Putinning mardona nutqi va Xitoyning Afrikadagi “yumshoq siyosati” (+video)

22:33 05 Sentyabr 2024 Dunyo
630 0

Putin Kursk hujumi haqida gapirdi

Ukrainaning Kursk hujumi Donbass yurishini sekinlashtirmadi. Kiyevning ushbu harakati aks taʼsir koʻrsatib, Moskvaga Ukraina sharqidagi yurishini tezlashtirishga imkon bergan. Bu gaplarni Putin Vladivostokdagi Sharqiy iqtisodiy forumida soʻzlagan nutqida aytmoqda. Shuningdek, u Donbassni qoʻlga olish Moskvaning 2022-yilda boshlangan keng koʻlamli urushida asosiy maqsadi ekanligi va Ukrainaning Rossiya chegara mintaqalariga qarshi harakati frontning qolgan qismida oʻz kuchlarini zaiflashtirganini maʼlum qilgan. “Dushmanning maqsadi bizni xavotirga solish edi. Ayniqsa Donbassda bizning hujumimizni toʻxtatish boʻlgan. Bu reja ish berdimi? Yoʻq”, — degan Putin.

Kursk hujumi 6-avgust kuni ikkinchi jahon urushidan beri Rossiya suveren hududiga qilingan eng yirik hujumda minglab ukrainalik askarlar Rossiya chegarasi orqali dronlar, ogʻir qurollar va artilleriya guruhlari bilan hujum qilgan. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Kursk hujumi urushni Rossiyaga koʻchirish, Putinni tinchlikka majburlash va Rossiyaning qoʻshni Sumi mintaqasiga hujumlarini oldini olish uchun bufer zonasini yaratishga urinish ekanligini aytdi.

Ukrainaning yuqori qoʻmondoni general Aleksandr Sirskiyning aytishicha, Kursk hujumining maqsadlaridan biri Rossiya kuchlarini boshqa hududlardan, birinchi navbatda Pokrovsk va Kuraxovo yaqinidagi Sharqiy Ukrainadan chalgʻitish edi. Putin hududdan dushmanni chiqarish Rossiyaning muqaddas burchi ekanligi va vaziyat barqarorlashayotganini aytgan. Kurskdagi hujumlar boshlangan vaqtda kelishuvni rad etgan Rossiya rahbari endi muzokaralarga tayyorligini bildirmoqda. Uning aytishicha, jarayon 2022-yilda Istanbul shahrida erishilgan ikki mamlakat muzokarachilari oʻrtasida bekor qilingan bitimga asoslanishi kerak. Putinga koʻra, oʻsha yilgi kelishuvdan Ukraina mamnun boʻlganligi faqat bunday qilmaslik buyrugʻi boʻlganidan keyin kelishuv oxiriga yetmagan. Chunki buni AQSH, Yevropa elitalari va baʼzi Yevropa davlatlari Rossiyaning strategik magʻlubiyatiga erishmoqchi ekanligini iddao qilgan.

Ukraina yil oxirigacha dosh bera olmasligi mumkin

Ukraina Qurolli Kuchlari oʻta ogʻir vaziyatda va 2024-yil oxirigacha omon qolishi dargumon. Ushbu fikrlarni AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi sobiq tahlilchisi Larri Jonson aytib oʻtdi.

Shu oʻrinda uning qoʻshimcha qilishicha, Ukraina Qurolli Kuchlari frontdagi vaziyatni oʻzgartirish imkoniyatiga ega emas.

Jonsonning aytishicha, Ukraina armiyasining yoʻqotishlari halokatli va uning imkoniyatlari barcha yoʻnalishlarda Rossiya armiyasidan pastroq.

“Ukraina Qurolli Kuchlari yil oxirigacha kurasha olishiga mening ishonchim komil emas, chunki hamma narsa juda tez sodir boʻlmoqda”, deydi ekspert.

Avvalroq, Larri Jonson Ukraina armiyasida tajribali jangchilar yetishmayotganini aytgandi. Uning soʻzlariga koʻra, hozir Ukraina Qurol Kuchlariga nima qilishni bilmaydigan odamlar safarbar qilinyapti.

Xitoy Afrikada taʼsirini oshirmoqda

Xitoy raisi Si Szinpin Xitoy-Afrika hamkorlik forumida Afrika uchun kamida 1 millionta ish oʻrni yaratishga vaʼda berdi. Rais Afrika mamlakatlariga yangi moliyalashtirish dasturida 51 milliard dollar ajratishni, shu jumladan, kreditlar va turli xil yordam turlarini taqdim etishini va qitʼa boʻylab bir qancha infratuzilma loyihalarini qoʻllab-quvvatlashini aytdi.

