻrin olgan. Gastronomik turizm bilan bogʻliq yangiliklar ham uzoq yaqindan tashrif buyurgan mehmonlarni befarq qoldirmaydi.
— Dengiz sohillaridagi imkoniyatlari bilan sayyohlarni jalb etadigan mamlakatlarga qish faslida sayohat qilib boʻlmaydi, — deydi latviyalik sayyoh Nauris Yonass. — Oʻzbekistonda esa yilning toʻrt faslida ham tomosha qiladigan va dam oladigan goʻzal maskanlar, betakror tarixiy yodgorliklar bor. Men Qalʼajiq qalʼasida birinchi marta boʻlishim, bu ertaknamo shaharcha menga juda yoqdi. Ayniqsa balandlikdan turib kuzatsangiz bepoyon sahro kengliklari insonga oʻzgacha kayfiyat bagʻishlaydi.
Oʻtgan yili Qalʼajiq qalʼasi yonida moʻjazgina kino shaharchasi ham barpo etildi. Kino shaharchada ilk bor shoir, faylasuf, kuragi yerga tegmagan polvon Pahlavon Mahmud hayoti va ijodiga bagʻishlab “Xiva langari” badiiy filmi suratga olinmoqda.
Maʼlumki, oʻtgan asrning 70-80 yillarida oʻzbek va hind kinoijodkorlari hamkorligida yaratilgan “Ali bobo va qirq qaroqchi”, “Sevgi afsonasi” kabi filmlar oʻzbek kinosining oltin fondidan joy olgan. Ushbu filmlarni tasvirga olishda qatnashgan taniqli hind kinorejissyori Umesh Mehra Qalʼajiq qalʼasi yonida barpo etilgan kino shaharchada boʻlib, ijodiy hamkorlik boʻyicha kelgusi rejalar belgilab olindi.
Ishonamizki, bu maskanda yana koʻplab kinoasarlar suratga olinadi va koʻhna Qalʼajiqning turizm markazlaridan biriga aylanishiga xizmat qiladi.
Odilbek ODAMBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Turkiya sudi Netanyahuni Gʻazoda genotsid sodir etganlikda ayblab, hibsga olish orderini maʼqulladi
- Yosh oʻzbek yozuvchisining asari Xalqaro bolalar adabiyoti kengashining faxriy roʻyxatiga kiritildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring