«Qaytgaymiz bizlarni yoʻqlagan zahot...»

21:31 18 Fevral 2022 Madaniyat
2119 0

Foto: Халқ сўзи

Poytaxtimizdagi “Turon” kutubxonasida taniqli shoir va tarjimon Matnazar Abdulhakim xotirasiga bagʻishlangan adabiy-badiiy kecha boʻlib oʻtdi.

Tadbirda yozuvchi-shoirlar, xonandalar, yosh ijodkorlar, Matnazar Abdulhakim sheʼriyati shaydolari va shogirdlari qatnashdi. Shuningdek, internetdagi ZOOM platformasi orqali mamlakatimizning turli hududlaridan adabiyot ixlosmandlari markaziy studiyaga bogʻlandi.

Tadbirda taʼkidlanganidek, Matnazar Abdulhakim oʻzbek adabiyotini oʻziga xos sheʼrlari bilan boyitgan ijodkordir. Shoirning “Tiniq tonglar”, “Fasllar qoʻshigʻi”, “Qor qoʻshigʻi”, “Yonimdagi daryolar”, “Qorachiqdagi dunyo”, “Bir quchoq gul”, “Oydinlik”, “Soʻnggi yaproq” kabi kitoblari xalqimiz qalbidan chuqur oʻrin egallagan.

— Ijodkorning “Darsdan soʻng” sheʼrini oʻqimagan-bilmagan kishi kam topiladi, — deydi shoir va tarjimon Shuhrat Matkarim. — Uning Shayx Najmiddin Kubro, Shayx Majdiddin Bagʻdodiy, Pahlavon Mahmud, Mirzo Bedil kabi ulugʻ shoirlardan qilgan tarjimalari xalqimiz tilida hikmatlarga aylanib ketgan.

Tadbirda yoshlar tomonidan shoir sheʼrlari oʻqildi. Shogirdlar va zamondosh ijodkorlar iliq xotiralarini soʻzlab berishdi. Matnazar Abdulhakim ijodini kengroq oʻrganish va targʻib qilish boʻyicha fikrlar bildirildi. Qatnashchilarga Matnazar Abdulhakim kitoblari sovgʻa qilindi.

Shoir bugungi kunlarni bashorat qilganday:

Bizlar oʻlmagaymiz. Sizlarning yodlov

Jon baxsh etar hatto marhum jonlarga.

Qaytgaymiz bizlarni yoʻqlagan zahot,

Tirilib muborak xonadonlarga,

deb yozgan edi. Mazkur xotira kechasi ijodkor mudom koʻngillarda yashayotganini yana bir bor namoyon etdi.

Rahmatjon BOBOJONOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?