“Biz birgalikda yoʻllar, temir yoʻllar, maktablar, kasalxonalar, sanoat markazlari va maxsus iqtisodiy zonalarni qurdik. Ushbu loyihalar koʻplab odamlarning hayoti va taqdirini oʻzgartirdi”, — degan Si. Shuningdek, u Xitoy va Afrika xalqi yangi hamda katta ishlarni amalga oshirishi, Global Janubni modernizatsiya qilishga rahbarlik qilishi mumkinligini aytgan.

Pekin Afrikadagi taʼsirini Gʻarb davlatlari, shu jumladan, AQSH bilan tobora kuchayib borayotgan iqtisodiy va diplomatik kelishmovchiliklar sharoitida kengaytirishga intilmoqda. Xitoy Afrikaning eng yirik savdo hamkori boʻlib, qitʼa eksportining deyarli toʻrtdan bir qismi boʻlgan minerallar, yoqilgʻi va metallar ushbu davlat hisobiga toʻgʻri keladi. Pekin 2006-2021-yillar oraligʻida Afrika davlatlariga 191 milliard dollarlik sarmoya kiritgan va qitʼaning eng yirik qarz beruvchisi hisoblanadi.

Uch kunlik sammit arafasida Afrika rahbarlari infratuzilma, qishloq xoʻjaligi, togʻ-kon va energetika boʻyicha hamkorlik bilan bogʻliq koʻplab bitimlarni eʼlon qilishdi. Boshqa kelishuvlar qatorida Keniya Prezidenti Uilyam Ruto poytaxt Nayrobi va Mombasa oʻrtasidagi temir yoʻlni va Sharqiy Afrika mamlakatining gʻarbidagi avtomagistralni kengaytirish boʻyicha hamkorlik qilish rejalarini eʼlon qildi.

Isroil Gʻazoni tark etishi uchun bitta shart bajarilishi kerak

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu Misr bilan Gʻazo oʻrtasidagi chegara yoʻlagi toʻliq yopilmasa, mamlakat Falastinda doimiy oʻt ochishni toʻxtatishga rozi boʻlmasligini bildirdi. Bu haqda “Reuters” nashri xabar berdi.

Yahud davlati bosh vazirining taʼkidlashicha, Isroil Misr va Falastin oʻrtasidagi Filadelfiya yoʻlagi HAMAS tomonidan qurol va materiallar kontrabandasida foydalanilmasligini gumon qilmoqda. Netanyahu Quddusdagi matbuot anjumani chogʻida “Bu sodir boʻlmaguncha, biz shu yerdamiz”, degan.

Gʻazo sektori janubida joylashgan Filadelfiya yoʻlagi janglarni toʻxtatish boʻyicha kelishuvga erishishda asosiy toʻsiq sifatida koʻrilayotgani aslida muammoning ildizi emas. Netanyahu hududdan chiqib ketishni rad etib, kelgusi hujumlarni rejalashtirishda foydalanish uchun nazoratni olishga intilayotgan boʻlishi mumkin.

Netanyahu urushdan keyingi har qanday kelishuv HAMASning jismoniy tugallash bilan yakunlanishini istaydi. Tel-Aviv muqobil variantlarga ochiqligini bildirmoqda, ammo har qanday tashqi kuch hududni toʻliq nazorat qila olishiga shubhasini ochiqlagan. Bosh vazirning bunday pozitsiyasi baʼzi Isroil rasmiylari tomonidan ham tanqidga uchradi.

Tanqidchilarning taʼkidlashicha, Isroil doimiy bu hududda boʻlishni istashi ushbu muhim savdo yoʻlagini boshqarishga intilishi bilan bogʻliq. Bu hududning nazoratga oʻtishi Isroilga Gʻazodagi qochqinlarga insonparvarlik yordamlarini ham toʻsib qoʻyishi mumkin.

Baʼzi yahudiy siyosatchilari Netanyahuning ushbu pozitsiyasi mojaroni choʻzish va isroillik garovga olinganlarning xavfsizligini xavf ostiga qoʻyishiga ishonadi. Bosh vazirning fikricha esa, Filadelfiya koridori HAMASning kuchlarini qayta taʼminlash va kuchaytirishda asosiy rol oʻynaydi. Isroil kelajak uchun aniq kafolatlar olmaguncha, Netanyahu Isroil qoʻshinlari qolishini aniq aytgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?