Qaytim uchun nega tanga oʻrniga gugurt, qurut, saqich berilmoqda?
Foto: “Xalq soʻzi”
Aholi bilan muloqotlar jarayonida naqd pulli hisob-kitoblarni olib boruvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlarda savdo yoki xizmat koʻrsatish amaliyotlari amalga oshirilganda nega sotuvchi xaridordan soʻramay, qoʻliga qaytimni tutqazib qoʻya qolmaydi, degan fikrga koʻp guvoh boʻlamiz.
Bu muammoga yechim topish maqsadida mustaqil ravishda tadqiqotlar ham oʻtkazdim. Dastlab banklarda yetarli miqdorda mayda pullar (tangalar) yetarli miqdorda mavjud emasdir, degan shubha uygʻongandi. Ammo tadqiqotlar natijasida tijorat banklarida mayda pullar (tangalar) yetarli miqdorda bor, lekin sotuvchilar ularni olib, kundalik oldi-sotdi amaliyotlarida foydalanishdan manfaatdor emas, degan xulosaga kelindi.
Agar qaytim berishni boshlasa, ulgurji narxi 100 soʻmdan oladigan gugurtning bir qutisini 500 soʻmdan, arzimagan pulga oladigan qurutni 250-500 soʻmdan (birov astoydil boʻlib xarid qilmaydigan turli saqichlarniku umuman gapirmasayam boʻladi) xaridorga oʻtkazib, yuqori darajadagi foyda koʻrolmay qoladida. Shu oʻrinda, aholi orasida ham “tangani yoʻqotib qoʻyaman, qaytimga biror narsa beraqol”, deydiganlar ham uchrab turadi.
Shu kabi xulosalarni umumlashtirgan holda, tanga pullarni iqtisodiyot tarmoqlarida aylanishini taʼminlash uchun quyidagi takliflarimni bildirmoqchiman:
Birinchidan, iqtisodiyot tarmoqlarida oddiy holga aylangan tovar, ish, xizmatlar kalkulyatsiyasini ishlab chiqish jarayonida narxlar (tariflar)ni yaxlitlash amaliyotini bekor qilish kerak. Anʼanaga koʻra, 50 soʻmgacha boʻlsa, isteʼmolchi foydasi tomonga kamaytirilib, 51 soʻmdan boshlab xoʻjalik yurituvchi subyekt foydasi koʻpaytirib yaxlitlash, degan holat bor. Lekin bugungi kunda ushbu yaxlitlash 100 soʻmgacha emas, balki 500 soʻmgacha va 500 soʻmdan ortiq darajasida hisoblanmoqda. Yoʻl haqi oshdi deyilganda, transport korxonasining yoʻl kirani belgilashiga eʼtibor qaratilsa, ularning fikri faqatgina qaytim qaytarishga qulay boʻlishi yoki umuman qaytarilmasligiga moslanishida boʻladi, nazarimda. Oqibatda 2-3 km joyga qatnaydigan “Damas” haydovchisi yoʻl kirani 1000 soʻmdan 1500 soʻmga emas, balki toʻgʻridan-toʻgʻri 2000 soʻm qilib belgilab qoʻya qoladi.
Aytaylik, hozir eng kichik mayda pul 50 soʻm boʻlsa, oʻshandan ortiq yaxlitlashga yoʻl qoʻyilmasligi lozim. Bu esa tangani muomalaga kirib kelishiga, uni kunlik aylanmada qatnashishiga sharoit yaratadi.
Ikkinchidan, tanlovlar oʻtkazish. Masalan, ushbu tanlovlar OAV vakillari — jurnalistlar oʻrtasida boʻlishi mumkin. Tanlovda milliy pul birligimiz, unga hurmat bilan munosabat, har bir tiyiniga eʼtibor kabi masalalardagi maqolalar qatnashishi mumkin boʻladi.
Uchinchidan, imtiyozlar, tovar (ish, xizmatlar) uchun naqd pulda toʻlanganda muayyan summaning maʼlum qismini (aytaylik 10 foizini) tanga pulda toʻlanganda, chegirma berilishi varianti. Masalan, bugungi kunda jarimalarni 15 kun ichida toʻlanganda qoidabuzarga katta miqdorda chegirma berilmoqda. Shunga oʻxshash mexanizm oʻylab topilishi mumkin.
Toʻrtinchidan, dam olish va koʻngilochar joylardagi avtomatlarni banknotaga (qogʻoz pulga) emas, balki tanga pulga ishlaydigan qilib sozlanishi odamlarni yonida tanga pul olib yurishga oʻrgatib, yaxshi natija berar edi.
Agar yuqoridagi kabi takliflar amaliyotga joriy qilinsa yoki shunga harakat qilib koʻrilsa, balki odamlarimizda tanga pulga boʻlgan hurmat biroz oshib, ularni yana hamyonlarida olib yurishga odatlanar va bu bilan tangalarni “ish bilan taʼminlagan” hamda ularni iqtisodiyot tarmoqlarida keng aylanishiga sharoit yaratgan boʻlar edik, nazarimda.
Taʼkidlash kerakki, bozor iqtisodiyoti sharoitida tadbirkorlik subyektining narx belgilashdagi erkinligini inobatga olib, yuqoridagi takliflarni asosan davlat xizmatlari, davlat idoralari tomonidan narx (tarif) belgilash bilan bogʻliq holatlar, davlatga qarashli yoki uning ulushi mavjud boʻlgan savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarida qoʻllashdan boshlash kerak. Bu tashabbus yaxshi samara berishi esa tadbirkorlik subyektlari tomonidan bunday marketing usullarini tez oʻzlashtirib olib, oʻz bizneslariga joriy qilishlariga sabab boʻladi.
Gʻayrat MAMATQULOV,
Oʻzbekiston Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi Fargʻona viloyat hududiy birlashmasi sektor boshligʻi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida Samarqand maktabining yangi nafasi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring