Qadimiy qoʻlyozmalar qarovsiz qolmasin yoxud Buxorodagi ilmiy markaz kimga keraksiz boʻlib qoldi?

17:55 15 Aprel 2021 Madaniyat
2440 0

Keyingi yillarda buyuk ajdodlarimiz diniy, ilmiy va maʼnaviy merosini chuqur oʻrganish, targʻib etish, yosh avlodni milliy qadriyatlarimiz asosida tarbiyalash borasida katta ishlar amalga oshirildi. Bu xayrli yumushlar izchil davom ettirilmoqda.

Gap madaniy meros haqida borar ekan, qoʻlyozmalarning insoniyat taraqqiyotiga qoʻshgan hissasini alohida eʼtirof etmoq kerak. Zero,har qancha gʻururlansak arziydi: yurtimiz, jumladan, Buxorodan qadimda oʻnlab mirzamunshiylar va sahhoflar yetishib chiqqan, butun boshli xattotlik sanʼati maktablari vujudga kelgan .Agar oʻtmishda barcha asarlar qoʻlyozma holida nusxa koʻchirish yoʻli bilan koʻpaytirilgani inobatga olinsa, bu maktablarning oʻrni va ahamiyati benihoya katta ekanligi ayonlashadi. Binobarin, ajdodlarimizdan meros har bir qoʻlyozmani asrab-avaylash, ularni oʻrganish, kelajak avlodga ziyon – zahmatsiz yetkazish burchimizdir.

— Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasida saqlanayotgan arab yozuvidagi qoʻlyozmalar fondi oʻzining boyligi, asarlarning rang-barangligi va ilmiy qimmati jihatidan noyob sanaladi, — deydi uzoq yillardan buyon Buxoro xattotlik maktabi tarixi va uning madaniy hayotga taʼsiri mavzuida samarali izlanishlar olib borayotgan olim, viloyat xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti oʻqituvchisi Husen Joʻrayev.  — Bu yerga mamlakatimizning turli ilm dargohlaridan olim va tadqiqotchilar kelib, ilmiy izlanishlar olib borishmoqda. Afsuski, hozirgi kunda ushbu qoʻlyozmalarni asrash achinarli ahvolda. 500 – 700-yillik tarixga ega ayrim qoʻlyozmalar qurigan daraxt bargini eslatadi. Maydalanib titiladigan holatga kelib qolgan. Fikrimcha, ularni markaz kutubxonalariga koʻchirish hollariga ham chek qoʻyish zarur. Chunki qoʻlyozmalar olis masofaga tashishga va kitob koʻrgazmalari namoyishiga dosh bermaydigan darajaga kelib qolgan.

Mutaxassisning fikricha, bunga qoʻlyozmalar saqlanadigan fondlarda (bunday fond Abu Ali ibn Sino nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida ham bor) kitob taʼmirlovchi shtatlarining yoʻqligi, malakali kadrlarning kamligi, qadimiy qoʻlyozmalarni risoladagidek saqlash uchun zamonaviy shart- sharoitlarning mavjud emasligi sabab boʻlmoqda. Vaholonki, dunyoda bu borada oʻrgansa arzigulik tajribalar bor. Masalan, jahondagi eng yirik kutubxonalardan sanalgan Rossiya milliy kutubxonasining nodir qoʻlyozmalar fondida butun boshli laboratoriya faoliyat koʻrsatadi.Qoʻlyozmalar holatini yaxshilash, ularni tashqi taʼsirlardan muhofaza qilish ishlarida oddiy taʼmirlovchidan tortib professorlargacha ishtirok etishadi.

— Bizda ham qoʻlyozmalar umrboqiyligini taʼminlash uchun doimiy laboratoriya tashkil qilish, unga mutaxassis olimlarni jalb etish kerak, — davom etadi H. Joʻrayev. — Nodir asar va hujjatlar joylashgan xonalar namlikni meʼyorda saqlab turadigan konditsionerlar bilan jihozlansa, restavratsiya xonalari ajratilsa maqsadga muvofiq boʻladi.

Mazkur yumushlarni amalga oshirish uchun kitobat sanʼati ustalarini, xususan, qogʻozrez, yaʼni qogʻoz quyuvchi, xattot, lavvoh, naqqosh muqovasoz, kitob restavratori, manbashunos mutaxassislarni tayyorlash zarur, albatta.

Oʻrganishlar koʻrsatdiki, masala benihoya dolzarb. Tizimda bir qator muammolar yuzaga kelgan. Masalan, 2017-yilda Buxoro davlat muzey – qoʻriqxonasida arab yozuvidagi qoʻlyozmalarni oʻrganish ilmiy markazida shtatlar qisqartirilgan. Bu ham yetmaganday uning ilmiy maqomi olib tashlangan va muzey tasarrufidagi “Hujjatlar” fondi boʻlimi tarkibiga kiritilgan.

— 1990-yildan to 2017-yilgacha yaʼni yangi shtatlar jadvali chiqquniga qadar ilmiy markazda uch xodim ishlar edi, — deydi muzey-qoʻriqxona ilmiy xodimi Ahtam Ahmedov. — Markazdagi 7000ga yaqin tarixiy yozma manbalarning saqlanishi, umriga umr qoʻshish, ularni oʻrganish borasida maʼlum darajada ishlar olib borilardi. Hozir esa 47000 ta eksponatga ikki nafar xodim jalb qilingan. 2017-yildagi ichki qaror zararga ishlayapti. U xalqimiz boy madaniy merosining ajralmas qismi sanalgan qoʻlyozma kitoblar, tarixiy hujjatlarni qishda namdan saqlash, yozda issiq va quruq havodan asrashga xizmat qilmayapti. Ularga talafot yetsa, nodir kitoblarni qaytadan koʻchirib bera oladigan xattotlarni qaydan topamiz?!

Darhaqiqat, 27 yildan buyon faoliyat koʻrsatib kelayotgan butun boshli qoʻlyozmalar fondi shoshma-shosharlik bilan chiqarilgan birgina ichki buyruq bilan yoʻqqa chiqarilsa bu oʻzimiz soyasidan bahra olib turgan daraxt ildiziga bolta urish bilan barobar emasmi?! Qolaversa, bunday yondashuv davlatimiz rahbarining 2017-yilning 24-mayidagi “Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targʻib qilish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori talablariga zid emasmikan?

— Ilmiy markazning ahamiyati benihoya katta, — deya mulohaza yuritishda davom etadi A. Ahmedov. — U faqat qoʻlyozma kitoblar yoki tarixiy hujjatlarni oʻrganish bilangina cheklanib qolmaydi. Markaz bezak sanʼatining barcha turlari, deylik, tarixiy binolar peshtoqidagi, masjidlar mehrobidagi, qabr toshlaridagi, erkak va ayollarning kiyimlaridagi, chinni va sopol buyumlardagi, misdan ishlangan uy-roʻzgʻor anjomlari, tangalar, yogʻoch darvoza va eshiklardagi epigrafik yozuvlarni, umuman olganda, oʻzbek davlatchiligi tarixini oʻrganib, tadqiq etadi.Markaz boqiy merosni kelajak avlodga beminnat yetkazishga xizmat qiladi.

Masalaning yana bir tomoni bor. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Buxoroda “Mir Arab” oliy madrasasi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Buxoro davlat universitetida “Islom tarixi va manbashunosligi” yoʻnalishida boʻlim taʼsis etildi. Bundan tashqari, matnshunoslik va adabiy manbashunoslik yoʻnalishida tahsil olayotgan bakalavr va magistratura bosqichidagi talabalar bor. Agar Buxorodagi ilmiy markaz faoliyati qayta tiklansa, faoliyati kengaytirilsa biz yuqorida nomini tilga olgan oʻquv dargohlarining tolibi ilmlari, yosh mutaxassislarning bu yerda ilmiy-tadqiqot ishlari olib borishlari uchun juda qulay muhit yuzaga kelgan boʻlur edi. Negaki, Buxoroda arab yozuvidagi nodir qoʻlyozma va toshbosma asarlar juda koʻp. Ular oʻz tadqiqotchilarini kutib turibdi.

Binobarin, Buxorodagi nodir qoʻlyozmalar, kitoblar, tarixiy hujjatlarni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash,oʻrganish, ularning umriga umr qoʻshish bugun har qachongidan koʻra dolzarb boʻlib turibdi.Buni mutasaddilar unutmasliklarini istardik!

Istam IBROHIMOV,
(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?